“Folklor va etnografiya” kafedrasi o‘qituvchilari va talabalari xorijga yuboriladi, institutda esa yangi to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov “Folklor va etnografiya” kafedrasi o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida Eldor O‘ralovich dars jarayonlari to‘g‘risida talabalarning fikrlarini tingladi. Shu bilan birga, talabalar tomonidan bildirilgan takliflarni amalga oshirish hamda ulardagi mavjud muammolarni bartaraf etish borasida mas’ullarga topshiriq berildi.
“Ijod va ilm birlashsa, rivojlanish bo‘ladi. Folklor yo‘nalishi o‘zbek musiqa san’atida alohida ahamiyatga ega. Kelgusida ajdodlarimiz tomonidan bizgacha yetib kelgan folklor qo‘shiqlarini notalashtirishga jiddiy bel bog‘laganmiz. Folklor yo‘nalishi urf-odatlarimizni aks ettirishda ham muhim o‘rin tutadi. Qadimiy urf-odatlarimizni asrab-avaylamasak, necha yillardan so‘ng zavolga yuz tutishi mumkin. Shu bois, o‘zbek madaniyatini targ‘ib etishda sizlarning o‘rningiz beqiyos”, – dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.
Shuningdek, kafedra uchun kelgusida yangi musiqa asboblarini xarid qilish masalasi ilgari surildi. Qolaversa, o‘qituvchi va talabalarning ilmiy va ijodiy salohiyatini yanada rivojlantirish hamda ularni xorijiy tajribalar bilan tanishtirish maqsadada kelgusida mazkur kafedra o‘qituvchilari va talabalarini chet mamlakatlariga yuborilishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, xalq ijodiyotiga bo‘lgan qiziqish doirasini kengaytirish va targ‘ib qilish maqsadida institutda folklorchilik to‘garagi ochilishi aytib o‘tildi. Shu bilan birga, iqtidorli talabalardan iborat folklor jamoasini tashkil etish taklifi bildirildi.