
Joriy yilning 21-fevral kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida institut rahbariyati, dekan va dekan o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishi davomida institutda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar, yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirish va ilmiy tadqiqotga jalb etish, innovatsion hamkorliklarni kengaytirish kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi. Davlat ta’lim standartlariga to‘liq javob beradigan, xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarining mazmuni bilan tenglasha oladigan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda ushbu dasturlar asosida yangi avlod darsliklarini, o‘quv-metodik majmualarni yaratish ishlarini o‘z vaqtida ta’minlash kerakligi aytildi. Ilmiy tadqiqot ishlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida erishilayotgan natijalar, yoshlar tashabbuslarini aniqlash, ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalarni rivojlantirish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida fikr bildirildi. Ta’lim berish samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan xalqaro tajribalar e’tirof etildi.
– О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida talaba-yoshlarning puxta ilm olishi, o‘z iste’dodi va bilimlarini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, – dedi institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldashev. – Bu oliy ta’lim dargohining asosiy maqsadi o‘z sohasining malakali kadrlarini tayyorlash, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berish va ularning iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir. Institutning rahbar kadrlari, mas’ullari vatan oldidagi burchini dildan his qilib, kasbiga fidoyilik kо‘rsatgan holda har bir talabaga о‘z farzandidek munosabatda bо‘lishi, ularga mehr kо‘rsatishi, har tomonlama qо‘llab-quvvatlashi kerak. Ularning bilimi, iqtidori, iste’dodiga jiddiy ahamiyat qaratgan holda turli tanlov va olimpiadalarda munosib ishtirok etishiga ko‘maklashish lozim. Chunki bugungi yoshlar yurtimiz ravnaqi, institut kelajagi yo‘lidagi ezgu ishlarda o‘zlarining munosib hissasini qo‘shadi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda mahalla o‘zini o‘zi boshqarishning muhim institut sifatida jamiyatimizdan mustahkam o‘rin egallamoqda, – dedi professor Ibrohim Yо‘ldashev. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga asosan har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. Yetakchilar o‘ziga biriktirilgan mahallalarda faoliyatini madaniyat va san’atni targ‘ib qiladi, sog‘lom turmush tarzini va sportni ommalashtiradi, ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qiladi. Ko‘lamining kengligi hamda ahamiyati jihatidan muhim bo‘lgan ushbu tadbirlarda institut vakillari ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishlari kerak. Shuni mamnuyat bilan aytish lozimki, 2021-yilning 19-oktabr kuni davlatimiz rahbari Toshkent shahri aholisi bilan bo‘lgan uchrashuvda Madaniyat vazirligi tizimidagi oliy о‘quv yurtlari tomonidan poytaxtimiz mahallalarida duv-duv gap bo‘ladigan, aholi o‘rtasida butunlay yangicha formatdagi madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tizimli tashkil etish borasida o‘z fikrlarini aytgan edi. Ushbu topshiriq O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati, professor o‘qituvchilar, sohaga aloqador mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan muloqotlar jarayonida atroflicha ko‘rib chiqilib, keng muhokama qilindi. Qatnashchilarning bildirgan kreativ fikrlari asosida ushbu tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha alohida konsepsiya ishlab chiqildi. Unga asosan, o‘tgan yilning noyabr, dekabr oylari davomida poytaxtimizdagi 70 ta mahallada О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-о‘qituvchilari, ushbu dargohda faoliyat olib borayotgan “О‘zbekiston xalq artisti”, “О‘zbekiston xalq hofizi”, “О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist” faxriy unvonlari sohiblari, iqtidorli talabalari ishtirokida “Mahallada duv-duv gap” konsert dasturlari tashkil etildi.
Majlis davomida odob-axloq qoidalari, ichki-tartib intizom, Talabalar turar joylarini yangi jihozlar bilan ta’minlash ishlari haqida fikr bildirildi. Tyutorlarning asosiy vazifalari xususida fikr yuritildi. Ular institut va talabalar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, talabalarga uslubiy, ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatish va talabalarda tanlagan kasbiga muhabbatni oshirishga harakat qilishi kerak. Shu bilan birga, ular yigit-qizlarning dars mashg‘ulotlarini muntazam tahlil qilib borishi lozim. Ularning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini taʼminlaydi hamda ijtimoiy ahvolidan doimiy xabardor bo‘lib turadi. Har bir tyutor talabalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi, ularning ta’lim olishi, ilm bilan shug‘ullanishi, yashashi va dam olishi uchun sharoitlar yaratishga ko‘maklashadi.
Yigit-qizlarning o‘quv intizomini mustahkamlash, ularda ijodiy fikrlash, halollik, to‘g‘ri so‘zlik kabi xislatlarni shakllantirish borasida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yadi. Iqtidorli, iste’dodli talabalarni aniqlab, ularning turli tanlov va olimpiadalarda munosib ishtirok etishini ta’minlaydi.
Ushbu yig‘ilishda barcha ishtirokchilar o‘zlari uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘ldi va kerakli xulosalar chiqarib, kelgusidagi istiqbolli rejalarini belgilab oldi.