О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida «FACE ID» tizimli zamonaviy turniketlar о‘rnatildi

Institut rahbariyati, xususan, ishlar boshqarmasi boshlig‘i Mirzohid Qurbonov tomonidan yangi 2024/2025-o‘quv yiliga tayyorgarlik munosib tayyorgarlik ko‘rish, oliygoh moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash hamda zamonaviy texnologiyalar joriy etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, institut hududiga kirish va chiqish nazoratini raqamlashtirish maqsadida yuzni tanish funksiyasiga ega «FACE ID» tizimli zamonaviy turniketlar о‘rnatildi.

Yangi о‘quv yilidan boshlab institut professor-о‘qituvchilari, ishchi-xodimlar va talabalarning kunlik davomati mazkur turniketlar orqali raqamlashtirilgan holda olib borilishi yо‘lga qо‘yiladi. Institut rahbariyati tomonidan oliygohda raqamlashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.




Geochang teatr maktabi bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi

16-avgust kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev Koreya Respublikasining Geochang teatr maktabi direktori Kan Man Xo boshchiligidagi muassasa delegatsiyasi bilan uchrashdi. Mehmonlarga institutimizning boy tarixi va faoliyati haqida ma’lumot berib o‘tildi.

O‘z navbatida, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o’rtasida ta’lim, madaniyat va san’at sohasida hamkorlik aloqalari jadallik bilan rivojlanib borayotganiga alohida urg‘u berib o‘tildi.

Uchrashuvda tomonlar o‘rtasida o‘zaro memorandum imzolash hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi. Bundan tashqari, joriy yilning oktyabr oyida Geochang teatr maktabidan professor-o‘qituvchilar va talabalarning O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurib, qisqa muddatli tajriba almashinuvida ishtirok etishi bilan bog’liq masalalar kelishib olinib, tegishli mas’ullar orqali jarayonni yuqori saviyada o‘tkazish belgilandi.

Shu bilan birga, mehmonlar sahna harakati va jismoniy madaniyat kafedrasi hamda o‘quv teatri faoliyati bilan yaqindan tanishdi.




O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-o‘qituvchisi Yevropada “faxriy akademik” unvoni bilan taqdirlandi

«Abdulla Oripov», “Puankare” kabi qator badiiy filmlar rejissyori, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining kino, televideniye va radio rejissyorligi kafedrasi o‘qituvchisi Muzaffarxon Erkinov Yevropa kino tashkilotlari tomonidan “faxriy akademik” unvoni bilan taqdirlandi.

Shuningdek, rejissyor Bolgariya kino, televideniye va internet akademiyasi bosh mukofoti — GRAN-PRI, “Eng yaxshi rejissyorlik ishi”, «Eng yaxshi operatorlik ishi” va “Eng yaxshi ssenariy” mukofotlariga ham loyiq ko‘rilgan.

«Faxriy akademik» unvoni Bolgariya kino, televideniye va internet akademiyasi, Yevropa audiovizual san’at assotsiatsiyasi, Parij Yevropa kino akademiyasi ESRA Skope audiovizual san’at universiteti (Skope – Parij – Nyu-York) tomonidan taqdim etildi.

Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida joriy yilning sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan kino-telefestivalning yopilish marosimida mazkur unvon o‘z egasiga topshiriladi.




Yangi o’quv yiliga tayyorgarlik ishlari ko’zdan kechirildi

Bugun O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev oliygohning ikkala talabalar turar joyida yangi o’quv yiliga tayyorgarlik borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ko’zdan kechirdi.

Hozirgi kunda 774 o’ringa mo’ljallangan 2 ta talabalar turar joyida yangi o’quv yili munosabati bilan barcha tegishli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Jumladan, barcha xonalarning jihozlar bilan ta’minlanganligi, talabalarning dam olishi va erkin ijodiy faoliyat bilan band bo’lishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Shuningdek, institut rektori tomonidan talabalar turar joyining ma’naviyat xonasi va kutubxonasining holati ko’zdan kechirilib, talaba-yoshlar uchun qo’shimcha qulayliklar yaratish borasida taklif va tavsiyalar berib o’tildi.

Bundan tashqari, talabalar turar joyidagi har bir xona ta’mirlanib, yangi o’quv yili uchun shay holatga keltirilmoqda.




О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni o‘qishga qabul qilish uchun suhbat jarayoni o‘tkazilmoqda

Hukumatining tegishli (11.01.2022-yildagi 17-son) qarori bilan texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan edi.

Bugun, 14-avgust kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tegishli ta’lim yo‘nalishlariga qabul uchun suhbat jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.

Imtihonlar kuzatuv kameralari ostida hamda belgilangan talablarga monand adolatli hamda shaffof tarzda o‘tkazilmoqda.




O‘zDSMI talabalarini turar joy bilan ta’minlash maqsadida ijara xonadonlari tayyorlanmoqda

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha birinchi prorektori Shohbek Ergashev va rektor maslahatchisi Alisher Ishchanov, dekan o’rinbosarlari va tyutorlar yangi o‘quv yili oldidan talabalarning turar joy bilan bog’liq ehtiyojlarini hal etish maqsadida ijara uylarida bo’lishdi.

