Koreyadagi universitet bilan manfaatli hamkorlik

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga Janubiy Koreyaning Sejong universiteti vakillari tashrif buyurdi.

Uchrashuv davomida o‘zaro hamkorlik, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi dasturlarini qo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

«Oliygohimizda san’at sohasining barcha tarmoqlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlaydigan yo‘nalishlar maqjud. Boy tarixga ega institutimizni yetuk san’atkorlar tamomlagan. Biz milliylik bilan bir qatorda, xorijiy tajribalarni o‘rganishga qattiq bel bog‘laganmiz. Shu bois, o‘zaro hamkorlik qilishdan manfaatdormiz. O‘ylaymanki, ushbu hamkorlik ikkala tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi. Biz qog‘ozda qolib ketadigan emas, amaliy hamkorlik tarafdorimiz», dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Shuningdek, kelgusida ikki oliygoh o‘rtasida animatsiya san’atiga oid qo‘shma yo‘nalish ochish masalasi muhokama qilindi.

Uchrashuv so‘ngida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida memorandum imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.




O‘zDSMIda «Farengeyt bo‘yicha 451 daraja» spektakli namoyish etildi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining o‘quv teatri binosida professor Temur Rashidov badiiy rahbarligidagi Teatr san’ati fakulteti «Estrada aktyorligi san’ati» ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich talabalari tomonidan buyuk yozuvchi Rey Bredberining “FARENGEYT BO‘YICHA 451 DARAJA” asari asosida sahnalashtirilgan spektaklning navbatdagi namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Kitobxonlikka muhabbat va bilim muqaddasligi timsoliga aylangan mazkur spektaklda sayyoramiz aholisi uchun umumiy bo‘lgan muammolar — ommaviy madaniyat, jaholat va man’aviyatsizlik qoralanadi.

Sahna asari tomoshabinlar tomonidan yuqori baholanib, ularning olqishiga sazovor bo‘ldi.




Xalqona ijod namunalari yaratish ularning e’tirofiga sazovor bo‘lish manbaidir

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov Xalq ijodiyoti fakultetining birinchi bosqich talabalari bilan tanishuv uchrashuvi o‘tkazdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida oliygoh faoliyati, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ta’lim muassasining ichki tartib-qoidalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, Eldor Shermanov prodyusserlik sohasini e’tirof etib, film va seriallar tashkil etilishi hamda targ‘ibotida ularning o‘rni benihoya ekanligini ta’kidladi.




Kelajagi porloq yoshlar uchun to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish — ezgu vazifa

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov Kino, televideniye va radio san’ati hamda Kutubxona-axborot faoliyati fakultetlarining birinchi bosqich talabalari bilan tanishuv uchrashuvi o‘tkazdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida oliygoh faoliyati, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ta’lim muassasining ichki tartib-qoidalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

«Bizning oliygoh o‘z maqsadi, yo‘nalishlari va vazifalari bo‘yicha Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Institutimizni tanlab adashmagansiz. Chunki o‘zingiz istagan soha vakili bo‘lishni istab kelgansiz. Bu yerda shunchaki o‘qish kerak emas, balki zo‘rlarning zo‘ri bo‘lish uchun harakat qilish darkor. Institutimizda ko‘plab el suygan san’atkorlar tahsil olgan. O‘ylaymanki, yillar o‘tgach, ular safida sizlarning ismingiz ham tilga olinadi. Sizdan faqat bilim olish va intilish talab etiladi. Biz bu borada ko‘mak berishga tayyormiz», dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Rahbariyat tomonidan bugungi kunda o‘zbek filmlari va seriallaridagi muammolar tanqid qilinib, bunga Kino, televideniye va radio san’ati yechim topa olishiga ishonishi bildirdi.

