1

Dolzarb masalalar muhokama markazida

Dolzarb masalalar muhokama markazida

Joriy yilning 3-fevral kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida institut rahbariyati, dekan va dekan o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Dastavval, institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldoshev Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2-fevral kuni chiqindilar bilan ishlash tizimi va ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan muhim vazifalar, bu borada mazkur institutning oldida turgan muhim ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi.

– Atrof-muhitning ifloslanishi natijasida Yer yuzining ko‘p yillik o‘simlik dunyosi hamda hayvonot dunyosi ham zarar ko‘rmoqda, – dedi professor I.Yо‘ldashev. – Ushbu videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan ta’kidlanganidek, dunyo miqyosida sanoat yuqori darajada rivojlangan XXI asrda ekologiya bilan bog‘liq muammolar birinchi darajali muammo sifatida kun tartibiga chiqmoqda. Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashi kerak. Buning uchun biz tabiatga e’tibor berishimiz, faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni o‘ylab ish tutishimiz zarur. Eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish. Bugun ko‘chaga yoki istalgan joyga qarang. Hamma joyda odamlar tashlab ketgan chiqindilarni ko‘rasiz. Biz ona yurtimizni muqaddas deymiz. Nima uchun uni toza-ozoda saqlamaymiz? Axir, muqaddas kitoblarimizda ham “Poklik iymondandur” deyilgan. Nega bu masalada ommaviy axborot vositalari, mahalla faollari bong urmayapti? Qani nuroniylarimiz, jamoatchiligimiz?

Albatta, bunday muammolarni faqat ma’muriy yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi. Bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin. Mahallada, ko‘chalarda chiqindi tashlagan kishini ko‘rganda “bu ishingiz noto‘g‘ri bo‘ldi”, deydigan muhitni shakllantirishimiz, odamlarni bunga o‘rgatishimiz kerak. Bu – hammamizning ishimiz va insoniy burchimizdir, – deya ta’kidladi Prezidentimiz.

Shuningdek, yig‘ilish davomida erta bahordan institut hududidagi mavjud maydonlarda ulkan kо‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani, turli mevali va manzarali daraxtlar, noyob gul kо‘chatlari о‘tqazilayotgani, yerning har bir qarichidan oqilona foydalanish hisobiga institut hududi gо‘zal manzara kasb etib, chamanzorga aylanayotgani aytib o‘tildi. Bu vazifalarni yanada jadal sur’atlarda amalga oshirish lozimligi aytildi.

Professor I.Yо‘ldashev tomonidan qayd etildiki, Prezidentimizning taklifi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Orol bо‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish tо‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya qabul qilingan. Unda endi Orolbо‘yi muammolari faqatgina О‘zbekiston yoki Qozog‘istonning muammolari bо‘lib qolmasdan, balki jahon ahlini tashvishga, xavotirga solib turgan muammoga aylangani rasman tasdiqlangani, qolaversa, bu global masalada hamjihatlik nihoyatda zarur ekani alohida ta’kidlangan edi. Yana bir e’tiborli jihati, Orolbо‘yi mintaqasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” maqomi taqdim etilgan birinchi mintaqa bо‘ldi. Qarangki, Orol muammosi bir yoki ikkita mintaqa ahlini emas, aksincha, butun insoniyatni tashvishga solayotgan bir paytda biz – shu zaminda tug‘ilgan, taqdirimiz bog‘langan hudud boshidan kechayotgan kо‘rgiliklarga tomoshabin bо‘lib qarab tursak, insofdan bо‘larmidi?! Navoiy bobomiz yozganlaridek:

Odamiy ersang demagil odami,
Oniki, yо‘q xalq g‘amidin g‘ami.

