“Debyut-2023” talaba-yoshlar kinofestivaliga start berildi

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi huzuridagi kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, BDKI Toshkent filliali hamkorligida joriy yilning 11–22-dekabr kunlari “O‘zbek kinosi – yangi nigoh” kinooyligini doirasidagi “Debyut” talaba-yoshlar kinofestivaliga start berildi. Unda oliygohimiz yoshlari ham faol ishtirok etmoqda.

“Yangi O‘zbekiston – tinchlik, ma’rifat, taraqqiyot” shiori ostida bo‘lib o‘tayotgan ushbu festival yurtimizda yosh iste’dodli kinoijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, mahoratli talaba yoshlarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish milliy kino san’ati vakillari bilan hamkorlikda kinematografiya sohasini rivojlantirish, yoshlar hamda milliy kinoindustriya vakillari bilan hamkorlikda qo‘shma kino loyihalari yaratishni kengaytirish hamda ushbu sohada ilmiy tadqiqot izlanishlarni amalga oshirish orqali soha rivoji uchun jalb etishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Kinofestival g‘oliblari quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus statuetka va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlanadi:
1.Eng yaxshi erkak roli;
2.Eng yaxshi ayol roli;
3.Eng yaxshi ssenariy;
4.Eng yaxshi animasion film;
5.Eng yaxshi hujjatli film;
6.Eng yaxshi ovoz rejissyori;
7.Eng yaxshi operatorlik ishi;
8.Eng yaxshi rejissyorlik ishi;
9.Eng yaxshi film;
10.Eng yaxshi maqola.

“Eng yaxshi film” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan ijodkorlar guruhiga 2024 yilda yaratiladigan to‘liq metrajli badiiy film uchun 500 000 000 (besh yuz million) so‘mlik;
“Eng yaxshi animasion film” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan ijodkorlar guruhiga o‘n daqiqalik to‘liq metrajli animasion film ishlash uchun 300 000 000 (uch yuz million) so‘mlik;
“Eng yaxshi hujjatli film” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan ijodkorlar guruhiga to‘liq metrajli hujjatli film yaratish uchun 200 000 000 (ikki yuz million) so‘mlik Davlat granti Kinematografiya agentligi tomonidan ajratiladi. Shuningdek, har bir g‘olib uchun uyali telefon hamda planshetlar sovg‘a qilinadi.




Dunyoning eng yaxshi 500 oliygohi reytingidan o‘rin olgan universitet bilan memorandum imzolandi

Ayni damda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti delegatsiyasi xizmat safari bilan Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi.

Bugun mamlakatda kino sohasiga ixtisoslashgan yetakchi oliygohlardan biri hisoblangan Chung-Ang universiteti bilan memorandum imzolandi.

Hamkorlik doirasida talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshiriladi. Jumladan, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari 6 oy mobaynida Chung-Ang universitetida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Shuningdek, 2024-yil O‘zDSMIda koreys oliygohi bilan hamkorlik doirasida qo‘shma ta’lim yo‘nalishi ochilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, kelgusida ikki oliygoh vakillari ishtirokida konferensiyalar, doktorlik dissertatsiyasi himoya ishlarini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 1916-yil tashkil etilgan mazkur oliy ta’lim muassasasida 30 mingdan ortiq, shu jumladan, dunyoning 80 ga yaqin davlatidan 4 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Ulardan 40 nafari o‘zbekistonlik yoshlar hisoblanadi.

Universitet QS World University ro‘yxatida eng yaxshi 500 oliygohdan biri hisoblanadi. Shuningdek, ushbu dargoh Osiyoning eng yaxshi 50 universitetidan biri sanaladi.




O‘zDSMIda namoyish etilgan «Qora quyosh» spektakli vazirlik hamda OTM rahbarlari tomonidan e’tirof etildi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi markaziy apparati xodimlari, Toshkent shahrida joylashgan Oliy taʼlim muassasalari rektorlari va filiallari direktorlari hamda Toshkent shahrida joylashgan Akademik litseylar va professional taʼlim muassasalari direktorlari tashrif buyurib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf dostoni asosida sahnalashtirilgan «Qora quyosh» spektaklini tomosha qilishdi.

O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo va Iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Shavkat Do‘stmuhammad inssenirovkasi asosida O‘zbek davlat musiqali drama teatri bosh rejissyori Doston Haqberdiyev tomonidan sahnalashtirilgan mazkur spektaklda oʻtgan asrning buyuk adiblari Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir kabi xalqimizning vatanparvar farzandlarining vatan ozodligi yoʻlidagi mashaqqatli taqdirlaridan hikoya qilinadi.

Spektakl tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Shu o‘rinda, vazirlik mutasaddilari tomonidan sahna asari uchun minnatdorchilik bildirildi hamda bosh rol ijrochisi Ulug‘bek Musinovga esdalik sovg‘asi tuhfa etildi.




O‘zDSMI rektori oliygoh stipendiantlarini taqdirladi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov Prezident va nomli davlat stipendiyalarini qo‘lga kiritgan talabalar bilan uchrashdi.

Muloqot davomida rektor mazkur yutuq egalarini tabriklab, ularning ilmiy-ijodiy faoliyatida muvaffaqiyat tiladi. Shu bilan birga, talabalarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

«Barchangizni Prezident va nomli davlat stipendiyalarini qo‘lga kiritganingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman. Biroq bu bilan chegaralanib qolmasligingiz va barchaga o‘rnak bo‘lishingiz lozim. Barchangiz oddiy oila farzandisiz, bunday natijalarga o‘z bilimingiz va intilishlaringiz evaziga erishdingiz. Siz kabi yoshlar institutimiz ravnaqiga hissa qo‘shishiga ishonch bildiraman. Ilm olishdan va intilishdan to‘xtamang», dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

O‘z navbatida, talabalar ularni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan ustozlari hamda institut rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi.

