
Joriy yilning 28-iyul kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bо‘yicha birinchi prorektor Eldor Shermonov tomonidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Institut rahbariyati, institut Qabul komissiyasi raisi hamda a’zolari, professor-о‘qituvchilar ishtirok etgan tadbirda 2022/2023-o‘quv yilida kasbiy (ijodiy) imtihonlarni shaffof o‘tkazish bo‘yicha ushbu ta’lim muassasasining tayyorgarlik holati xususida so‘z yuritildi. Bu boradagi dolzarb masalalar, bajarilishi lozim bo‘lgan muhim ishlar muhokama etildi.
Abituriyentlar hamda ota-onalarning asosli yoki asossiz noroziliklarini keltirib keltirib chiqarmaslik, buning uchun murojaatlar bilan ishlash, call-markaz faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, imtihonlarning borishi, tartibi bilan bog‘liq ma’lumotlarni institutning ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilib borish zarur ekanligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, ajratilgan bino va auditoriyalar sifatli videoyozuv jihozlari bilan ta’minlangani, jamoatchilik nazoratining kuchaytirilgani, imtihon natijalarini o‘z vaqtida rasmiy manbalar orqali e’lon qilinishi kasbiy (ijodiy) imtihonlarni ijobiy hamda samarali o‘tishini ta’minlaydi.
Qolaversa, mamlakatimizda ta’lim sohasi rivojlangan sayin yoshlarning oliy ma’lumot olishga bo‘lgan intilishi ham kuchayib borayotgani, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi yil sayin ortayotgani, mamlakatimizda qabul qilinayotgan qarorlar, ilgari surilayotgan tashabbuslar asosida manzilli imtiyozlar kengayib borayotgani, xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan yoshlar, olis tumanlarda istiqomat qilayotgan shaxslarning oliy ta’lim olishi uchun ko‘plab imkoniyatlar berilayotgani xususida ham to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, korrupsiya tuzog‘iga tushib qolmaslik, uning har qanday ko‘rinishlariga qarshi keskin kurashish, О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti xodimi nomiga dog‘ tushirmaslik, abituriyentlar va ularning ota-onalari bilan muomala madaniyatiga, ichki tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilish, Qabul komissiyasi a’zolari, kasbiy (ijodiy) imtihonlarga ishtirok etayotgan professor-o‘qituvchilar zimmasidagi vazifalarini halollik va mas’uliyat bilan bajarish lozimligi aytildi.