Dolzarb masalalar muhokama markazida

Yoshlar tarbiyasi – millat kelajagining poydevori

Joriy yilning 26-yanvar kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida institut rahbariyati, dekan va dekan o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldoshev tomonidan professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, institut o‘quv jarayonlari samaradorligini oshirish maqsadida yangi, interfaol pedagogik texnologiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlari, monografiya, ilmiy ishlanmalarni nashrga tavsiya qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
Dolzarb masalalar muhokama markazida
– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli ta’lim sohasidagi islohotlarning samarali bo‘lishi ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarning salohiyatiga bog‘liq, – dedi professor I.Yо‘ldashev. – Shunday ekan, pedagog xodimlar talabalarni har tomonlama yetuk, barkamol, mustaqil fikrlaydigan o‘zining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajaradigan mutaxassislar bo‘lim yetishishlari uchun astoydil harakat qilishlari kerak. Ta’lim berishda asosiy e’tiborni darsning sifati hamda samaradorligiga qaratishi, talabada fan bo‘yicha bilim, ko‘nikma, malakalarni shakllantirib, rivojlantirishda bor mahoratini ishga solishi lozim. Ularning asosiy maqsadi o‘z sohasining malakali kadrlarini tayyorlash, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berish va talabalarning iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lishi darkor. Institutning mas’ullari vatan oldidagi burchini dildan his qilib, kasbiga fidoyilik kо‘rsatgan holda har bir magistrga, talabaga о‘z farzandidek munosabatda bо‘lishi, ularga mehr kо‘rsatishi, har tomonlama qо‘llab-quvvatlashi kerak.

Qayd etildiki, mamlakatimizda oliy ta’lim tizimida ijobiy hamda juda samarali o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘g‘il-qizlarning zamonaviy bilim olishi, yuksak ma’naviyatli bo‘lib ulg‘ayishi uchun zarur sharoit yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov ko‘lamini oshirish va oliy ta’lim sifatini tubdan yaxshilash yo‘nalishida tizimli ishlar tashkil qilinmoqda.

Shunigdek, yig‘ilishda ilmiy tadqiqot ishlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida erishilayotgan natijalar, yoshlar tashabbuslarini aniqlash, talabalar, doktorantlar, yosh olimlarning ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalarini rivojlantirish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida fikr bildirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-60-sonli hamda “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-61-sonli qarorlarining mazmun-mohiyati haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Qolaversa, mutasaddilar tomonidan davlat ta’lim standartlariga to‘liq javob beradigan, xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarining mazmuni bilan ham tenglasha oladigan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda ushbu dasturlar asosida yangi avlod darsliklarini, o‘quv-metodik majmualarni yaratish ishlarini o‘z vaqtida ta’minlash kerakligi qayd etildi.

Bahs-munozaralarga boy bo‘lgan qizg‘in muhokamada ishtirokchilar tomonidan darsliklarni metodik jihatdan yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar berildi. Ushbu yig‘ilishda barcha ishtirokchilar o‘zlari uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘ldi va kerakli xulosalar chiqarib, kelgusidagi istiqbolli rejalarini belgilab oldi.

image_pdfimage_print