Bir necha masalalar yuzasidan yig’ilish o’tkazildi

Bir necha masalalar yuzasidan yig'ilish o'tkazildi

Joriy yilning 11-mart kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda institut rahbariyati, professor-о‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar, tajribali olimlar, amaliyotchilar, tadqiqotchilar, tyutorlar ishtirok etdi.

Dastavval, institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldoshev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati, ushbu farmonda belgilangan muhim vazifalar, bu borada mazkur institutning oldida turgan dolzarb ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, institut o‘quv jarayonlari samaradorligini oshirish maqsadida yangi, interfaol pedagogik texnologiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlari, monografiya, ilmiy ishlanmalarni nashrga tavsiya qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi. Ilmiy tadqiqot ishlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida erishilayotgan natijalar, yoshlar tashabbuslarini aniqlash, talabalar, doktorantlar, yosh olimlarning ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalarini rivojlantirish, intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida aytildi.

– O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish hamda fan, ta’lim va ishlab chiqarishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi professor I.Yо‘ldashev. – Yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlovchi, keng dunyoqarash, chuqur bilimga ega bo‘lgan tashabbuskor, shijoatli yoshlarning faolligini yanada oshirish hamda ular safini kengaytirish masalasi ustoz-murabbiylardan yuksak kasbiy mahoratni talab etadi. Qolaversa, talabalar bilan olib boriladigan ma’naviy-marifiy ishlar samaradorligini oshirish, turli zararli oqimlar ta’siriga tushib qolishdan asrash, yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini ta’minlashga qaratilgan muhim vazifalarni o‘z vaqtida bajarilishi lozim.

Bir necha masalalar yuzasidan yig'ilish o'tkazildi

I.Yо‘ldashev tomonidan ta’kidlanganidek, mamlakatimizda milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish, ulug‘ ajdodlarimizning o‘lmas merosini o‘rganish hamda targ‘ib etish, uning mazmun-mohiyatini yoshlarimiz ongu shuuriga singdirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Alisher Navoiyning ijodiy merosi nafaqat xalqimizning, balki insoniyatning bebaho ma’naviy xazinasidir. Buyuk mutafakkirning serqirra ijodi asrlar mobaynida insoniyatni hamjihatlikka, ilm-ma’rifatga chorlab, xalqimiz uchun cheksiz faxr-iftixor timsoli bo‘lib kelmoqda. Qolaversa, yana boshqa buyuk allomalarimiz, mutafakkirlarimiz, millatimizning ziyolilari ham jamiyat rivoji, mamlakat farovonligi, tinchligu va xotirjamligini yoshlar tarbiyasi bilan bog‘laganlar. Demak, har birimiz talabalar tarbiyasiga mas’ul ekanligimizni unutmasligimiz kerak. Abdulla Avloniy “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat -yo falokat masalasidir”, deya ta’kidlaganida ham katta ma’no mujassam. Yoshlar tarbiyasini – hayot-mamot masalasi, deb taʼriflagan mutafakkir naqadar haq ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Yoshlarning hayotda o‘z o‘rinlarini topishlarida ta’lim dargohimizda faoliyat olib borayotgan professor-о‘qituvchilarimiz, ustoz-murabbiylarimiz katta hissa qo‘shishlari kerak. Buning uchun pedagogik jamoa a’zolari hamisha mas’uliyatni his qilgan holda o‘z kasblariga nisbatan fidoyilik xislatini yanada oshirishga intilishlari shart. Bunday jarayon, albatta, taʼlim sifati va taraqqiyotiga katta taʼsir ko‘rsatadi.

Bir necha masalalar yuzasidan yig'ilish o'tkazildi

Shuningdek, yig‘ilish davomida professor Ibrohim Yо‘ldoshev institut talabalarini ish bilan ta’minlash ustuvor vazifa ekanini alohida qayd etib, ta’lim dargohida tahsil olayotgan yoshlarni ishga joylashtirish uchun barcha choralarni ko‘rish, talabalarning qiziqishi, istaklari va qobiliyatini o‘rganish asosida ularni tashkilot va idoralarga yo‘naltirish lozimligini ta’kidladi.

