1

Davlat dasturiga oid takliflar muhokamasi bo‘lib o‘tdi

Davlat dasturiga oid takliflar muhokamasi bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida 2023-yil qabul qilinadigan Davlat dasturiga madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishga oid takliflar kiritish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Unda institut rahbariyatidan tashqari oliygohning iqtidorli talabalari ham ishtirok etishdi.

O‘zDSMI rektori Ibrohim Yuldashev Davlat dasturining ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi hamda uning sohada yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish uchun asos bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

“Bugungi kunda barcha sohalarimiz qatori madaniyat va san’at sohasi ham rivojlanib bormoqda. Shunga qaramay, bartaraf etishimiz lozim bo‘lgan muammolarimiz yetarlicha. Ushbu muammo va kamchiliklarni bartaraf etishda madaniyat va san’at sohasiga oid Davlat dasturi muhim ahamiyat kasb etadi. Bizning vazifamiz sohani yanada rivojlantirish yo‘lida yangi va aniq takliflarni bera olishimizdir”, dedi Ibrohim Yuldashev.

Qayd etish joiz, sohada bir qator islohotlar amalga oshirish ishlariga oid jarayonlar qizg‘in ruhda davom etmoqda. Jumladan, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo mamlakatlardagi san’at va madaniyat oliy ta’lim muassasalari rektorlarining simfoziumlarini tashkil etish masalasi ilgari surilgan.

Qolaversa, O‘zDSMI rektorining taklifiga binoan, turkiy mamlakatlar oliy ta’lim muassasalarining teatr festivalini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Yig‘ilish davomida bildirilgan fikrlar muhokama qilindi hamda Davlat dasturiga kiritish bo‘yicha takliflar qayd etilishi aytib o‘tildi.