“Spektaklimizni olqishlar bilan kuzatadi deb o‘ylamagandim, chunki ular o‘zbek tilini, qadriyatlarini yaxshi bilishmasdi…”, “Shuni angladimki, milliyligimiz aks ettirilgan sahna ko‘rinishlari xorijliklarni ko‘proq diqqatini jalb etarkan…” — Moskvadagi xalqaro teatr festivalida g‘oliblar qatoridan o‘rin olgan O‘zDSMI ijodiy jamoasi a’zosi Sarvinoz Karimova bilan intervyu

Xabaringiz bor, 7-14-noyabr kunlari Moskvada Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirligi ko‘magida MDHga a’zo davlatlarning gumanitar hamkorlik bo’yicha davlatlararo jamg‘armasi hamda Rossiya davlat teatr san’ati instituti tomonidan tashkil etilgan “OLIY TA’LIM MUASSASALARI XALQARO TEATR SAN’ATI FESTIVALI” bo‘lib o‘tdi.
Unda О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori Ibrohim Yuldashev boshchiligida Teatr san’ati fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalaridan iborat ijodiy jamoa tomonidan (Badiiy rahbar – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi xalqaro tashkilotining Madaniyat va san’at ta’limi bo‘yicha Jamoatchilik Kengashi a’zosi, professor Temur Rashidov) teatrlashtirilgan “Sharq yulduzi” tomoshasi namoyish etildi.
Buyuk о‘zbek mutafakkiri, ulug‘ shoir Alisher Navoiyning “Xamsa” asari asosida yaratilgan ushbu “Sharq yulduzi” teatrlashtirilgan tomoshada ezgulik, adolat, erk, muhabbat, dо‘stlik va vafo g‘oyalarini tarannum etiladi. Unda inson hissiyotlari, uning oliy orzu-maqsadlari haqidagi falsafiy mulohazalar sо‘z san’ati, musiqa va raqs sintezida yangi badiiy-semantik mazmun kasb etgan.
Umuminsoniy axloq kodeksi darajasiga kо‘tarilgan Alisher Navoiy she’riyatida jamlangan samimiylik va hayo, ma’naviy kamolot va ilmga intilish, xalq uchun doimiy g‘amxо‘rlik qilish g‘oyalari о‘zbek milliy mumtoz ashulalari, mumtoz kuylari va mumtoz raqslari bilan ziynatlangan holda tomoshabinlar e’tiboriga havola qilingan “Sharq yulduzi” teatr tomoshasi yuqori malakali mutaxassislar va talabalar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, olqishlarga sazovor bо‘ldi.
Festival yakunida О‘zbekistonlik san’atkorlar tomonidan namoyish etilgan mazkur teatr tomoshasi Rossiya davlat teatr san’ati instituti – GITIS rektori Grigoriy Zaslavskiy tomonidan “Eng yaxshi teatr tomoshasi” diplomi bilan taqdirlandi.
Ushbu spektakl ishtirokchilaridan biri bo‘lgan Teatr san’ati fakulteti, “Estrada aktyorligi” yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Sarvinoz Karimova bilan suhbatlashdik.
– Moskva taassurotlari haqida fikr bildirsangiz…
– Moskva shahriga tashrif buyurishimiz bilan bizni iliq kutib olishdi. Ular ham bizga o‘xshagan mehmondo‘st xalq ekan. Moskvaga yetib borgach, “Metallurg” mehmonxonasiga joylashdik. U yerda barcha sharoitlar muhayyo qilingan ekan. Safar davomida mahorat darslarida ishtirok etdik. Shu bilan birga, qo‘shni mamlakatlardan tashrif buyurgan do‘stlarimiz tomonidan tayyorlangan spektakllarni tomosha qildik.
– Festivalda sahnalashtirilgan spektaklda ijro etgan rolingiz haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsangiz?
– Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning “Xamsa” asari asosida yaratilgan “Sharq yulduzi” nomli spektaklni namoyish etdik. Ushbu spektakl o‘zbek an’analarini aks ettiradigan ko‘rinishlardan iborat. Men milliy raqslarimizdan birini ijro etdim.
– Ushbu spektakl hakamlar va tomoshabinlar tomonidan qanday kutib olindi?
– Ushbu spektaklni hakamlar va tomoshabinlar yaxshi baholashdi. Bunday sharafga loyiq ko‘rilishimizni kutmagandim, chunki ular o‘zbek tilini bilishmaydi. Urf-odat, an’anlarimiz haqida ham yetarlicha tasavvurga ega bo‘lmasa kerak. Shunga qaramay, boshqa spektakllarga qaraganda ular aynan bizning ko‘rinishni olqishlar bilan bir nafasda kuzatib borishdi. Bu bizga katta kuch bag‘ishladi desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.
– Rossiyaga tashrif davomida u yerdagi qaysi jihatlar e’tiborga sazovor bo‘ldi?
– E’tiborga sazovor jihatlari bisyor ekan. Avvalo, mehmondo‘stligini ta’kidlash lozim. Qolaversa, necha kun u yerda bo‘lgan bo‘lsak, barcha sharoitlarni yaratishdi.
– Sizningcha, Rossiyaning teatr sohasidagi qaysi yutuqlaridan foydalanishimiz mumkin ekan?
– Ularda teatr sohasi bizga nisbatan ancha rivojlangan ekan. Ularda dekoratsiya jihatdan ham, aktyorlarning sahnada ko‘rinishi jihatdan ham imkoniyatlari keng. Barcha sharoitlar yaratilgan. Qolaversa, ular o‘z kasbiga jiddiy yondashadi. Shu bois, ular rivojlangan, deb o‘ylayman. Ular harakatlarni yuzaki amalga oshirmaydi, barcha ijrolar oylar davomida qilingan mehnat natijasida amalga oshiriladi. Bizning ulardan o‘rganishimiz kerak bo‘lgan jihatlar ko‘p.
– Hozirda qaysi asar ustida ishlayapsizlar va yaqin orada yana qanday festivallarda ishtirok etish maqsadlaringiz bor?
– Hozirda bitiruvchi kurs bo‘lganimiz sababli diplomoldi himoya ustida ishlayapmiz. Ayni damda bir emas, bir nechta spektakllar bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tyapmiz. Ko‘proq jahon adabiyotiga, jumladan, Shekspirning “Hamlet”, “Richard III”; shuningdek, Chingiz Aytmatov, Said Ahmad asarlari asosida qisqa ko‘rinishlar tayyorlayapmiz. Ularni umumlashtirgan holda katta spektakl sahnalashtiramiz. Kelgusida shu kabi teatr festivallarda ishtirok etmoqchiman. Shuni angladimki, milliyligimiz aks ettirilgan sahna ko‘rinishlari xorijliklarni ko‘proq diqqatini jalb etarkan.