Navoiy hazratlari demoqchilarki, kimning xalq g‘amidan g‘ami bо‘lmasa, haqiqiy odam bо‘lsang, uni odam dema. О‘ylaylik, tafakkur qilaylik azizlar, bugun Prezidentimizning ezgu maqsadlari zamirida ham Navoiy bobomiz bundan kam emas, besh asrdan kо‘proq muddat avval о‘rtaga tashlagan о‘lmas g‘oyalari yotibdi. El-ulus dardi bilan yashash, odamlarni rozi qilish, ularning mushkulini yechish, rahbarlarning xalq ichiga kirib, dardlariga malham bо‘lmog‘i, hamma hammasi bugungi siyosiy-ijtimoiy jarayonlar bilan chambarchas bog‘ liqligi isboti, desak, mubolag‘a bо‘lmaydi. 2018-yilda О‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutining Qо‘qon shahridagi Farg‘ona mintaqaviy filiali professor-о‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari tomonidan Orolbо‘yi hududi, aniqrog‘i, Mо‘ynoq tumanida bog‘ yaratishi rejalashtirildi. Vodiy sharoitida kо‘kartirilgan qaysi bir daraxt nihollari Mо‘ynoq sharoitida o‘sishi mumkinligi borasida ancha mulohaza yuritildi. Mо‘ynoq ob-havosida Qо‘qondan olib borilgan о‘rik, shaftoli, olcha, olma, behi kо‘chatlari u joy iqlimiga mos bо‘lgan Kaliforniya teragi singari rivojlana olarmikan? Suv masalasi nima bо‘ladi? Xullas, savollar, yechimini kutayotgan muammolar kо‘p edi.

Nihoyat institutimizning Qо‘qon va Nukus shaharlaridagi filiallari direktorlari bilan suhbatlashib, Mо‘ynoqda institut tashabbusi bilan bog‘ yaratishga qaror qildik. Qо‘qonda bu umidbaxsh tashabbus qо‘llab-quvvatlanib, kо‘chat yig‘ishga kirishildi. Fevralning oxirlariga qadar yuz ming tup mevali daraxt kо‘chatlari hamda tez о‘suvchi Kaliforniya teragi qalamchalari tо‘plandi. Bu ishda jamoamiz bilan birga qо‘qonlik saxovatpesha tadbirkorlar yaqindan kо‘mak berishdi. Yuk og‘ir, uni olib borish uchun esa katta mashina kerak edi. Masofa 1500 km.dan olis bо‘lib, har qanday haydovchi rozi bо‘lavermasdi. Shunda Xorazm tomonlardan Qо‘qonga guruch olib keladigan yuk mashinalarini kutdik. Nukusda kо‘chatlarni institutimizning Nukus filiali direktori shogirdlari bilan kutib olib, zudlik bilan Mо‘ynoqqa jо‘natdi. Shunda yana bir muammo chiqdi: bu yerda hanuz yerlar muzdan erimagandi-da. Oxiri tuman hokimi bilan telefonda gaplashib, yer kavlaydigan traktor topishda yordam sо‘radim. Katta chuqur qazilib, kо‘chatlar kо‘mib qо‘yildi. Aks holda, sovuq ta’sirida bizning butun mehnatimiz zoye ketar edi. Mart oyi о‘rtasida kо‘chat ekish ishlari boshlanib ketdi. Bir kuni tuman hokimi “boqqa qanday nom beramiz”, deb sо‘rab qoldi. “San’at bog‘i” yoki “Madaniyat bog‘i”, desak bо‘larmikan, deb javob bersam, bu kо‘chatlar juda olisdan – vodiyning sо‘lim Qо‘qonidan keltirilgani uchun “Qо‘qon bog‘i” deb nom qо‘ysak, degan taklifni aytdi. О‘shanda kо‘ngildan yana bir yorug‘ niyatlar kechdi, shoyadki, kelgusida “Qо‘qon bog‘i” atrofida boshqa hududlarimiz nomlarida ham gо‘zal bog‘lar barpo etilsa! Albatta, birinchi yil ancha qiyin kechdi. Men Nukus filialimiz direktori bilan doimo bog‘lanib, kо‘chatlarimiz ahvolini sо‘rab turdim. Birinchi yili kо‘chatlarning 70–80 foizi tutib ketdi. Ne-ne umidlar bilan ekilgan kо‘chatlarning barq urib rivojlanishida institutimizning Nukus filiali jamoasining fidoyiligi haqida alohida tо‘xtalmoq joiz.

