1

Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda

Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri direktori, O‘zbekiston xalq artisti Ramziddin Usmonov bilan uchrashdi.

Suhbat davomida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalarning mazkur teatrda amaliyot o‘tashini ta’minlash, qolaversa, teatrda faoliyat olib boradigan mashhur san’atkorlar hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari o‘rtasida mahorat darslari tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, institutning o‘quv teatrida opera va balet teatri bilan hamkorlikda spektakllar sahnalashtirish borasida fikrlar bildirildi.

Bundan tashqari, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, Italiya, Fransiya kabi xorijiy mamlakatlarning madaniyat va san’at sohasiga oid oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda hamkorlik qilish hamda tajriba almashish masalasi ilgari surildi.

Uchrashuv so‘ngida kelgusida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.