Adolat va shaffoflik ustuvorligida — O‘zDSMIda yakuniy nazorat imtihonlari qay tarzda o‘tkazilmoqda?

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati talabalar ishtirokida o‘tkazilayotgan yakuniy nazorat ishi jarayonlari bilan tanishdi.
Institut rektori v.b. Eldor Shermanov 2-o‘quv binosidagi yakuniy nazorat ishlari o‘tkazilayotgan xonalarni ko‘zdan kechirib, yakuniy imtihon jarayonlari qay darajada tashkil etilgani bilan tanishdi.
Shuningdek, Eldor O‘ralovich talabalar bilan suhbat olib bordi hamda yakuniy nazorat ishi jarayonlarining qay darajada shaffof o‘tkazilayotgani hamda ularda mavjud muammolar yuzasidan fikr almashdi.
“Talabalar yakuniy nazorat ishini adolatli va ko‘ngildagidek topshirishlari uchun barcha sharoitlar yaratilishi lozim. Qolaversa, imtihonlar grafiki ham to‘g‘ri tuzilishi hamda talabalar belgilangan fandan imtihonlarni o‘z vaqtida topshirishi kerak”, – dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.
Qayd etish joiz, ko‘pgina fanlardan yakuniy nazorat ishlari shaffof ruhda o‘tkazilishi maqsadida kompyuterlashgan test shaklida o‘tkazilmoqda. Bunda talabalar belgilangan vaqt davomida semestr davomida tahsil olgan fanlardan tuzilgan test savollariga javob belgilashi talab etiladi. Shu bilan birga, imtihon jarayonlarining adolatli tashkil etish maqsadida imtihonga mas’ul o‘qituvchilar tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda.