
Joriy yilning 30-mart kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bayramona bezatildi.
Erta tongdan karnay-surnay sadolari yangrab, kishilarni bayram sayliga chorladi. Ezgulik, muhabbat, xayr-saxovat, muruvvat, yangilanish va yasharish ayyomi qalblarga surur, olam-olam quvonch va yangi-yangi orzu-havaslar baxsh etadigan, xalqimizga xos qadimiy qadriyat hisoblangan “Navro‘z” umumxalq bayrami O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ham juda ajoyib tarzda o‘tkazildi.
Institut o‘quv binolari Navro‘zga monand bezatilib, fakultet kafedralari tomonidan bayram dasturxonlari turli xil taomlar, pishiriqlar va shirinliklar bilan yasaldi. “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Sportning bir nechta turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.
Ushbu bayram sayli Toshkent harbiy okrugi harbiylarining chiqishlari bilan boshlandi. Institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yo‘ldoshev so‘z olib, barchani Navro‘zi olam bilan qutladi. Keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, aholi farovonligi yo‘lida olib borilayotgan islohotlarni eʼtirof etdi. Milliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan “Navro‘z” bayramining qadimdan nishonlanishining tarixi, bu bayram qut-baraka, mehr-oqibat, bunyodkorlik va hamjihatlik timsoli ekanligi xususida muhim fikrlarni bildirdi.
– Shu kunlarda atrofda yangilanish, yasharish fasli boshlanib, insoniyatga ezgu qadriyatlar ulashuvchi, odamlarni birdamlikka da’vat etuvchi, boy madaniy merosimizning ajralmas qismi sifatida e’tirof etilgan Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatimizning har bir hududida, tashkilot va muassasalarda, ta’lim dargohlarida yuqori saviyada o‘tkazilmoqda, – dedi I. Yo‘ldoshev. – Xalqimizning aziz va ezgu bayramlaridan biri sifatida qalblarimiz va ongu-shuurimizdan mustahkam o‘rin olgan Navro‘z milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarannum etiladigan bayramdir. Xalqimiz uchun sharqona yangi yil – Navro‘z ayyomi bilan yana bir bor samimiy muborakbod etaman. Ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.
Shu o‘rinda aytish lozimki, mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarildi. Ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirildi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ijodkor ziyolilarimiz har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, ularga ehtirom ko‘rsatilmoqda. Jahon miqyosidagi ilg‘or tajribalar asosida zamonaviy madaniyat hamda san’at muassasalari barpo etilmoqda. Yangi taraqqiyot bosqichini bosayotgan mamlakatimizda ta’lim sohasida ham katta qadamlar tashlanmoqda. Mamlakatimiz taʼlim tizimidagi samarali islohotlar, yuksak o‘zgarishlar, yangiliklar O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti faoliyatida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ta’lim dargohimizda iqtidorli talabalarni ilmiy izlanish va ijodiy muhitga kirib kelishlari ularni Davlat stipendiyalari hamda talabalar Respublika fan olimpiadalari, turli tanlovlar, Davlat dasturi asosida bajarilayotgan ilmiy loyihalarga jalb etish hamda ilmiy tadqiqot ishlari olib borish, konferensiya va seminarlarga jalb qilish, shuningdek, ilmiy va ommaviy nashrlarda maqola, hikoya va she’rlarini chop etishlari va mustaqil ijodiy izlanishlar olib borishlariga alohida e’tibor qaratilgan. “Eng faol kutobxon” tadbiri, “Kitob bilan kelajak sari!” shiori ostida “Kitob о‘qishga keling bir finjom bepul qahva iching!” mega aksiyasi ham amalga oshirilmoqda.
Darvoqe, shuni ham mamnuniyat bilan qayd etish joizki, 2021-yilning 8-noyabrdan boshlab, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan poytaxtimiz mahallalarida “Mahallada duv-duv gap” shiori ostida tizimli ravishda madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazishga kirishdi. Ayni paytga qadar poytaxtimizdagi 98 ta mahalla hududida tadbirlar tashkil etildi.
