
О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Kengashining 11-sonli yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda institut rahbariyati, kengash a’zolari, professor-о‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar, tajribali olimlar, amaliyotchilar, tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Dastavval, institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldoshev tomonidan Prezidentimizning Nukus shahriga tashrifi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvi xususida aytib o‘tildi. Qayd etildiki, Prezidentimiz barcha yurtdoshlarimizni hamjihatlik va birdamlikka, oqilona ish ko‘rishga, turli g‘arazli chaqiriq va harakatlarga berilmaslikka da’vat etdi. Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, jamoatchilik vakillari so‘zga chiqib, xalqimizning og‘izbirchiligini qo‘llab-quvvatladi.
Kengash a’zolari ta’kidlaganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlash, jamiyatimizda turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat muhitini asrash, milliy madaniyatlar, urf-odat va an’analarning o‘ziga xosligini saqlash, rivojlantirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lida juda samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xalqimizni rozi qilish yo‘lida ijtimoiy iqtisodiy sohalarda olib borilgan islohotlar samarasini poytaxtimiz Toshkent shahridan boshlab, barcha viloyat, tuman, shahar qishloq va uzoq ovullarida ham ko‘rishimiz mumkin. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan yangilanishlarni, bunyodkorlik ishlarini mamnuniyat hamda faxr bilan e’tirof etish joizdir. Birgina Mo‘ynoq tumani haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, “Mo‘ynoq porloq tekstil”, “Mo‘ynoq akva sanoat” korxonalarining ishga tushishi, madaniyat saroyining ta’mirlanib, zamonaviy qiyofa kasb etgani, futbol stadioni, Ochiq teatr, “Orol dengizi tarixi” muzeyi, davlat xizmatlari agentligi tuman bo‘limining yangi binosi, ko‘p qavatli turar joylarning foydanishga topshirilgani yurtimizning har fuqarosi qalbida faxr-iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi.
– Shu o‘rinda aytish lozimki, Prezidentimizning taklifi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Orol bо‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish tо‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya qabul qilingan, – dedi professor I.Yо‘ldashev. – Unda endi Orolbо‘yi muammolari faqatgina О‘zbekiston yoki Qozog‘istonning muammolari bо‘lib qolmasdan, balki jahon ahlini tashvishga, xavotirga solib turgan muammoga aylangani rasman tasdiqlangani, qolaversa, bu global masalada hamjihatlik nihoyatda zarur ekani alohida ta’kidlangan edi. Yana bir e’tiborli jihati, Orolbо‘yi mintaqasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” maqomi taqdim etilgan birinchi mintaqa bо‘ldi. Qarangki, Orol muammosi bir yoki ikkita mintaqa ahlini emas, aksincha, butun insoniyatni tashvishga solayotgan bir paytda biz – shu zaminda tug‘ilgan, taqdirimiz bog‘langan hudud boshidan kechayotgan kо‘rgiliklarga tomoshabin bо‘lib qarab tursak, insofdan bо‘larmidi?! Navoiy bobomiz yozganlaridek:
Odamiy ersang demagil odami,
Oniki, yо‘q xalq g‘amidin g‘ami.
Navoiy hazratlari demoqchilarki, kimning xalq g‘amidan g‘ami bо‘lmasa, haqiqiy odam bо‘lsang, uni odam dema. О‘ylaylik, tafakkur qilaylik azizlar. El-ulus dardi bilan yashash, odamlarni rozi qilish, ularning mushkulini yechish, rahbarlarning xalq ichiga kirib, dardlariga malham bо‘lmog‘i, hamma hammasi bugungi siyosiy-ijtimoiy jarayonlar bilan chambarchas bog‘ liqligi isboti, desak, mubolag‘a bо‘lmaydi. 2018-yilda О‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutining Qо‘qon shahridagi Farg‘ona mintaqaviy filiali professor-о‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari tomonidan Orolbо‘yi hududi, aniqrog‘i, Mо‘ynoq tumanida bog‘ yaratishi rejalashtirildi. Vodiy sharoitida kо‘kartirilgan qaysi bir daraxt nihollari Mо‘ynoq sharoitida o‘sishi mumkinligi borasida ancha mulohaza yuritildi. Mо‘ynoq ob-havosida Qо‘qondan olib borilgan о‘rik, shaftoli, olcha, olma, behi kо‘chatlari u joy iqlimiga mos bо‘lgan Kaliforniya teragi singari rivojlana olarmikan? Suv masalasi nima bо‘ladi? Xullas, savollar, yechimini kutayotgan muammolar kо‘p edi.
