Ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan xodimlarning mukofot puli oshirildi, institutning milliy reytingdagi o‘rnini oshirish vazifalari belgilandi — 27-sentyabr kuni ilgari surilgan masalalar

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ta’lim sifatini oshirishga doir Ilmiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda institut rahbariyati, dekanlar, kafedra mudirlari va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida bir qator masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Oliy ta’lim muassasalari milliy reytingida holat tahlil qilindi. Eslatib o‘tamiz, ushbu reytingda mazkur institut 45-o‘rinda qayd etilgan. Kelgusida oliygohning egallab turgan o‘rnini oshirishga doir taklif va mulohazalar o‘rganildi.
Qolaversa, institut talabalarining ta’lim grantlarini qo‘lga kiritishda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilayotgani tanqidga olindi. Shuningdek, OAK tasarrufidagi jurnallarda maqola chop etish, Hemis tizimida kuzatilayotgan muammolar, Start-Up loyihalarini tayyorlash kabi masalalar tanqid ostiga olindi.
Ilmiy sohada faoliyat yuritayotganlarni rag‘batlantirishga alohida ahamiyat qaratildi. Quyidagi amalga oshiriladigan ishlar bo’yicha rag’batlantish ko’zda tutiladi:
— Scopus xalqaro ilmiy jurnalida chop etilgan maqola uchun;
— O‘quv yili davomida OTV grivi bilan chop ettirilgan darslik va o‘quv qo‘llanmalar uchun;
— OAK jurnallarida e’lon qilingan har bir maqola uchun;
— Talabalarning Respublika va xalqaro olimpiadalarda, nufuzli tanlovlar va sport musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgani uchun talaba va uning rahbari;
— Darslik, o‘quv qo‘llanmalari, monografiyalarning yaratilgan mobil ilovasi hamda ijodiy ishlar uchun mukofot puli bilan taqdirlanadi.
Bitiruvchi talabalarni ishga joylashtirish borasida ham tanqidiy fikrlar bildirildi.
Yig‘ilish davomida berilgan topshiriqlar yuzasidan hisobotlar tinglandi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo’lgan vazifalar muhokama qilindi.