1

Institut Kengashining yig‘ilishi o‘tkazildi

Institut Kengashining yig‘ilishi o‘tkazildi

Joriy yilning 31-yanvar kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Kengashining 6-sonli yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda institut rahbariyati, kengash a’zolari, professor-о‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar, tajribali olimlar, amaliyotchilar, tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Dastavval, institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldoshev Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 28-yanvar kuni maktab ta’limini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan muhim vazifalar, oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan ijobiy hamda samarali o‘zgarishlar, bu borada О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti faoliyati oldida turgan muhim ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

– Mamlakatning kelajagi bugun kamolga yetayotgan yoshlar qo‘lida, – dedi professor I.Yо‘ldashev. – Institut tomonidan yoshlarning intilishlarini, iqtidorlarini qo‘llab-quvvatlash borasida yanada samarali ishlarni bajarish lozim. Pedagogik jamoa a’zolari o‘z kasblariga nisbatan fidoyilik xislatini yanada oshirishga intilishlari shart. Bugungi jadal rivojlanib borayotgan global davrda, har bir pedagog xodim yoshlarning ta’lim tarbiyasi, kiyinish madaniyati darslardagi ishtiroki, amaliy hamda nazariy mashg‘ulotlarda vaqtida qatnashishi, о‘g‘il-qizlarni о‘z ustilarida tinimsiz izlanishlar olib borishlari kabi masalalarga jiddiy ahamiyat qaratishi zarur.

Maktab ta’limini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan ta’kidlanganidek, har bir viloyatda pedagogika institutlari, universitetlar, akademik litsey va ixtisoslashgan maktablar o‘qituvchilaridan iborat “mobil metodik guruhlar” tashkil qilinadi. Ular ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga borib, pedagoglarga yangicha o‘qitish uslublarini tushuntiradi va ko‘maklashadi. Buning uchun ularga alohida oylik ustamalari beriladi. Pedagog kadrlarni tayyorlash tizimi ham tubdan takomillashtiriladi. Buning uchun Toshkent shahridagi 5 ta hamda hududlardagi 17 ta oliy ta’lim muassasalari doimiy tarzda maktablarga biriktiriladi. Talabalar 1-kursdanoq maktablar bilan bog‘liq tarzda o‘qiydi. Bu orqali ham talabaning, ham maktab o‘qituvchisining, ham oliygoh muallimining kasbiy mahorati oshadi.

– Umuman, o‘qitish metodikasi, darsliklari, partadan tortib, binosigacha to‘liq qayta ko‘rib chiqamiz. Ta’limga, muallimga sharoit yaratmasak, jamiyat o‘zgarmaydi. Tuman, viloyat va respublika darajasida Maktab ta’limini isloh qilish kengashlari tuziladi. Respublika kengashiga shaxsan o‘zim rahbarlik qilaman. Tuman va viloyat kengashlariga esa hokimlar bosh bo‘ladi, – dedi Prezidentimiz.

Shunigdek, yig‘ilishda Prezidentimizning 2021-yili “O‘zbekiston” nashriyoti tomonidan nashr etilgan “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” nomli kitobi Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi haqida xalqimizning fikr-mulohazalarini milliy qadriyatlarimiz negizida yanada rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi tub o‘zgarishlarni xalqimizning hayot tarziga singdirishga xizmat qilishi mamnuniyat bilan e’tirof etildi.

Ushbu asarning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi”, “Xalqparvar davlat”, “Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish”, “Adolatli ijtimoiy siyosat”, “Ma’naviy taraqqiyot”, “Xavfsizlik va tashqi siyosat’, “O‘zbekiston va umumbashariy muammolar’ kabi 7 ta bo‘limning har birida mamlakatimizdagi ulkan o‘zgarishlar, olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ustuvor yo‘nalishlari, milliy taraqqiyot istiqbollari haqida so‘z yuritilgan. Asarning har bir bo‘limida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha erishilgan samarali natijalar hamda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan maqsadlar haqidagi fikr-mulohazalar har bir fuqaroni ezgu tashabbuslar bilan ishlashga undaydi, yangi, ilg‘or g‘oyalarni ilgari surishga, o‘zi uchun, ona yurti, xalqi uchun yanada serg‘ayrat bo‘lib harakat qilishga chorlaydi. Kitob har bir o‘quvchida yangi O‘zbekistonning zamonaviy, demokratik qiyofasi qanday yaratilayotgani, mamlakatni yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarish uchun belgilab olingan strategik yo‘l to‘g‘risida umumiy, yaxlit tasavvur uyg‘otadi.

