
Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ijro intizomi, talabalar bilan ishlash, ilmiy faoliyatga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda institut rahbariyati, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari va boshqalar ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida topshiriqlar ijrosini ta’minlash asosiy vazifa ekanligi hamda bu orqali samaradorlikka erishish mumkinligi ta’kidlandi.
“Har birimiz ish faoliyatimizni tartibli ravishda olib borishimiz kerak. Har bir vazifa o‘z vaqtida bajarilishi, ijro intizomi bosh masalalardan biri bo‘lishi lozim. Barchamiz o‘z vazifalarimizni sidqidildan bajarish yo‘lida harakat qilsak, ishimiz jonlanadi hamda samaradorlik yuqori bo‘ladi”, dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.
Shu bilan birga, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ular o‘rtasida turli ko‘rik-tanlovlar va festivallar tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Qolaversa, o‘quv rejalarini shakllantirishda xorijiy tajribalarni o‘rganish dolzarb ahamiyatga ega ekanligi aytib o‘tildi.
Bundan tashqari, “Konstitutsiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan referendum borasida mulohazalar yuritildi.
Shuningdek, kontrakt hamda talabalar turar joyi to‘lovlarining holati bo‘yicha hisobot tinglandi.
Yig‘ilish so‘ngida takliflar tinglandi hamda mas’ul xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.