
Joriy yilning 12-fevral kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bо‘yicha prorektori Sobir Jumayev hamda ushbu ta’lim dargohida faoliyat olib borayotgan yosh pedagoglar va doktorantlar o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazidi.
Unda institut ilmiy salohiyatini oshirish va yoshlarning ilmiy tadqiqotga jalb etish, innovatsion hamkorliklarni kengaytirishga doir eng dolzarb masalalar muhokama qilindi, bajarilishi zarur bo‘lgan vazifalar tahlil etildi.
– Institut ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash salmog‘ini oshirish, tadqiqotchilarning o‘z iste’dodi va bilimlarini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, – dedi S. Jumayev. – Bundan o‘z o‘rnida hamda juda unumli foydalanish darkor. Doktorantlarning, mustaqil izlnuvchilikka qabul qilingan doktorant izlanuvchilarning muvaffaqiyatlarga erishishida va institut ilmiy salohiyati reytingini yildan yilga ortib borishida fidoyi ustozlarning mehnati beqiyos ahamiyatga ega bo‘lishi kerak. Bu albatta, taʼlim sifati va taraqqiyotiga katta taʼsir ko‘rsatadi. Bu oliy ta’lim dargohining maqsadi o‘z sohasining malakali kadrlarini tayyorlash, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berish va ularning iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir. Bugungi yoshlar yurtimiz ravnaqi, institut kelajagi yo‘lidagi ezgu ishlarda o‘zlarining munosib hissasini qo‘shadi. Chunki ular bu dargohda ko‘plab mehrli ustozlardan ilm yo‘lidagi mashaqqatli mehnat sirlaridan bahramand bo‘lgan.
Yig‘ilish davomida mamlakatimizda oliy ta’lim sifatini tubdan yaxshilash yo‘nalishida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalarni rivojlantirish borasida bajarilayotgan muhim ishlar haqida aytib o‘tildi. Mehnatkash, fidoyi ustozlaridan ibrat olib, soha sirlarini o‘rganib, pedagogika sohasiga kirib kelayotgan yoshlar ilmiy izlanishlarini davom ettirib, mamlakatimiz ilmiy salohiyatiga katta hissa qо‘shishga chaqirildi.
Shuningdek, davlat ta’lim standartlariga to‘liq javob beradigan, xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarining mazmuni bilan tenglasha oladigan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda ushbu dasturlar asosida yangi avlod darsliklarini, o‘quv-metodik majmualarni yaratish ishlarini o‘z vaqtida ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Bu ishlarda mas’uliyat bilan yondashish kerakligi tushuntirildi. Jahon ilmiy-ta’limiy manbalari va yuqori reytingda turgan ilmiy jurnallarda maqolalar nashr etish imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Qayd etildiki, O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish hamda fan, ta’lim va ishlab chiqarishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlandiki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli ta’lim sohasidagi islohotlarning samarali bo‘lishi ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarning salohiyatiga bog‘liq.
Ushbu yig‘ilishda barcha ishtirokchilar o‘zlari uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘ldi va kerakli xulosalar chiqarib, kelgusidagi istiqbolli rejalarini belgilab oldi.