Nihoyat institutimizning Qо‘qon va Nukus shaharlaridagi filiallari direktorlari bilan suhbatlashib, Mо‘ynoqda institut tashabbusi bilan bog‘ yaratishga qaror qildik. Qо‘qonda bu umidbaxsh tashabbus qо‘llab-quvvatlanib, kо‘chat yig‘ishga kirishildi. Fevralning oxirlariga qadar yuz ming tup mevali daraxt kо‘chatlari hamda tez о‘suvchi Kaliforniya teragi qalamchalari tо‘plandi. Bu ishda jamoamiz bilan birga qо‘qonlik saxovatpesha tadbirkorlar yaqindan kо‘mak berishdi. Yuk og‘ir, uni olib borish uchun esa katta mashina kerak edi. Masofa 1500 km.dan olis bо‘lib, har qanday haydovchi rozi bо‘lavermasdi. Shunda Xorazm tomonlardan Qо‘qonga guruch olib keladigan yuk mashinalarini kutdik. Nukusda kо‘chatlarni institutimizning Nukus filiali direktori shogirdlari bilan kutib olib, zudlik bilan Mо‘ynoqqa jо‘natdi. Shunda yana bir muammo chiqdi: bu yerda hanuz yerlar muzdan erimagandi-da. Oxiri tuman hokimi bilan telefonda gaplashib, yer kavlaydigan traktor topishda yordam sо‘radim. Katta chuqur qazilib, kо‘chatlar kо‘mib qо‘yildi. Aks holda, sovuq ta’sirida bizning butun mehnatimiz zoye ketar edi. Mart oyi о‘rtasida kо‘chat ekish ishlari boshlanib ketdi. Bir kuni tuman hokimi “boqqa qanday nom beramiz”, deb sо‘rab qoldi. “San’at bog‘i” yoki “Madaniyat bog‘i”, desak bо‘larmikan, deb javob bersam, bu kо‘chatlar juda olisdan – vodiyning sо‘lim Qо‘qonidan keltirilgani uchun “Qо‘qon bog‘i” deb nom qо‘ysak, degan taklifni aytdi. О‘shanda kо‘ngildan yana bir yorug‘ niyatlar kechdi, shoyadki, kelgusida “Qо‘qon bog‘i” atrofida boshqa hududlarimiz nomlarida ham gо‘zal bog‘lar barpo etilsa! Albatta, birinchi yil ancha qiyin kechdi. Men Nukus filialimiz direktori bilan doimo bog‘lanib, kо‘chatlarimiz ahvolini sо‘rab turdim. Birinchi yili kо‘chatlarning 70–80 foizi tutib ketdi. Ne-ne umidlar bilan ekilgan kо‘chatlarning barq urib rivojlanishida institutimizning Nukus filiali jamoasining fidoyiligi haqida alohida tо‘xtalmoq joiz.
