Institut Kengashining yig‘ilishi o‘tkazildi

Institut Kengashining yig‘ilishi o‘tkazildi

Joriy yilning 29-dekabr kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Kengashining 5-sonli yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda institut rahbariyati, kengash a’zolari, professor-о‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar, tajribali olimlar, amaliyotchilar, tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Dastavval, institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldoshev barchani kirib kelayotgan 2022-yil bilan samimiy qutlab, kelgusi ilmiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. Mamlakatimizda amalga oshiriladigan ulkan o‘zgarishlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-60-sonli hamda “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-61-sonli qarorlarining mazmun-mohiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
– Mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarildi, – dedi professor I.Yо‘ldashev. – Shunday ekan, pedagog xodimlar talabalarni har tomonlama yetuk, barkamol, mustaqil fikrlaydigan o‘zining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajaradigan mutaxassislar bo‘lim yetishishlari uchun astoydil harakat qilishlari kerak. Bugungi jadal rivojlanib borayotgan global davrda, har bir pedagog xodim yoshlarning ta’lim tarbiyasi, kiyinish madaniyati darslardagi ishtiroki, amaliy hamda nazariy mashg‘ulotlarda vaqtida qatnashishi, о‘g‘il-qizlarni о‘z ustilarida tinimsiz izlanishlar olib borishlari kabi masalalarga jiddiy ahamiyat qaratish zarur. Mamlakatning kelajagi bugun kamolga yetayotgan yoshlar qo‘lida. Institut tomonidan yoshlarning intilishlarini, iqtidorlarini qo‘llab-quvvatlash borasida yanada samarali ishlarni bajarish lozim. Pedagogik jamoa a’zolari o‘z kasblariga nisbatan fidoyilik xislatini yanada oshirishga intilishlari shart.
Institut Kengashining yig‘ilishi o‘tkazildi
Ta’kidlandiki, mamlakatimizdagi barcha sohalarda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy sohaning asosi hisoblangan ta’lim tizimidagi o‘zgarishlardan har qancha faxrlansak arziydi. E’tirof etish kerakki, so‘nggi yillarda ta’lim tizimining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo‘yicha juda muhim vazifalar bajarilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish hamda fan, ta’lim va ishlab chiqarishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu anjunmanda institutning joriy yildagi yutuqlari, shuningdek, fan, taʼlim sifatini yaxshilash, zamonaviy oʻquv adabiyotlarini yaratish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy salohiyatni oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish asosida dunyoda tan olingan reytinglarga kirish boʻyicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan eng muhim vazifalar muhokama qilindi. Davlat ta’lim standartlariga to‘liq javob beradigan, xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarining mazmuni bilan ham tenglasha oladigan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda ushbu dasturlar asosida yangi avlod darsliklarini, o‘quv-metodik majmualarni yaratish ishlarini o‘z vaqtida ta’minlash kerakligi aytildi.
Institut Kengashining yig‘ilishi o‘tkazildi
Shuningdek, joriy yilning 8-noyabr kunidan boshlab, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan poytaxtimiz mahallalarida “Mahallada duv-duv gap” shiori ostida tizimli ravishda madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazishga kirishilgani va 67 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarida bayramona kechalar tashkil qilingani xususida institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bо‘yicha prorektori Eldor Shermonovning hisoboti tinglandi. Institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bо‘yicha prorektori Sobir Jumayev esa oliy ta’lim muassasalari milliy reytingini aniqlash bо‘yicha belgilangan talablarning institut tomonidan bajarilishi haqida ma’lumot berdi. Institutning о‘quv ishlari bо‘yicha prorektori Abdulaziz Nurillayev institut professor-о‘qituvchilari tomonidan yozilgan adabiyotlarni Oliy va о‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi oliy va о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yо‘nalishlari bо‘yicha о‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi Kengashda kо‘rib chiqish uchun yuborish va monografiyalarni chop etish xususida gapirdi. Institutning yuriskonsulti Husniddin Umarovning professor-о‘qituvchi va xodimlarning normativ huquqiy hujjatlarni rasmiylashtirish bо‘yicha huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida tasdiqlangan reja asosida о‘quv kurslarini tashkil etish borasida bildirgan taklifini Kengash a’zolari bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashdi.
Institut Kengashining yig‘ilishi o‘tkazildi
Majlis ishtirokchilari tomonidan qayd etilganidek, mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar iqtidorli, ilmiy salohiyati yuqori, zamonaviy texnika va texnologiya, axborot kommunikatsion madaniyatini puxta oʼzlashtirgan, murakkab va keng ko‘lamli vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan bilimli, yetuk yosh olimlarni tarbiyalash hamda ularning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
Institut Kengashining yig‘ilishi o‘tkazildi
Qolaversa, yig‘ilish davomida ta’lim dargohining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ta’lim jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladigan yanada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘quv jarayonlariga tadbiq etish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Ushbu yig‘ilishda barcha ishtirokchilar o‘zlari uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘ldi va kerakli xulosalar chiqarib, kelgusidagi istiqbolli rejalarini belgilab oldi.

image_pdfimage_print