«Bugungi film va seriallar maishiy mavzularga o‘ralashib qolganidan barchangiz xabardorsiz. Muammolarni ayta bilish ham darkor. Bu borada chuqur bilimga kinotanqidchilarni yetishishtirishga harakat qilamiz. Film deymizmi, serialmi, uning yaralish jarayonida ishtirok etadigan barcha ijodkorlar bizning oliygohdan yetishib chiqadi. Agar hozirda chuqur bilim egasi bo‘lib, birdamlikka erishsangiz, kelgusida yana elga manzur bo‘ladigan asarlar yaratilishiga shak-shubha yo‘q», deya qo‘shimcha qildi rektor v.b.

Shuningdek, Eldor Shermanov yetuk soha vakili bo‘lish uchun kitob mutolaasi nihoyatda ulkan ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdi. Shu bois, oliygohda har oy kitobxonlik tanlovlari o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

«Barchamiz oynai jahonda havas bilan tomosha qiladigan «Yosh kitobxon» tanlovi g‘oliblari Kutubxona-axborot faoliyati fakulteti talabalari bo‘lishi lozim. Sizlarning asosiy vazifangiz shu. Gʻoliblar qatoridan o‘rin olsangiz, nafaqat oilangiz, balki biz ham o‘zimizda faxr tuyg‘usini his qilamiz», dedi Eldor Shermanov.




O‘zDSMIda Bahrullo Lutfullayev ijodiy xonasi ochildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Bahrullo Lutfullayev tavalludining 75 yilligi munosabati bilan oliygoh rahbariyati tomonidan ustoz san’atkor xotirasi yod etildi.

Ta’lim muassasasida uzoq yil fidoyi mehnat qilib, o‘zidan o‘lmas asarlar qoldirgan hamda ko‘plab shogirdlar yetishtirgan Bahrullo Lutfullayevning ijodiy xonasi ochildi. Marosimda institut rahbariyati, ustoz san’atkorning oila a’zolari, shogirdlari hamda «Vokal» kafedrasi o‘qituvchilari ishtirok etdi.

«Bahrullo Lutfullayev har tomonlama yetuk inson edi. Ustoz nafaqat san’at sohasida, balki insoniylik jihatdan o‘rnak bo‘lishga arzigulik inson edi. Ustozni chin ma’noda bilim bulog‘i, deyishimiz mumkin. U kishining o‘lmas asarlari kelajak avlod uchun ulkan meros bo‘lib qoladi», dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Shuningdek, kelgusida Bahrullo Lufullayev xotira kechasi tashkil etilishi ta’kidlandi. Tadbir davomida Bahrullo Lufullayev to‘g‘risida xotiralar aytib o‘tildi hamda ustoz san’atkor shogirdlari tomonidan go‘zal qo‘shiqlar kuylandi.

Ma’lumot uchun, Bahrullo Lutfullayev 1948-yilning 5-sentyabr kuni Jizzax viloyatining Forish tumanida tug‘ilgan. U 1972-yilda Toshkent davlat konservatoriyasi xor dirijyorligi, 1987-yilda bastakorlik ixtisosliklari bo‘yicha tamomlagan. 2003-yildan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida faoliyatini boshlagan. Bir necha yillar davomida O‘zbekiston radiosi musiqiy eshittirishlar bo‘limi bosh muharriri, “O‘zbekiston milliy teleradio kompaniyasida” musiqa studiyasining bosh muharriri lavozimida faoliyat yuritgan.

Kompozitorning “Samarqand ushshog‘i”, “Yor istab”, “Hazilkash shoh”, “Mangu mash’al” kabi musiqali dramalari, solist va xor uchun “Hur O‘zbekiston”, “Toshkentim bor” syuitalari, “Ona” poemasi, “Firoq” xor turkumi va boshqa bir qator asari ijodining yorqin namunalaridan hisoblanadi. Kompozitorning musiqali dramalari Muqimiy nomidagi “O‘zbek davlat musiqali drama teatri” repertuaridan keng o‘rin olgan.

1999-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, 2001-yilda “Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan taqdirlangan. 2008-yilda “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi” faxriy unvonini olgan. 2020-yil «Madaniyat va san’at fidokori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. 2023-yil vafot etgan.