O‘tgan yilning iyun oyida institutning yoshlar bilan ishlash bо‘yicha prorektori Eldor Shermanov hamrohligida Nukus filialimiz, Mо‘ynoqda bо‘ldik. Xayriyatki, kо‘z oldimda, yam-yashil bо‘lib turgan mevazorni kо‘rdim. О‘rik va olcha daraxtlari uch-tо‘rt metr bо‘y chо‘zib, nishona hosil tugibdi. Shaftoli, olma, behi daraxtlari kelgusi yildan mevaga kirishga shay. Daraxtlar orasiga ekilgan beda bel barobar bо‘lib, daraxtlarni suvsiz qolmasligi uchun nam saqlashga xizmat qilmoqda. Xushmanzara Qо‘qon bog‘lariga kirib qolgandek sevindim, о‘rik mevalaridan uch-tо‘rt donasini olib, atrofi mdagilarga kо‘z-kо‘z qildim. Kо‘zimdan

sevinch yoshlari oqdi. “Qarang, qanday ajoyib bog‘ bо‘libdi! Demak, Mо‘ynoqda ham mevazor yaratish mumkin ekan-ku! Hech kim ishonmagan edi. Biz yaratdik!” deb hayqirgim keldi. О‘sha pallada mendan baxtli inson yо‘q edi. Bog‘ni kezar ekanman, suvsiragan daraxtlarni kо‘rib, qanday qilib suv keltirishni о‘ylayman. Kaliforniya teraklari ham avj olib, kо‘kka bо‘y chо‘zmoqda. Bu dunyoda bundan ham ortiq rohatbaxsh tuyg‘u bormi?! Yaratgandan sо‘raylik, hammamizning ortimizdan ana shunday gullab turgan bog‘lar qolsin!

Shunigdek, yig‘ilish davomida professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, institut o‘quv jarayonlari samaradorligini oshirish maqsadida yangi, interfaol pedagogik texnologiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlari, monografiya, ilmiy ishlanmalarni nashrga tavsiya qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.

Qayd etildiki, mamlakatimizda oliy ta’lim tizimida ijobiy hamda juda samarali o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘g‘il-qizlarning zamonaviy bilim olishi, yuksak ma’naviyatli bo‘lib ulg‘ayishi uchun zarur sharoit yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov ko‘lamini oshirish va oliy ta’lim sifatini tubdan yaxshilash yo‘nalishida tizimli ishlar tashkil qilinmoqda.

Shunigdek, ilmiy tadqiqot ishlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida erishilayotgan natijalar, yoshlar tashabbuslarini aniqlash, talabalar, doktorantlar, yosh olimlarning ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalarini rivojlantirish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida fikr bildirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-60-sonli hamda “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-61-sonli qarorlarining mazmun-mohiyati haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Qolaversa, davlat ta’lim standartlariga to‘liq javob beradigan, xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarining mazmuni bilan ham tenglasha oladigan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda ushbu dasturlar asosida yangi avlod darsliklarini, o‘quv-metodik majmualarni yaratish ishlarini o‘z vaqtida ta’minlash kerakligi qayd etildi. Bahs-munozaralarga boy bo‘lgan qizg‘in muhokamada kengash a’zolari tomonidan darsliklarni metodik jihatdan yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar berildi.

Bahs-munozaralarga boy bo‘lgan qizg‘in muhokamada ishtirokchilar tomonidan darsliklarni metodik jihatdan yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar berildi. Ushbu yig‘ilishda barcha ishtirokchilar o‘zlari uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘ldi va kerakli xulosalar chiqarib, kelgusidagi istiqbolli rejalarini belgilab oldi.