1

Ilm-fanni rivojlantirish masalalari yuzasidan yig’ilish o’tkazildi

Ilm-fanni rivojlantirish masalalari yuzasidan yig'ilish o'tkazildi

Joriy yilning 14-mart kuni Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vaziri Аbduqodir Toshqulov rahbarligida oliy taʼlim tizimida ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi kengaytirilgan onlayn formatdagi Hayʼat yig‘ilishida О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati, professor-о‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar, tajribali olimlar, amaliyotchilar, tadqiqotchilar ham ishtirok etdi.

Mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish hamda Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyalarida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan bajarilishi belgilangan vazifalar xususida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, OTMning ilmiy salohiyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, OTMda dissertatsiya himoyalari ko‘rsatkichi, doktorantura sohasida amalga oshirilgan ishlar, ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati, ilmiy jurnallarni “Scopus” bazasiga kiritish, ilmiy loyihalar atroflicha muhokama qilindi.

Ushbu yig‘ilishda О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati, professor-о‘qituvchilar, tajribali olimlar, amaliyotchilar, tadqiqotchilar o‘zlari uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘ldi va kerakli xulosalar chiqarib, kelgusidagi istiqbolli rejalarini belgilab oldi.

Institutda tashkil etilgan yig‘ilish davomida esa Hayʼat yig‘ilishida o‘z vaqtida bajarilishi belgilangan vazifalar hamda bu borada institutning oldida turgan eng dolzarb ishlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, institut o‘quv jarayonlari samaradorligini oshirish maqsadida yangi, interfaol pedagogik texnologiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlari, monografiya, ilmiy ishlanmalarni nashrga tavsiya qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi. Ilmiy tadqiqot ishlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida erishilayotgan natijalar, yoshlar tashabbuslarini aniqlash, talabalar, doktorantlar, yosh olimlarning ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalarini rivojlantirish, intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilandi.

Talabalar bu dargohda ko‘plab mehrli ustozlardan ilm yo‘lidagi mashaqqatli mehnat sirlaridan bahramand bo‘lishi joiz, – dedi institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldoshev. – Bu oliy ta’lim dargohining asosiy maqsadi o‘z sohasining malakali kadrlarini tayyorlash, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berish va ularning iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lishi lozim. Institutning rahbar kadrlari, mas’ullari, umuman, har bir pedagog xodim о‘z ustilarida tinimsiz izlanishlar olib borishlari, kasblariga nisbatan fidoyilik xislatini yanada oshirishga intilishlari shart.

Shuningdek, professor Ibrohim Yо‘ldoshev institut talabalarini ish bilan ta’minlash ustuvor vazifa ekanini alohida qayd etib, ta’lim dargohida tahsil olayotgan yoshlarni ishga joylashtirish uchun barcha choralarni ko‘rish, talabalarning qiziqishi, istaklari va qobiliyatini o‘rganish asosida ularni tashkilot va idoralarga yo‘naltirish lozimligini ta’kidladi.