O‘tgan yilning iyun oyida institutning yoshlar bilan ishlash bо‘yicha prorektori Eldor Shermanov hamrohligida Nukus filialimiz, Mо‘ynoqda bо‘ldik. Xayriyatki, kо‘z oldimda, yam-yashil bо‘lib turgan mevazorni kо‘rdim. О‘rik va olcha daraxtlari uch-tо‘rt metr bо‘y chо‘zib, nishona hosil tugibdi. Shaftoli, olma, behi daraxtlari kelgusi yildan mevaga kirishga shay. Daraxtlar orasiga ekilgan beda bel barobar bо‘lib, daraxtlarni suvsiz qolmasligi uchun nam saqlashga xizmat qilmoqda. Xushmanzara Qо‘qon bog‘lariga kirib qolgandek sevindim, о‘rik mevalaridan uch-tо‘rt donasini olib, atrofi mdagilarga kо‘z-kо‘z qildim. Kо‘zimdan
sevinch yoshlari oqdi. “Qarang, qanday ajoyib bog‘ bо‘libdi! Demak, Mо‘ynoqda ham mevazor yaratish mumkin ekan-ku! Hech kim ishonmagan edi. Biz yaratdik!” deb hayqirgim keldi. О‘sha pallada mendan baxtli inson yо‘q edi. Bog‘ni kezar ekanman, suvsiragan daraxtlarni kо‘rib, qanday qilib suv keltirishni о‘ylayman. Kaliforniya teraklari ham avj olib, kо‘kka bо‘y chо‘zmoqda. Bu dunyoda bundan ham ortiq rohatbaxsh tuyg‘u bormi?! Yaratgandan sо‘raylik, hammamizning ortimizdan ana shunday gullab turgan bog‘lar qolsin!
Majlis davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda institut Kengashi qarorlarining bajarilishi, institutda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama markazida bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-60-sonli hamda “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-61-sonli qarorlarining mazmun-mohiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, institut o‘quv jarayonlari samaradorligini oshirish maqsadida yangi, interfaol pedagogik texnologiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlari, monografiya, ilmiy ishlanmalarni nashrga tavsiya qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
Ta’kidlandiki, mamlakatimizdagi barcha sohalarda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy sohaning asosi hisoblangan ta’lim tizimidagi o‘zgarishlardan har qancha faxrlansak arziydi. E’tirof etish kerakki, so‘nggi yillarda ta’lim tizimining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo‘yicha juda muhim vazifalar bajarilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish hamda fan, ta’lim va ishlab chiqarishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Shunigdek, ilmiy tadqiqot ishlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida erishilayotgan natijalar, yoshlar tashabbuslarini aniqlash, talabalar, doktorantlar, yosh olimlarning ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalarini rivojlantirish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida fikr bildirildi.
Davlat ta’lim standartlariga to‘liq javob beradigan, xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarining mazmuni bilan ham tenglasha oladigan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda ushbu dasturlar asosida yangi avlod darsliklarini, o‘quv-metodik majmualarni yaratish ishlarini o‘z vaqtida ta’minlash kerakligi aytildi.
Professor-o‘qituvchilarining Scopus va Sciense Direct xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasidan foydalanishi va impakt-faktorga ega jurnallarda ilmiy maqolalar chop ettirishi, institutda chet tillarini o‘qitishning sifatini yanada takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Kengashda Oybek Do‘stmuhammedovga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini tasdiqlovchi diplom, Baxtiyor Yoqubovga esa dotsent unvoni berildi. Kengash a’zolari institut ilmiy salohiyatini oshirishga hissa qo‘shayotgan xodimlarning kelgusi ilmiy faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilashdi.
– Ustoz va murabbiylar ertangi kun egalari bo‘lgan yosh avlod ongu shuuriga yuksak vatanparvarlik va milliy g‘urur tuyg‘ularini singdiradigan, hayot so‘qmoqlarida dadil odimlashlariga yordam beradigan insonlardir, – dedi professor Ibrohim Yо‘ldoshev. – Shunday ekan, institut pedagogik jamoa a’zolari o‘z kasblariga nisbatan fidoyilik xislatini yanada oshirishga intilishlari shart. Bugungi jadal rivojlanib borayotgan global davrda, har bir pedagog xodim yoshlarning intilishlarini, iqtidorlarini qo‘llab-quvvatlash borasida yanada samarali ishlarni bajarish lozim.
Qolaversa, yig‘ilish davomida ta’lim dargohining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ta’lim jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladigan yanada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘quv jarayonlariga tadbiq etish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida to‘xtalib o‘tildi. Bahs-munozaralarga boy bo‘lgan qizg‘in muhokamada ishtirokchilar tomonidan darsliklarni metodik jihatdan yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar berildi.
Ushbu yig‘ilishda barcha ishtirokchilar o‘zlari uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘ldi va kerakli xulosalar chiqarib, kelgusidagi istiqbolli rejalarini belgilab oldi.