“16-kun gender zо‘ravonlikka qarshi faol harakatlar” kampaniyasi doirasida “Orzulari osmon qizlar” spektakli namoyish etildi

О‘zbekiston davlat Yosh tomoshabinlar teatrida 2022-yil 30-noyabr kuni Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bо‘yicha respublika komissiyasi, О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bо‘yicha qо‘mitasi, О‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qо‘mitasi hamda Aholishunoslik sohasida BMT jamg‘armasi tomonidan 25-noyabr – Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zо‘ravonlikka qarshi kurashish kuni boshlangan hamda 2022-yil 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kunida yakunlanadigan “16-kun gender zо‘ravonlikka qarshi faol harakatlar” kampaniyasiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Tadbir “Odatiy narsalar” kо‘rgazmasi bilan boshlanib, unda zо‘ravonlikka tо‘qnash kelgan 16 nafar ayol bilan haqiqatda yuz bergan voqealar hikoya qilindi.
Kо‘rgazmaning ochilish marosimida, shuningdek, Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bо‘yicha qо‘mitasi raisi Malika Qodirxonova, О‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qо‘mitasi rahbari Zulayho Mahkamova hamda YUNFPAning О‘zbekistondagi vakili, janob YU YU ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida mehmonlarga uch pardali “Orzulari osmon qizlar” nomli spektakl namoyish etildi. Unda uch xil turli vaziyatda xotin-qizlar ma’lumoti va ayolning о‘zini-о‘zi shakllantirishi mavzusiga doir suhbatlar modellashtirilgan. Birinchi sahna kо‘rinishida ushbu mavzu bо‘yicha munozara maktab о‘quvchilari orasida kuzatilsa, ikkinchi harakatda – bir oila a’zolari о‘rtasida qizg‘in muhokamaga sabab bо‘ladi. Uchinchi sahnada esa mavzu ikki yosh oilaning о‘zaro munosabatlari misolida yoritilgan.
“Orzulari osmon qizlar” nomli spektakl О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Teatr san’ati fakulteti “Estrada va ommaviy tomoshalar rejissyorligi” ta’lim yо‘nalishi 2-kurs talabalari Shavkatbek BAZARBAYEV, Ruslanbek RUSTAMOV, Muxlisa IZZATILLAYEVA, О‘lmasxon SOBIROVA, Davlatbek ALISHOV tomonidan ijro etildi. Spektakl professor v.b. Jahongir MAMATQOSIMOV tomonidan sahnalashtirilgan.
Tadbir davomida davlat va xalqaro tashkilotlarning vakillari gender zо‘ravonlik va tengsizlik muammolariga yechim topish ustuvor ahamiyat kasb etishini hamda ularni bartaraf etish uchun hamkorlikda harakat qilish zarurligini qayd etdilar.