
Ma’lumki, ayni paytda mamlakatimizning qator oliy ta’lim muassasalarida alohida iqtidor talab qiluvchi ta’lim yo’nalishlariga kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda.
Shu jumladan, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ham 19 ta yoʻnalish boʻyicha o‘tkazilayotgan kasbiy (ijodiy) imtihonlar yuqori saviyada, shaffof va adolatli tarzda tashkil etilmoqda.
Uzluksiz ishlaydigan kuzatuv kameralari o‘rnatilgan boʻlib, imtihon jarayonlarini jonli kuzatib borish imkoniyati yaratilgan. Bu esa jamoatchilik va ota-onalarga ijodiy imtihon jarayonini bir vaqtning о‘zida tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri kuzatib borish imkoniyatini bermoqda.
Imtihonlarni adolatli va haqqoniy о‘tishini ta’minlash maqsadida imtihon oluvchi komissiya a’zolari safiga “О‘zbekiston respubikasida xizmat kо‘rsatgan madaniyat xodimi”, “О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist”,”О‘zbekiston xalq hofizi” kabi unvonlar sohiblari bо‘lgan respublikamizning taniqli san’at va madaniyat sohasi vakillari, bir qator ijodkorlar jalb etilgan. Ularga abituriyent bilan qaysi yo‘nalishlarda gaplashish, bilimini sinash bo‘yicha yo‘riqnoma berilgan. Savollar ana shu yo‘riqnomadan kelib chiqqan holda berilmoqda. Ijodiy imtihonda amaliyotchilarning ishtiroki va individual suhbat ham imtihon topshiruvchi uchun yanada ahamiyatlidir.
Darhaqiqat shu o‘rinda qayd etish lozimki, О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakli bо‘yicha 1346 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lsa, bakalavriatning sirtqi ta’lim shaklida 605 nafar abituriyentning hujjati qabul qilingan. Abituriyentlar manfaatlarini kо‘zlagan holda kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari yuzasidan e’tiroz va murojaatlar uchun institutda apellyatsiya komissiyasi ham faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bunda talabalar turli holatlar bо‘yicha komissiya a’zolariga ariza bilan murojaat qilishlari mumkin. Qolaversa, “Ovoz rejissorligi va operatorlik mahorati” kafedrasi, “Kinoteleoperatorlik hamda Animatsiya rejissurasi” ta’lim yо‘nalishi talabalari ijodiy imtihon jarayonlarini video tasvirga olib bormoqda.
Professor-о‘qituvchilar yoshlarning iqtidori, iste’dodiga, bilim darajasiga jiddiy ahamiyat qaratishmoqda. Chunki mazkur ta’lim dargohida talabalikka tavsiya etiladigan yoshlar yurtimiz san’ati va madaniyatining ertasini belgilab berishadi. Shunday ekan, imtihon topshirayotgan abituriyentni baholash ulkan mas’uliyatni talab etadi.
– Abituriyent kelajakda qaysi sohada yetuk mutaxassis bo‘lmoqchi ekanligini o‘zi uchun aniqlab olgani maʼqul, – deydi Toshkent viloyatidan kelgan abituriyent Gulchehra Nurmuxammedova. – Aynan qaysi yo‘nalishga va qaysi o‘qishga topshirish bo‘yicha maqsad aniq qo‘yilgan bo‘lishi shart. Men ham Texnogen san’at (kino, televideniye va radio ovoz rejissorligi) yo‘nalishiga hujjat topshirgan edim. Hozir kasbiy (ijodiy) imtihonni ham topshirib chiqdim. Umid qilamanki, albatta talaba degan nomga sazovor bo‘laman va Yangi O‘zbekistonning kelajagi uchun xizmat qiladigan mutaxassis bo‘laman. Yana bir ahamiyatli jihat xususida to‘xtaladigan bo‘lsam, ijodiy imtihonlar o‘tkazilayotgan binolar toza, ozoda, o‘quv xonalariga har bir abituriyent uchun ichimlik suvlarini tashkil etilgan. Sovitish vositalari ishlab turibdi. Bunday qulay sharoitlardan mamnun ota-onalarning nigohi esa oʻrnatilgan monitorlarda. Unda imtihon jarayonlari toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etilmoqda. Nazarimda, mazkur jarayondagi shaffoflik va adolatdan abituriyentlarning koʻngli toʻlmoqda. O‘zim singari barcha abituriyentlarga omad tilayman.
– Samarqand viloyatidan kelganman, – deydi Asliddin Pardayev. – Ayni paytda Xalq ijodiyoti (cholg‘u ijrochiligi) yo‘nalishida ijodiy imtihonni topshirib chiqdim. Imtihon davomida xalq cholg‘ularidan o‘z bilimlarimni va ijodiy mahoratimni namoyon etdim. Imtihonlar adolatli va xolis oʻtkazilmoqda. Ijodiy imtihon komissiyasi raisi va aʼzolari tajribali, halol, pok, masʼuliyatli professor-oʻqituvchi va xodimlardan tashkil topganligiga amin bo‘ldim. Auditoriyaga kuzatuv kamerasi о‘rnatilgan. Dastlab ustozlar salobatidan biroz hayajonlandim, suhbat juda samimiy bо‘ldi. Imtihonni topshirayotgan yoshlarga ham oson emas, qarshisida о‘z tajriba maktabini yaratgan taniqli ustoz ijodkorlar turibdi, ular yonida hayajonga tushmay bо‘ladimi?! Qolaversa, o‘zim ijodkorlarni juda qadrlayman. Ularni hurmat qilaman. Chunki ijodning mashaqqatlarini qalbdan his etaman. Bilimlarimga tayangan holda savollarga javob berishga harakat qildim. Biz uchun yaratilgan sharoitlardan mamnunman. Bino ichi salqin, barcha zarur vositalar yetarli. Nasib etsa, bilim olish uchun qilgan mehnatlarim samara berib, mana shu nufuzli institutning talabasi boʻlishimga ishonaman.
Ijodiy imtihon davomida abiturientlar san’at va madaniyatning inson hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati, yoshlarni aqliy, axloqiy, jismoniy va ma’naviy kamol topishidagi roli, milliy ong, milliy tafakkur, milliy g‘urur, Vatanni sevish uni ardoqlash hislarini shakllantirishdagi ahamiyati haqida o‘zlarning tushunchalarini bildirishga harakat qilishmoqda. Mana shu jarayonlarni esa ota-onalar va boshqa xohlovchilar masofadan turib onlayn tarzda internet orqali tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri kuzatib borishmoqda. Har bir abituriyentning ishtiroki videoyozuvga olinmoqda.
Darvoqe, korrupsiya bilan bog‘liq savollarning yuzaga kelishining oldini olish maqsadida ijodiy imtihonlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, mahalla raisi, nuroniylar vakillari, ota-onalar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari ishtirokida o‘tkazilmoqda hamda barcha jarayonlar so‘nggi rusmdagi kuzatuv kameralari orqali maxsus ekranlarda va “YouTube” videoxostingida to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilinmoqda.
Koʻrinib turibdiki, ijodiy imtihonlarning tashkil etilishi bilan bog‘liq jarayonlar koʻplab abituriyentlarga mamnuniyat bag‘ishlamoqda. Ular mamlakatimizda yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, oʻzlari tanlagan sohaning yetuk mutaxassisi boʻlishiga, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligiga hissa qoʻshishishiga tilakdoshmiz.