
Joriy yilning 29-yanvar kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldashev hamda ushbu ta’lim dargohida faoliyat olib borayotgan yosh pedagoglar va doktorantlar o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Institut rahbariyati, professor-о‘qituvchilar, kafedra mudirlari, ustoz-murabbiylar, ishchi xodimlar ishtirokida tashkil etilgan mazkur yig‘ilishda mamlakatimizda oliy ta’lim sifatini tubdan yaxshilash yo‘nalishida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani hamda ushbu tizimda juda samarali o‘zgarishlar bo‘layotgani qayd etildi. Ilmiy tadqiqot ishlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida erishilayotgan natijalar, yoshlar tashabbuslarini aniqlash, ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalarni rivojlantirish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida fikr bildirildi. Ta’lim berish samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan xalqaro tajribalar e’tirof etildi.
– О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida talaba-yoshlarning puxta ilm olishi, o‘z iste’dodi va bilimlarini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, – dedi professor Ibrohim Yо‘ldashev. – Bu oliy ta’lim dargohining asosiy maqsadi o‘z sohasining malakali kadrlarini tayyorlash, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berish va ularning iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir. Institutning rahbar kadrlari, mas’ullari vatan oldidagi burchini dildan his qilib, kasbiga fidoyilik kо‘rsatgan holda har bir talabaga, magistrantlarga, doktorantlarga, mustaqil izlnuvchilikka qabul qilingan doktorant izlanuvchilarga hamda yosh pedagoglarga о‘z farzandidek munosabatda bо‘lishi, ularga mehr kо‘rsatishi, har tomonlama qо‘llab-quvvatlashi kerak. Ularning bilimi, iqtidori, iste’dodiga jiddiy ahamiyat qaratgan holda turli tanlov va olimpiadalarda munosib ishtirok etishiga ko‘maklashish lozim. Chunki bugungi yoshlar yurtimiz ravnaqi, institut kelajagi yo‘lidagi ezgu ishlarda o‘zlarining munosib hissasini qo‘shadi.
Yig‘ilishi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda institut Kengashi qarorlarining bajarilishi, institutda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar, yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirish va ilmiy tadqiqotga jalb etish, innovatsion hamkorliklarni kengaytirish kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi.
Shuningdek, davlat ta’lim standartlariga to‘liq javob beradigan, xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarining mazmuni bilan tenglasha oladigan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda ushbu dasturlar asosida yangi avlod darsliklarini, o‘quv-metodik majmualarni yaratish ishlarini o‘z vaqtida ta’minlash kerakligi aytildi.
Qayd etish lozimki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli ta’lim sohasidagi islohotlarning samarali bo‘lishi ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarning salohiyatiga bog‘liq.