Xush kelibsiz, iste’dodlar

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida 2023/2024-o‘quv yili munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

Tadbirni oliygoh rektori v.b. Eldor Shermanov ochib berdi. Eldor Shermanov nutqi davomida ijodiy va test imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalarni tabriklab, ularga muvaffaqiyat tiladi. Talabalarning yetuk bilimlarni egallab, sohaning malakali xodimiga aylanishi uchun ta’lim muassasa rahbariyati tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratilishi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, imtihonlarda yuqori natijaga erishgan talabalar institut rahbariyati tomonidan tashakkurnoma bilan taqdirlandi.

Shuningdek, xalq xofizlari, el suygan san’atkorlar hamda iqtidorli talabalarning chiqishlari ham tomoshabinlarga zavq bag‘ishladi. Bayram shukuhi davom etmoqda.

 




O‘zDSMIda yangi o‘quv yili boshlandi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida 2023/2024-yilgi o‘quv mavsumi boshlandi.

Erta tongdan oliygohning malakali professor-o‘qituvchilari, zahmatkash xodimlari hamda bilimga chanqoq talabalari katta tantana bilan kutib olindi.

Shu bilan birga, o‘quv binolarida talabalar uchun «Vatan ozodligi yo‘lida shahid ketganlar mangu barhayotdir» mavzusida Mustaqillik darslari tashkil etildi. Darslarni institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, taniqli olimlar va ziyolilar olib bordi.

Ta’lim muassasasi rektori v.b. Eldor Shermanov mazkur darslarni ochib berdi hamda o‘z nutqi davomida ijodiy va test imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalarni tabriklab, ularga muvaffaqiyat tiladi.

Oliygoh hududida bayram shukuhi davom etmoqda.




O‘zDSMI Kengashida davlat mukofoti va ilmiy unvon sohiblari taqdirlandi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Kengashining 1-sonli yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda institut rahbariyati, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari va boshqalar ishtirok etdi.

Kengash kun tartibida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, Farmoyishlari va topshiriqlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va bayoni, Vazirliklarning buyruqlari va topshiriqlarining bajarilish holati, mustaqilligimizning 32 yillik tantanalariga tayyorgarlik jarayoni, olyigoh yoshlarini talabalar turar joyi bilan ta’minlash va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Qayd etish joiz, oliygohimizda ko‘p yillardan beri faoliyat yuritib, soha rivojida o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan to‘rt nafar professor-o‘qituvchimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandi, bu mamlakatiizdagi oliy ta’lim muassasalari miqyosida eng yuqori ko‘rsatkich sanaladi.

Jumladan, «Musiqali, dramatik teatr va kino san’ati» kafedrasi professori Munavvara Abdullayeva «Mehnat shuhrati» ordeni; «Madaniyat va san’at menejmenti» kafedrasi professori Viktor Alimasov va “Kino, televideniye va radio rejissyorligi” kafedrasi dotsenti Hilol Nasimov «Do‘stlik» ordeni; «Musiqali, dramatik teatr va kino san’ati» kafedrasi professori Erkin Komilov «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni bilan mukofotlandi.

Institut rahbariyati tomonidan o‘z sohasining zahmatkash va fidoyi vakillariga minnatdorchilik bildirildi hamda ularga moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida sertifikatlarni topshirdi.

Bundan tashqari, yana bir qancha zahmatkash ustozlarimizga ilmiy unvonlar berildi. Jumladan, «San’atshunoslik» kafedrasi o‘qituvchisi Usmon Azim hamda «Estrada va ommaviy tomoshalar san’ati» kafedrasi mudiri Timur Rashidov professor; «Sahna nutqi» kafedrasi o‘qituvichisi Shokir Yusupov hamda «Folklor va etnografiya» kafedrasi mudiri Kamoliddin Isayev dotsent ilmiy unvoni bilan taqdirlandi.

Shuningdek, «Vokal» kafedrasi o‘qituvchisi Sevara Malikovaga Turon akademiyasining faxriy-professori unvoni berildi.