
Joriy yilning 25-fevral kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti 7-Badiiy, o‘quv-uslubiy kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Institut rahbariyati, kengash a’zolari, professor-о‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar, tajribali olimlar, amaliyotchilar, tadqiqotchilar ishtirok etgan majlisda so‘z olgan О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti о‘quv ishlari bо‘yicha prorektori Abdulaziz Nurillayev ushbu oliy ta’lim dargohining pedagogik jamoasi o‘z kasblariga nisbatan fidoyilik xislatini yanada oshirishga intilishlari kerak, ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, institutda o‘quv jarayonlari samaradorligini oshirish maqsadida yangi, interfaol pedagogik texnologiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlari, monografiya, ilmiy ishlanmalarni nashrga tavsiya qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
E’tirof etish kerakki, so‘nggi yillarda ta’lim tizimining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo‘yicha juda muhim vazifalar bajarilmoqda, – dedi A. Nurillayev. – Jumladan, O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Taʼlim tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati esa koʻp jihatdan pedagog xodimlarning samarali mehnatiga bogʻliq. Ta’lim muassasamizda olib boriladigan darslar “ustoz-shogird” an’anasini yanada keng miqyosda rivojlanishiga, talabalarning bilimini, iste’dodini, iqtidorini, qobiliyatlarini yanada oshirishga xizmat qilishi lozim. Pedagog xodimlarimiz talabalarni har tomonlama yetuk, barkamol, mustaqil fikrlaydigan o‘zining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajaradigan mutaxassislar bo‘lim yetishishlari uchun astoydil harakat qilishlari kerak. Eng muhimi, bugungi jadal rivojlanib borayotgan global davrda, har bir pedagog xodim yoshlarning ta’lim tarbiyasiga, kiyinish madaniyatiga darslardagi ishtirokiga, amaliy hamda nazariy mashg‘ulotlarda vaqtida qatnashishiga, о‘g‘il-qizlarni о‘z ustilarida tinimsiz izlanishlar olib borishlariga jiddiy ahamiyat qaratishi shart.
Ushbu yig‘ilishda barcha ishtirokchilar o‘zlari uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘ldi va kerakli xulosalar chiqarib, kelgusidagi istiqbolli rejalarini belgilab oldi.