Iroda Mirzaxonovna Aliyeva
Iroda Mirzaxonovna Aliyeva (17.12.1929 – 07.06.1989)
Oʻzbekiston xalq artisti (1967). “A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati” (O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti) institutining “Dramatik teatr va kino aktyorligi” yo‘nalishini tamomlagan (1951), Hamza (hozirgi O‘zbek Milliy Akademik drama) teatrida ishladi (1951–1972), 1972–1989-yillar «Oʻzbekfilm» kinostudiyasida aktrisa. Nasiba («Ogʻriqtishlar»), Muqaddas («Chin muhabbat»), Shirin («Bir sevgi afsonasi»), Guzin («Turkiya haqida hikoya»), Kamola (R. Tagorning «Halokat» romani asosida yaratilgan inssenirovka – «Gang daryosining qizi»), Maryam («Jazoir, mening vatanim»), Asal («Sarvqomat dilbarim»), Nazokat («Parvona») rollarida Aliyeva muvaffaqiyat qozondi va lirik rollar ijrochisi sifatida tanildi. Yuksak texnika, mukammal sahna nutqiga ega boʻlgan Aliyeva qahramonlarining dunyoqarashi va ichki kechinmasini oʻziga xos sharqona xususiyat, nazokat bilan ifodalashga erishgan.
Kinoaktyor teatr-studiyasida Nina (A. Kason, «Yetti faryod», 1973), Enaga (A. Korneychuk, «Platon Krechet», 1974) va boshqa rollarni ijro etdi. Kinoda: «Akmal, ajdaho va malika» (1980), «Akmalning yangi sarguzashtlari» (1983) filmlarida yalmogʻiz kampir obrazini yaratdi.