Oliy ta’lim muassasasiga yaqin hududda joylashgan ijara xonadonlaridagi shart-sharoitlar o’rganilib, xonadon egalari bilan suhbatlashildi. Shuningdek, talabalarning moddiy holatini inobatga olgan holda, ularni qulay narxlarda ijara xonadonlari bilan ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur jarayon talabalar manfaatini himoya qilish va ularga barcha shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan bo‘lib, bu orqali yigit-qizlarning bor e’tiborini bilim olish va ijodkorlik qobiliyati rivojlantirish maqsad qilingan.




Sportchilarimizning tarixiy g‘alabalari

26-iyuldan 11-avgustga qadar butun dunyo e’tibori Fransiya poytaxti Parij shahriga qaratildi. Negaki bu yerda to‘rt yillikning eng nufuzli sport tadbiri — yozgi Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

Ushbu nufuzli musobaqada yurtimiz sportchilari Yangi O‘zbekistonning jahonda oshib borayotgan obro‘-e’tiboriga munosib tarzda ishtirok etib, tarixiy g‘alabalar va rekordlar qayd etishdi.

Jumladan, 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan medallar soni va sifati bo‘yicha dunyo miqyosida 13-o‘rin, Osiyoda 4-o‘rinni egallagan bo‘lsak, MDH davlatlari, Turkiy tilli davlatlar o‘rtasida mutlaq tengsiz bo‘ldik. Shu jumladan, boks bo‘yicha 5 ta oltin medal qo‘lga kiritgan holda mazkur sport turida dunyo miqyosida eng yaxshi natijani qayd etdik.

Diyora Keldiyorova yurtimiz tarixida dzyudo sport turida ilk oltin medal sohibasi va yozgi Olimpiya o‘yinlarida xotin-qizlar o‘rtasida ilk chempionimizga aylandi.

Bokschilarimiz — Bahodir Jalolov va Hasanboy Do‘stmatov hamda taekvondochimiz Ulug‘bek Rashidovlar ikki karra Olimpiada chempioni degan nomga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, erkin kurash bo‘yicha Razambek Jamalov, boks bo‘yicha Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Lazizbek Mullajonov va Abdumalik Xalakovlar oltin medal, og‘ir atletika bo‘yicha Akbar Jo‘rayev va taekvondo bo‘yicha Svetlana Osipova kumush medal hamda erkin kurash bo‘yicha G‘ulomjon Abdullayev, dzyudo bo‘yicha Muzaffarbek To‘raboyev va Alisher Yusupovlar bronza medallarini qo‘lga kiritib, eng aziz, eng ulug‘ bayram — Mustaqilligimizning 33 yilligiga munosib sovg‘a va yurtdoshlarimizga ulkan quvonch taqdim etishdi.

Shuningdek, sportchilarimiz Parij Olimpiadasida sportning futbol, suvga sakrash, kamondan otish va ayollar kurashi turlari bo‘yicha ilk bor ishtirok etishdi.

Albatta, bunday olamshumul yutuqlar va g‘alabalar zamirida Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan katta e’tibor va g‘amxo‘rlik, yoshlarni har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar mujassamdir.

Davlatimiz rahbari mazkur yutuqlarni oldindan ko‘ra olgan edilar. Zero, 2021-yildayoq Olimpiya o‘yinlarida kuchli o‘n beshtalikka kirish imkoniyatimiz borligini ta’kidlab o‘tdilar. Ko‘rib turganimizdek, bugun sportchilarimiz jahonda 13-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Guvohi bo‘lganimizdek, Prezidentimiz har bir g‘olib sportchimiz bilan muloqot qilib, ularni g‘alaba bilan muborak etdilar. Sportchilar va sportga bunday yuksak e’tiborni boshqa bir davlatda uchratmaysiz. Albatta, sportchi yoshlarimiz ham bunday e’tiborga munosib tarzda Yangi O‘zbekistonning jahon miqyosidagi obro‘sini yanada oshirishga xizmat qilayotganlari quvonarli hol.

Aziz yurtdoshlar, barchangizni sportchilarimizning tarixiy g‘alabalari bilan chin yurakdan samimiy muborakbod etamiz!

Nodirbek Sayfullayev,
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor.




O‘zDSMIda yangi o‘quv yili munosabati bilan talabalar turar joyida tayyorgarlik ishlari jadallik bilan davom etmoqda

Bugun О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha birinchi prorektori Shohbek Ergashev barcha fakultet dekan o’rinbosarlari va tyutorlar ishtirokida 2-talabalar turar joyini borib ko‘rdi.

Prorektor tomonidan yangi oʻquv yilida birorta talaba turar joy masalasida eʼtiborsiz qolmasligi, buning uchun bor imkoniyatni ishga solish kerakligini qayd etilib, barcha mas’ullarga ushbu masalani hal qilishda aniqlik va izchillik bilan ish olib borish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda talaba-yoshlarning ta’lim olish bilan birga o’z ustida ishlashi va dam olishi uchun yetarli sharoitlarni yaratish bo‘yicha zarur koʻrsatmalar berildi.

Ma’lumot o’rnida aytib o’tishimiz joiz, hozirda institutga qarashli 774 nafar talabani turar joy bilan ta’minlash imkoniyatiga ega 2 ta talabalar turar joyi mavjud.