Yig‘ilish davomida professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, institut o‘quv jarayonlari samaradorligini oshirish maqsadida yangi, interfaol pedagogik texnologiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlari, monografiya, ilmiy ishlanmalarni nashrga tavsiya qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-60-sonli hamda “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-61-sonli qarorlarining mazmun-mohiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlandiki, mamlakatimizdagi barcha sohalarda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy sohaning asosi hisoblangan ta’lim tizimidagi o‘zgarishlardan har qancha faxrlansak arziydi. E’tirof etish kerakki, so‘nggi yillarda ta’lim tizimining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo‘yicha juda muhim vazifalar bajarilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish hamda fan, ta’lim va ishlab chiqarishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Shunigdek, ilmiy tadqiqot ishlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida erishilayotgan natijalar, yoshlar tashabbuslarini aniqlash, talabalar, doktorantlar, yosh olimlarning ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalarini rivojlantirish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida fikr bildirildi.

Davlat ta’lim standartlariga to‘liq javob beradigan, xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarining mazmuni bilan ham tenglasha oladigan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda ushbu dasturlar asosida yangi avlod darsliklarini, o‘quv-metodik majmualarni yaratish ishlarini o‘z vaqtida ta’minlash kerakligi aytildi.

Qolaversa, majlis davomida Farrux Tursunovning “Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi”, Mirshod Elovning “Musiqa san’ati” hamda Narziddin Shermatovning “Teatr san’ati” ixtisosliklari bо‘yicha dotsent ilmiy unvonini olish uchun Oliy attestatsiya komissiyasiga hujjatlarini yuborish tо‘g‘risida Kengash qarori qabul qilindi. Shuningdek, erkin izlanuvchi Xilola Abdujabborovaning “Lingvistika (o‘zbek tili)” ixtisosligi bo‘yicha “O‘zbek falsafa terminologiyasi” nomli filologiya fanlari bо‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya mavzusi, erkin izlanuvchi Zumriniso Kozimovaning “Lingvistika (o‘zbek tili)” ixtisosligi bo‘yicha “O‘zbek teatr terminologiyasi” nomli filologiya fanlari bо‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya mavzusi, erkin izlanuvchi To‘lg‘anoy Mamatqulovaning “Lingvistika (o‘zbek tili)” ixtisosligi bo‘yicha “O‘zbek qo‘shiqchilik terminologiyasi” nomli filologiya fanlari bо‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya mavzusi, erkin izlanuvchi Ma’rufjon Dustmurodovning “Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti” ixtisosligi bo‘yicha “O‘rxun-Enasoy bitiktoshlaridagi harbiy terminlar tadqiqi” nomli filologiya fanlari bо‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya mavzusi, erkin izlanuvchi Sadoqat Sharipovaning “Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi” ixtisosligi bo‘yicha “Alisher Navoiy asarlarida makon va zamon bildiruvchi so‘zlarning ingliz tilida berilishi va tarjima muammolari” nomli filologiya fanlari bо‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya mavzusi Kengash a’zolari tomonidan tasdiqlandi.

Majlis ishtirokchilari tomonidan qayd etilganidek, mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar iqtidorli, ilmiy salohiyati yuqori, zamonaviy texnika va texnologiya, axborot kommunikatsion madaniyatini puxta oʼzlashtirgan, murakkab va keng ko‘lamli vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan bilimli, yetuk yosh olimlarni tarbiyalash hamda ularning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.

Qolaversa, yig‘ilish davomida ta’lim dargohining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ta’lim jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladigan yanada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘quv jarayonlariga tadbiq etish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida to‘xtalib o‘tildi.

Ushbu yig‘ilishda barcha ishtirokchilar o‘zlari uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘ldi va kerakli xulosalar chiqarib, kelgusidagi istiqbolli rejalarini belgilab oldi.