Talaba qizlarga qaratilayotgan e’tibor, milliy taomlar festivali — 4-oktabr kuni talabalar turar joyida qanday masalalar muhokama qilindi?

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Ibrohim Yuldashev 2-talabalar turar joyi faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida rektor yotoqxonada istiqomat qilayotgan qizlar bilan suhbatlashdi.
Suhbat davomida dastlab O‘zbekistonda olib borilayotgan xotin-qizlar siyosati haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, mamlakatda ta’lim olish bo‘yicha xotin-qizlarga berilayotgan imtiyozlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, talabalar turar joyidagi to‘garaklar faoliyati qay tarzda davom etayotgani haqida hisobotlar tinglandi.
Qolaversa, institut yuriskonsulti tomonidan talabalar turar joyida istiqomat qilish tartib-qoidalari yana bir bora tanishtirib o‘tildi. Shu bilan birga, institut psixologi va uning vazifalari haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv so‘ngida talabalardagi muammo va takliflar tinglandi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Qayd etish joiz, 7 oktabr kuni talabalar turar joyida milliy taomlar festivali o‘tkazilishiga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun, 2-talabalar turar joyida hozirgi kunda 302 nafar talaba-qiz istiqomat qilmoqda. Ushbu maskanda talabalar uchun kutubxona, uzluksiz internetga ega axborot-texnologiyalari xonasi hamda sport-trenajyor xonasi tashkil etilgan bo‘lib, yoshlar bo‘sh vaqtida ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanib kelmoqda.