
Joriy yilning 27-yanvar kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida oliygoh rahbariyati, dekan va uning o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Dastavval institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldoshev Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-yanvar kuni O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan muhim vazifalar, mamlakatimizda amalga oshiriladigan huquqiy va ijtimoiy o‘zgarishlar, bu borada mazkur institutning oldida turgan muhim ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi.
– Mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarildi, – dedi professor I.Yо‘ldashev. – Xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan yuksak natijalarga erishilmoqda. Yurtimizda huquqiy demokratik va ochiq fuqarolik jamiyatini qurish, xalqimiz uchun obod va farovon hayot barpo etish yo‘lida juda muhim ishlar bajarilmoqda.
Ushbu videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan ta’kidlanganidek, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz. Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz. Bu maqsadga erishish uchun esa dunyodagi noyob demokratik tuzilma bo‘lgan mahalla instituti imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, pirovard natijada mahallani jamiyatimizning hal qiluvchi bo‘g‘iniǵa aylantirish vazifasini o‘z oldimizga qo‘ymoqdamiz. Mahalla tinch bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi. Mahalla obod bo‘lsa, butun mamlakat obod bo‘ladi.
Shunigdek, yig‘ilishda Prezidentimizning 2021-yili “O‘zbekiston” nashriyoti tomonidan nashr etilgan “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” nomli kitobi Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi haqida xalqimizning fikr-mulohazalarini milliy qadriyatlarimiz negizida yanada rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi tub o‘zgarishlarni xalqimizning hayot tarziga singdirishga xizmat qilishi mamnuniyat bilan e’tirof etildi.
Ushbu asarning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi”, “Xalqparvar davlat”, “Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish”, “Adolatli ijtimoiy siyosat”, “Ma’naviy taraqqiyot”, “Xavfsizlik va tashqi siyosat’, “O‘zbekiston va umumbashariy muammolar’ kabi 7 ta bo‘limning har birida mamlakatimizdagi ulkan o‘zgarishlar, olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ustuvor yo‘nalishlari, milliy taraqqiyot istiqbollari haqida so‘z yuritilgan. Asarning har bir bo‘limida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha erishilgan samarali natijalar hamda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan maqsadlar haqidagi fikr-mulohazalar har bir fuqaroni ezgu tashabbuslar bilan ishlashga undaydi, yangi, ilg‘or g‘oyalarni ilgari surishga, o‘zi uchun, ona yurti, xalqi uchun yanada serg‘ayrat bo‘lib harakat qilishga chorlaydi. Kitob har bir o‘quvchida yangi O‘zbekistonning zamonaviy, demokratik qiyofasi qanday yaratilayotgani, mamlakatni yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarish uchun belgilab olingan strategik yo‘l to‘g‘risida umumiy, yaxlit tasavvur uyg‘otadi.
Yig‘ilish davomida professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, institut o‘quv jarayonlari samaradorligini oshirish maqsadida yangi, interfaol pedagogik texnologiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlari, monografiya, ilmiy ishlanmalarni nashrga tavsiya qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
Qayd etildiki, mamlakatimizda oliy ta’lim tizimida ijobiy hamda juda samarali o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘g‘il-qizlarning zamonaviy bilim olishi, yuksak ma’naviyatli bo‘lib ulg‘ayishi uchun zarur sharoit yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov ko‘lamini oshirish va oliy ta’lim sifatini tubdan yaxshilash yo‘nalishida tizimli ishlar tashkil qilinmoqda.
Shunigdek, ilmiy tadqiqot ishlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida erishilayotgan natijalar, yoshlar tashabbuslarini aniqlash, talabalar, doktorantlar, yosh olimlarning ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalarini rivojlantirish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida fikr bildirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-60-sonli hamda “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-61-sonli qarorlarining mazmun-mohiyati haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Qolaversa, davlat ta’lim standartlariga to‘liq javob beradigan, xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarining mazmuni bilan ham tenglasha oladigan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda ushbu dasturlar asosida yangi avlod darsliklarini, o‘quv-metodik majmualarni yaratish ishlarini o‘z vaqtida ta’minlash kerakligi qayd etildi. Bahs-munozaralarga boy bo‘lgan qizg‘in muhokamada kengash a’zolari tomonidan darsliklarni metodik jihatdan yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar berildi.
Bahs-munozaralarga boy bo‘lgan qizg‘in muhokamada ishtirokchilar tomonidan darsliklarni metodik jihatdan yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar berildi. Ushbu yig‘ilishda barcha ishtirokchilar o‘zlari uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘ldi va kerakli xulosalar chiqarib, kelgusidagi istiqbolli rejalarini belgilab oldi.