
Joriy yilning 31-mart kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Kengashining 8-sonli yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda institut rahbariyati, kengash a’zolari, professor-о‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar, tajribali olimlar, amaliyotchilar, tadqiqotchilar, tyutorlar ishtirok etdi.
“Milliy qo‘shiqchilik” kafedrasi mudiri Mirshod Elovga “Musiqa san’ati” ixtisosligi bо‘yicha, “Sahna harakati va jismoniy madaniyat” kafedrasi katta o‘qituvchi Narziddin Shermatovga “Teatr san’ati” ixtisosligi bо‘yicha dotsent ilmiy unvoni topshirildi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘tkazilgan “Navro‘z” umumxalq bayrami munosabati bilan ko‘p yillik samarali faoliyati davomida san’at va madaniyat sohalarining hamda institutning ravnaqiga katta hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh faxriy professor-o‘qituvchilarga maxsus sovg‘alar taqdim qilindi.
“Eng yaxshi monografiya muallifi”, “Eng yaxshi xorijiy maqola muallifi”, “OAK e’tirof etgan jurnallardagi eng yaxshi maqola”, “Eng yaxshi darslik muallifi”, “Eng yaxshi o‘quv qo‘llanma muallifi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha tanlov g‘oliblari taqdirlanishdi.
Ko‘rinib turibdiki, ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish, institut salohiyatini har tomonlama ko‘tarishda faollik ko‘rsatayotgan pedagoglarning beminnat xizmatlari, bayram munosabati bilan munosib baholandi. Chunki ertangi kun egalari bo‘lgan yosh avlod ongu shuuriga yuksak vatanparvarlik va milliy g‘urur tuyg‘ularini singdiradigan, hayot so‘qmoqlarida dadil odimlashlariga yordam beradigan ham ustoz va murabbiylardir. Shuningdek, “Zakovat” intellektual o‘yini va sportning bir nechta turlari bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda g‘olib bo‘lgan yoshlarga ham faxriy yorliqlar topshirildi.
Qolaversa, 2021-yilning 8-noyabrdan boshlab, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan poytaxtimiz mahallalarida “Mahallada duv-duv gap” shiori ostida tizimli ravishda madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazilayotgani, ayni paytga qadar poytaxtimizdagi 98 ta mahalla hududida tadbirlar tashkil etilgani aytildi. Mazkur tadbirlardagi faol ishtiroki uchun bir qator tashkilotlardan institut rahbariyati va ijodiy jamoa a’zolari nomiga tashakkurnomalar kelayotgani mamnuniyat bilan e’tirof etildi.
Mazkur konsert dasturlarida juda faol ishtirok etayotgan O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining milliy qo‘shiqchilik kafedrasi dotsenti, professor Аhmadjon Dadayev badiiy rahbarligi ostida faoliyat ko‘rsatayotgan “Sayqal”, О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi dotsenti, О‘zbekiston Respublikasida xizmat kо‘rsatgan artist Komiljon Shermatov badiiy rahbarligidagi “Sado” hamda О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Folklor va etnografiya” kafedrasi qoshidagi, Oybek Hamroyev badiy rahbarligidagi “E’zoz” folklor-etnografik ansambllari vakillariga, O‘zbekiston xalq artisti professor Xayrulla Lutfullayevga, O‘zbekiston xalq hofizlari Orolmirza Safarovga, Beknazar Do‘stmuhammedovga, Soyib Niyazovga, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Аzamat Sharipovga, Rustam Abdullayevga minnatdorchilik bildirildi.
Yig‘ilishda so‘z olgan institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldoshev institutda ijodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bilan bir qatorda, taʼlim sohasining rivojiga munosib hissa qo‘shish, ilmiy faoliyatni yuksaltirish, iqtidorli kadrlarni tayyorlash ustuvor vazifa ekanligini taʼkidladi.
– E’tirof etish kerakki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim tizimining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo‘yicha juda muhim vazifalar bajarilmoqda, – dedi professor Ibrohim Yо‘ldoshev. – Jumladan, O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish hamda fan, ta’lim va ishlab chiqarishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Shunday ekan, institut pedagogik jamoa a’zolari o‘z kasblariga nisbatan fidoyilik xislatini yanada oshirishga intilishlari shart. Bugungi jadal rivojlanib borayotgan global davrda, har bir pedagog xodim yoshlarning ta’lim tarbiyasi, kiyinish madaniyati darslardagi ishtiroki, amaliy hamda nazariy mashg‘ulotlarda vaqtida qatnashishi, о‘g‘il-qizlarni о‘z ustilarida tinimsiz izlanishlar olib borishlari kabi masalalarga jiddiy ahamiyat qaratishi zarur. Qolaversa, yoshlarning intilishlarini, iqtidorlarini qo‘llab-quvvatlash borasida yanada samarali ishlarni bajarish lozim.
Shuningdek, fan, taʼlim sifatini yaxshilash, zamonaviy oʻquv adabiyotlarini yaratish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy salohiyatni oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish asosida dunyoda tan olingan reytinglarga kirish boʻyicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan eng muhim vazifalar muhokama qilindi. Ilmiy tadqiqot ishlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida erishilayotgan natijalar, yoshlar tashabbuslarini aniqlash, talabalar, doktorantlar, yosh olimlarning ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalarini rivojlantirish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida fikr bildirildi. Ta’lim berish samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan xalqaro tajribalar e’tirof etildi. Talabalarning bilim va kо‘nikmalarini oshirish, ularning qalbida milliy madaniyatga bо‘lgan muhabbatni shakllantirish, yosh is’tedodlarni aniqlash va qо‘llab-quvvatlash bо‘yicha fikr-mulohazalar yuritildi.
Professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, institut o‘quv jarayonlari samaradorligini oshirish maqsadida yangi, interfaol pedagogik texnologiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlari, monografiya, ilmiy ishlanmalarni nashrga tavsiya qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
Yig‘ilish davomida davlat ta’lim standartlariga to‘liq javob beradigan, xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarining mazmuni bilan ham tenglasha oladigan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda ushbu dasturlar asosida yangi avlod darsliklarini, o‘quv-metodik majmualarni yaratish ishlarini o‘z vaqtida ta’minlash kerakligi qayd etildi. Bahs-munozaralarga boy bo‘lgan qizg‘in muhokamada kengash a’zolari tomonidan darsliklarni metodik jihatdan yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar berildi.
Tyutorlarning asosiy vazifalari xususida fikr yuritildi. Ular institut va talabalar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, talabalarga uslubiy, ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatish va talabalarda tanlagan kasbiga muhabbatni oshirishga harakat qilishi kerak. Shu bilan birga, ular yigit-qizlarning dars mashg‘ulotlarini muntazam tahlil qilib borishi lozim. Ularning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini taʼminlaydi hamda ijtimoiy ahvolidan doimiy xabardor bo‘lib turadi. Har bir tyutor talabalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi, ularning ta’lim olishi, ilm bilan shug‘ullanishi, yashashi va dam olishi uchun sharoitlar yaratishga ko‘maklashadi.
Qayd etilganidek, ta’lim berish sifatining ortishi salohiyatli kadrlar yetishtirib chiqarishda muhim omil hisoblanadi.
Ushbu yig‘ilishda barcha ishtirokchilar o‘zlari uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘ldi va kerakli xulosalar chiqarib, kelgusidagi istiqbolli rejalarini belgilab oldi.