
Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati Andijon viloyatidan tashrif buyurgan musiqa va san’at maktablarining rahbarlari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida o‘zaro hamkorlik borasida bir qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, viloyatdagi musiqa va san’atga ixtisoslashtirilgan maktablarda tahsil olayotgan o‘quvchilarni maqsadli tayyorlov asosida institutga jalb etib, oliygohda ular uchun xalq xofizlari, professor-o‘qituvchilar ishtirokida mahorat darslari tashkil etish, qolaversa, o‘quvchilarni madaniyat va san’at muhiti bilan tanishtirish masalasi ilgari surildi.
“Musiqani ilmga aylantirishimiz lozim. O‘zbek musiqa san’ati boy merosga ega. Shunga qaramay, bu sohadagi muammolarimizdan biri milliy musiqalarimiz, folklor qo‘shiqlarimizni notalashtirish sanaladi. Afsuski, bu boradagi ishlar biroz oqsagan. Biz bu borada katta hajmdagi ishlar amalga oshirmoqchimiz. Maqsadimiz nafaqat o‘zbek milliy musiqa san’atini dunyoga tanitish, balki amalga oshirgan ishlarimizni kelgusi yosh avlodga qoldirish sanaladi.
Shuningdek, musiqa va san’at maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchilarni institut muhiti, undagi ta’lim jarayoni bilan tanishtirish orqali yoshlarning kelajagiga bo‘lgan ishonchini orttirishni maqsad qilganmiz. Yosh o‘quvchilarga hozirdan ta’lim berib, ularni iqtidorli ijodkor hamda yetuk soha vakili etib tarbiyalash yo‘lida barchamiz birlashishimiz lozim”, – dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.
Bundan tashqari, institut ko‘magida musiqa va san’at maktablarini xalqaro tanlovlarga jalb etish, ular bilan doimiy aloqa o‘rnatish borasida kelishuvga erishildi.