– Institutning rahbar kadrlari, mas’ullarini ta’lim dargohimizdagi yoshlarni ish bilan ta’minlanishiga juda jiddiy ahamiyat qaratishlari lozim, – dedi professor Ibrohim Yо‘ldoshev. – Yoshlarimizning talabalik davrlaridan mehnat faoliyatini olib borishlari nafaqat moddiy jihatdan, balki ish tajribalarini mukammal darajada o‘rganishiga, bilim ko‘nikmalarini rivojlantirishiga katta yordam beradi. Bir so‘z bilan aytganda, talabalar hamda ish beruvchilar o‘rtasida muntazam uchrashuvlar tashkil etish, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida talabalarga ma’lumot berish kabi samarali ishlarni amalga oshirish lozim. Navoiy bobomiz yozganlaridek:

Odamiy ersang demagil odami,

Oniki, yо‘q xalq g‘amidin g‘ami.

Navoiy hazratlari demoqchilarki, kimning xalq g‘amidan g‘ami bо‘lmasa, haqiqiy odam bо‘lsang, uni odam dema. О‘ylaylik, tafakkur qilaylik!

Qolaversa, yig‘ilish davomida aytilganidek, tyutorlarning asosiy maqsadi taʼlim va tarbiya jarayonini samarali tashkil etishda unstitut va talabalar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, talabalarning ta’lim dargohi hayoti va taʼlim jarayoniga moslashishiga ko‘maklashish, ularga uslubiy, ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatish va talabalarda tanlagan kasbiga muhabbatni oshirishdir. Shu bilan birga, ular yigit-qizlarning dars mashg‘ulotlarini muntazam tahlil qilib boradi, yoshlarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini taʼminlaydi hamda ijtimoiy ahvolidan doimiy xabardor bo‘lib turadi.

Bir necha masalalar yuzasidan yig'ilish o'tkazildi

Qolaversa, ijarada istiqomat qilayotgan talabalar haqida to‘liq maʼlumotlarni olib, manzillariga borib, ularning yashash sharoitlarini o‘rganadi. O‘sha jarayonda yashash xonadonida oshxona jihozlari, muzlatkich, dars qilish uchun stol, o‘rindiq, kompyuter jamlanmasi, WIFI moslamasi, krovatlar mavjudligiga jiddiy ahamiyat qaratishi zarur. Gazdan foydalanish va is gazidan ehtiyot bo‘lishi va darslarga kech qolmasdan talaba formasida borishini tushuntirishi joiz.

Institut tasarrufidagi birinchi va ikkinchi talabalar turar joyida barcha shart-sharoitlar va imkoniyatlar talabalar uchun amalga oshirilgan bo‘lib, bu ham talabalarni taʼlimga bo‘lgan qiziqishini, sohaga bo‘lgan mehrlarini oshirmoqda. Chunki talabalar turar joyida talabalarning yo‘nalishidan kelib chiqib, maʼnaviyat xonalarida mashg‘ulotlar olib borishlari uchun ham imkoniyatlar yaratilgan.

Majlis davomida odob-axloq qoidalari, ichki-tartib intizom, Talabalar turar joylaridagi sanitariya gigiyena holatlari, yotoqxonalarni yangi jihozlar bilan ta’minlash ishlari haqida fikr bildirildi.

Axborot texnologiyalaridan foydalanilgan holda tarqatilayotgan milliy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan turli xildagi salbiy illatlarning farzandlarimiz fikriga singdirilishiga yo‘l qo‘yilmaslik kerak ekanligi aytildi. Ta’lim va tarbiyaning uyg‘un holda olib borish kerakligi uqtirildi.

Qayd etildiki, mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida bosqichma-bosqich kredit-modul o‘qitish tizimiga o‘tishi ta’lim tizimi rivojlangan xorijiy mamlakatlar bilan oliy ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilishi bilan yanada ahamiyatlidir. Ushbu tizim O‘zbekiston san’at va madaniyat instituti faoliyatida ham amaliyotga joriy qilinmoqda. Buning natijasida talabalar hamda professor-o‘qituvchilar uchun katta imkoniyatlar ochilmoqda. Kredit-modul tamoyilida talabalarning mustaqil ishlashini ta’minlash va talabalar bilimini reyting asosida baholash kabi asosiy masalalarga e’tibor berilmoqda. Bu tizimning oliy ta’limga joriy qilinishi o‘qitish sifatini oshirish, shaffoflikni ta’minlash, ta’lim oluvchining haqiqiy bilimini yuzaga chiqarish hamda talabaning mustaqil o‘qib-o‘rganib, o‘z ustida ishlashiga zamin yaratadi. Kredit-modul tizimining joriy etilishi o‘qituvchi va talabaning hamkorlikda ishlashida muhim omil hisoblanadi.

Ushbu yig‘ilishda barcha ishtirokchilar o‘zlari uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘ldi va kerakli xulosalar chiqarib, kelgusidagi istiqbolli rejalarini belgilab oldi.

image_pdfimage_print