 




Taniqli rejissyor Olimjon Salimov ishtirokida O‘zDSMI talabalari uchun mahorat darslari tashkil etiladi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov O‘zbekiston davlat drama teatri bosh rejissyori Olimjon Salimov bilan uchrashdi.

Muloqot davomida bugungi kunda o‘zbek teatridagi yutuq va kamchiliklar borasida fikr almashildi.

Shuningdek, ustoz rejissyor ishtirokida institut talabalari uchun mahorat darslari tashkil etish borasida kelishuvga erishildi.




«Renessans» kino uyida «Tirik tarix» turkumidagi filmlar dasturining kengaytirilgan muhokamasi bo‘lib o‘tdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga sayyohlarni ko‘paytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda Kinematografiya agentligiga milliy tarix bo‘yicha kamida 50 ta badiiy, hujjatli va musiqali asarlar yaratish dasturini ishlab chiqish topshirig‘ini bergandi.

Bugun «Renessans» kino uyida Kinematografiya agentligi tomonidan ishlab chiqilgan «Tirik tarix» turkumidagi filmlar dasturining kengaytirilgan muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda san’at arboblari, olimlar, kinoijodkorlar, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchi va talabalari hamda kino ixlosmandlari ishtirok etdi.

«Tirik tarix» turkumidan 2024–2030-yillarda yaratiladigan tarixiy hamda tarixiy-biografik filmlar o‘rin olgan.

Dastur 8 ta turkumni o‘z ichiga olgan bo‘lib, 50 ta kinoloyihadan o‘ttiz beshtasi badiiy, ikkitasi badiiy-publisistik va animasion film, bittasi qisqa metrajli badiiy film, kinoserial hamda animasion serial hisoblanadi.

Muhokamada mutaxassislar tomonidan taklif va mulohazalar bildirildi. Shu o‘rinda, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov hamda Ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati kafedrasi mudiri Iqbol Meliqo‘ziyev dastur bo‘yicha o‘z fikrlarini aytib o‘tdi.

Shu bilan birga, suratga olinadigan filmlarda oliygoh talabalari qamrovi yuqori bo‘lishi, ularni malaka oshirish uchun xorijiy mamlakatlarga yuborish masalalari ko‘rib chiqildi.

 




O‘zDSMI rahbariyati kutubxona-axborot faoliyati fakulteti sirtqi bo‘lim talabalari bilan uchrashdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov kutubxona-axborot faoliyati fakulteti sirtqi ta’lim yo‘nalishida tahsil oladigan talabalar bilan uchrashdi.

Uchrashuv avvalida institut rahbariyati tomonidan talabalarga oliygohning ilmiy-ijodiy faoliyati, yutuqlari, xalqaro hamkorlikda amalga oshirayotgan loyihalar hamda istiqbolli rejalari haqida ma’lumot berib o‘tildi.

«So‘nggi yillarda ko‘plab yutuqlarga erishdik. Institutda faoliyat olib borayotgan fan doktor va professorlar soni sezilarli ravishda ko‘paydi. Shu bilan birga, talabalarimiz respublika va xorijiy tanlovlarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin egallamoqda. Talabalarning yutuqlaridan biz hamisha faxrlanamiz va imkoniyatimiz darajasida ko‘mak berishga tayyormiz. Kelgusi yil ham istiqbolli rejalarni amalga oshirishda davom etamiz.

«Kutubxonachilar men uchun alohida ahamiyatga ega soha vakillari hisoblanadi. Chunki bugungi darajaga yetib kelishimizda biz o‘qigan kitoblar hamda ularni ulashishda bevosita xizmat ko‘rsatgan kutubxona vakillarining xizmati nihoyatda beqiyos sanaladi. Kutubxonachilar barcha davrda e’zozlanib kelgan. Kitobga oshno bo‘lgan odamning qalbi toza bo‘ladi. Dunyoni faqatgina ilm-fan orqali zabt etish mumkin», dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida talabalar tomonidan takliflar bildirilib, ularni tatbiq etish bo‘yicha mas’ul shaxslarga tegishli topshiriqlar berildi.




O‘zDSMIda fransiyalik rejissyor tomonidan mahorat darslari o‘tkaziladi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari uchun «Les Ateliers Varan» hujjatli filmlar maktabi a’zosi, rejissyor David Treitiakoff tomonidan ikki hafta mobaynida mahorat darslari o‘tkaziladi.

Fransiyalik mutaxassis bugun oliygohga tashrif buyurib, rektor v.b. Eldor Shermanov bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqayotganini ta’kidlashdi.

«O‘zbekistonda fransuz tili va madaniyatiga bo‘lgan qiziqish yuqori darajada hisolanadi. Bundan kelib chiqadigan bo‘lsak, o‘zaro hamkorligimiz ikki mamlakat madaniy aloqalari rivojiga ulkan hissa qo‘shadi», dedi O‘zDSMI rektori v.b. Eldor Shermanov.

O‘z navbatida, fransiyalik mutaxassis hamkorlik masalasi amaliy tus olganidan xursand ekanligini ta’kidladi.

«O‘zbekistonga ikkinchi marotaba tashrif buyurdim. Mamlakat nihoyatda go‘zal, yoshlari ham juda iqtidorli sanaladi. O‘zaro hamkorlikda samarali loyihalardan biri amalga oshirilayotganidan behad xursandman», dedi David Treitiakoff.

O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi tashabbusi va ko‘magida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha davomida xorijlik mutaxassis tomonidan talabalar uchun rejissura va montaj jarayoni bo‘yicha saboq beriladi.