Mazkur konsert dasturlarida O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining milliy qo‘shiqchilik kafedrasi dotsenti, professor Аhmadjon Dadayev badiiy rahbarligi ostida faoliyat ko‘rsatayotgan “Sayqal”, О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi dotsenti, О‘zbekiston Respublikasida xizmat kо‘rsatgan artist Komiljon Shermatov badiiy rahbarligidagi “Sado” hamda О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Folklor va etnografiya” kafedrasi qoshidagi, Oybek Hamroyev badiy rahbarligidagi “E’zoz” folklor-etnografik ansambllari vakillari, O‘zbekiston xalq artisti professor Xayrulla Lutfullayev, O‘zbekiston xalq hofizlari Orolmirza Safarov, Beknazar Do‘stmuhammedov, Soyib Niyazov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Аzamat Sharipov, Rustam Abdullayevlar juda faol ishtirok etishmoqda. Ularga butun institut jamoasi nomidan cheksiz minnatdorchilik bildirmoqchiman.
Hurmatli professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda mehmonlar! Sizlarni quvonch va shodlik tark etmasin! Oilangizga baxtu saodat, xonadonlaringizdan tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka arimasin! Navro‘zi olam yurtimizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, qut-baraka olib kelsin! Har bir oila, har bir xonadonda yaxshi kunlar, to‘y-tomoshalar ko‘p bo‘lsin!
Bayram tabrigi barchaga birdek manzur bo‘ldi. Shundan so‘ng О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-о‘qituvchilari, ushbu dargohda faoliyat olib borayotgan “О‘zbekiston xalq artisti”, “О‘zbekiston xalq hofizi”, “О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist” faxriy unvonlari sohiblari, iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan chiqishlar hamda kuy-qо‘shiqlar yig‘ilganlarga namoyish etildi va yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Xonanda-yu, sozandalarning har bir chiqishlari gulduros qarsaklar ostida qо‘llab turildi. Institut talabalarining orombaxsh qо‘shiqlarga hamohang tarzda ijro qilingan gо‘zal raqslari esa barchani davraga chorladi. Bayramni madh etuvchi sarrin kuy og‘ushida kishi ko‘z o‘ngida bahorning ajib manzaralari, yam-yashil qir-adirlar, gullarga burkangan vodiylar, bog‘-rog‘lar namoyon bo‘ldi. “Oq terakmi, ko‘k terak?” o‘yinlari, Navro‘z sayli qatnashchilarini xushnud etdi.
Institutda “Navro‘z” umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy komissiya a’zolari, professor-o‘qituvchilar hamda tashrif buyurgan mehmonlar e’tiboriga milliy taomlarimiz ko‘rgazmasi taqdim etildi. Noz-ne’matlarga to‘lib toshgan dasturxonda milliy taomlar, ko‘k somsa, chuchvara, halim, sumalak, shirmoy non va shirinliklar tortiq etildi.
Laparlar, qo‘shiqlar, xalq termalari, taqlid ustalarining chiqishlar, ertamizning egalari bo‘lgan talaba-yoshlarning ijrosidagi ona Vatanni, ko‘klamni, baxtiyor bolalikni madh etuvchi jarangdor kuy-qo‘shiqlar, jozibador raqslar barchaga zavq-shavq ulashdi. Musiqa og‘ushida jonlanayotgan turfa gullar, quyoshning zarrin nurlarida jilolanayotgan kamalakrang bahor chechaklari barchaga yangilanish ayyomi shukuhini baxshida etdi. Yurtimiz tinchligi va farovonligi uchun kishilar qalbida shukronalik tuyg‘ulari jo‘sh urdi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining ahil jamoasi bu yilgi Navro‘zni ham ana shunday alohida tayyorgarlik va ko‘tarinki ruh bilan kutib oldi.