
Sergeli tumani hokimiyati hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamkorligida tumandagi “Jaloyir” mahalla fuqarolar yig‘inida “Sergeli yoshlarni sevadi” shiori ostida yoshlar festivali tashkil etildi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “E’zoz” folklor-etnografik ansamblining go‘zal navolari ostida ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi. Tashrif buyurgan mahalla vakillari musiqa sadolari va alohida ehtirom bilan kutib olindi.
Elimiz sevgan ijodkorlar, О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-о‘qituvchilari, ushbu dargohda faoliyat olib borayotgan “О‘zbekiston xalq artisti”, “О‘zbekiston xalq hofizi”, “О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist” faxriy unvonlari sohiblari, iqtidorli talabalar tomonidan ona Vatanni ulug‘lovchi, vatanparvarlik tuyg‘ulariga yo‘g‘rilgan kuy-qo‘shiqlar ijro qilindi. Milliyligimiz, ma’naviyatimiz tarannum etilgan mumtoz ashulalar tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat ulashdi. Xorazm yо‘nalishida yangragan navolar yig‘ilganlarni raqsga chorlab, mahalla ahli qalbiga cheksiz xursandchilik olib kirdi. Institutning iqtidorli talabalarining xalqimizning taniqli aktyorlari, xonandalari, qiziqchilarining ovozlariga qilgan taqlidlari kishilarni behad quvontirdi.
Diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma’naviy merosi sifatida qadrlanayotgan she’r va g‘azallarini qo‘shiq qilib ijro etilayotgani ham o‘z navbatida, mahalla ahlining milliy va umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan hurmatini, e’tiborini yanada oshirishga xizmat qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yuqori kayfiyatda boshlangan festival davomida yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar, aholi uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, olis moziyda yashab o‘tgan ota-bobolarimizning jahon fani va madaniyatiga qo‘shgan hissalari, buyuk ajdodlarimizga munosib avlodni tarbiyalash, voyaga yetkazish, bilim olish borasida muhim fikrlar aytildi.
Mahalla ahli о‘zlarining sо‘zlari, shо‘x о‘yinlari bilan tadbir tashkilotchilariga ijodiy jamoa vakillariga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etishdi. Mahalla aholisi bunday eʼtibordan juda mamnun bo‘lishdi.