
О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Xalq ijodiyoti fakulteti “Cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi tomonidan “Cholg‘u ijrochiligida musiqiy ta’lim uzviyligini ta’minlash” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.
Ushbu tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar ta’lim dargohida yaratilgan shart-sharoitlar, amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning samaradorligi bilan yaqindan tanishdilar.
Professor-о‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar, tajribali olimlar, amaliyotchilar, tadqiqotchilar, magistrlar, talabalar qatnashgan konferensiyada О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Sobir Jumayev so‘z olib, mamlakatimizda san’at va madaniyat sohalarida amalga oshirilayotgan samarali islohotlar xususida fikr yuritdi. Shuningdek, musiqa insonning madaniy hayotida keng o‘rin egallashini, musiqa nafosat tarbiyasining asosiy va murakkab qirralaridan biri sifatida insonni atrofdagi go‘zalliklarni to‘g‘ri idrok etishga, qadrlashga o‘rgatishini, yosh avlodni kamolot sari yetaklashda tarbiyani ko‘plab omillari qatorida musiqa tarbiyasi ham alohida o‘rin tutishini ta’kidladi.
Ma’ruzachilar tomonidan qayd etilganidek, ijodkor kadrlarni tayyorlash pedagoglardan nihoyatda katta masʼuliyatni talab etadi. Chunki ular bo‘lajak sanʼatkorning iqtidorini, iste’dodini yanada shakllanishida katta ko‘mak ko‘rsatishadi. Ayniqsa, cholg‘u ijrochiligi taʼlimining boshlang‘ich davridagi mashqlar jarayoni muhim o‘rin egallaydi. Har bir mashqning o‘ziga yarasha maqsad va vazifasi bo‘ladi. Talaba-yoshlar tomonidan mana shunday vazifalarni samarali amalga oshirilishi o‘qituvchining kasbiy va pedagogik mahoratlariga bog‘liq jarayon hisoblanadi. Har qanday san’atkor ham musiqa madaniyati darslarini olib borolmaydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki musiqa ta’limidan dars beradigan o‘qituvchi pedagogika, psixologiya, musiqa o‘qitish va metodikasi hamda o‘z musiqiy kasbiy fanlarini puxta o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak. Musiqa o‘qituvchisi o‘z kasbiga va talabalariga yoki o‘quvchilariga mehr qo‘ygan, yuksak madaniyatli, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan shaxs bo‘lishi maqsadga muvofiq ekanligini ham e’tirof etish joizdir. Boisi, musiqa, insonda yuksak didni shakllantirishga xizmat qiladi va unga ma’naviy ozuqa beradi. Kishi ruhiyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatib, nafosat olamiga olib kiradi.
Shuning uchun musiqa darslarining mazmunida faqatgina o‘zlashtirishni emas, balki talaba-yoshlar ongini voqelikka nisbatan munosabatini rivojlantirish, estetik madaniyatini tarkib toptirish va ichki his-tuyg‘ularini shakllantirishga ham jiddiy e’tibor qaratish lozim. О‘qituvchining darsga ijodiy tarzda yondashishi muhim ahamiyat kasb etadi. Musiqa darslari texnika vositalari, metodik ko‘rgazmali qurollar, pianino, cholg‘u asboblari hamda o‘zbek xalq cholg‘u asboblari bilan ta’minlangan sinf xonalarida olib borilishi va o‘sha o‘quv auditoriyalarida insoniyat tomonidan yaratilgan musiqaga oid qoidalar, xulosalar, umumlashgan musiqaviy tajribalar xususidagi dolzarb ma’lumotlar bo‘lishi darkor. Ularni o‘zlashtirish orqali musiqa amaliyoti yo‘lidagi bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirilishida beqiyos natijalarga erishiladi.
Tadbir davomida О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-о‘qituvchilari, ushbu dargohda faoliyat olib borayotgan “О‘zbekiston xalq artisti”, “О‘zbekiston xalq hofizi”, “О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist” faxriy unvonlari sohiblari ishtirokidagi musiqiy dastur yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.
Shundan keyin konferensiya yo‘nalishlarga bo‘lingan holda o‘z ishini olib bordi. Konferensiya davomida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi. Oʻzaro baholashdan muvaffaqiyatli oʻtgan tadbir ishtirokchilarining maqolalari konferensiya materiallari toʻplamida nashr etiladigan bo‘ldi.