Prezidentimiz islohotlariga kamarbasta bo‘lamiz

Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda ma’naviyat va madaniyat faollari, adabiyot va san’at namoyandalari bilan bir qatorda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari ham ishtirok etdi.

Bugun oliygohda Prezident tashabbuslari ijrosini ta’minlash hamda islohotlar bilan yoshlarni tanishtirish maqsadida yig‘ilish tashkil etildi. Unda sohalar oldidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Institut rahbariyati tomonidan kelgusi yilda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

«Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan juda katta tashabbuslar ilgari surildi. Albatta, davlatimiz rahbarining madaniyat va san’at sohasiga bu qadar jon kuydirayotgani barchamizda faxr tuyg‘usini uyg‘otishi lozim. Bu ham bizga mas’uliyat bilan rivojlanish olg‘a qadam tashlashimizga turtki beradi. Barchamiz Yurtboshimiz islohotlariga kamarbasta bo‘lishimiz va ishonchni oqlashimiz lozim», — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Yig‘ilish davomida Prezident ilgari surgan tashabbuslar uchun institut professor-o‘qituvchilari tomonidan ham minnatdorchilik bildirildi. Shu bilan birga, soha rivojiga oid vaziflarni bosqichma-bosqich amalga oshirish yuzasidan mas’ul shaxslarga tegishli topshiriqlar berildi.




O‘zDSMIga ozarbayjonlik taniqli shoir Xayol Rizo tashrif buyurdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi boshqaruv kengashi a’zosi, uyushma matbuot xizmati rahbari Xayol Rizo tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Xayol Rizo institut rahbariyati bilan ikki mamlakatning madaniyat va san’at sohasida amalga oshirayotgan hamkorliklari, adabiyot va kitobxonlik borasida qarashlari to‘g‘risida fikr almashdi.

Shuningdek, ozarbayjonlik mehmon oliygohning axborot-resurs markazi faoliyati bilan tanishdi hamda o‘quv teatrida tashkil etilgan konsert dasturini tomosha qildi.




O‘zDSMIda folklor, til va madaniyat masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamkorligida joriy yilning 19-dekabr kuni folklor va etnografiya kafedrasi tashabbusi bilan «Folklor, til va madaniyat masalalarini ilmiy o‘rganishda fan va innovatsiyalar uyg‘unligi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Unda soha vakillari, taniqli professor-o‘qituvchilar va olimlar, kafedra o‘qituvchilari, tayanch doktorant va boshqalar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Konferensiya zamonaviy ilm-fan yutuqlarini o‘zbek folklori, tili va madaniyatiga tatbiq etish orqali sohani yanada rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Shuningdek, shoʻbalar tashkil etilib, «Mustaqillik davri folklor san’atining o‘ziga xos xususiyatlari, o‘zbek folklorshunosligida olib borilayotgan izlanishlar», «Xalq dostonlarining milliy madaniyatimizda tutgan o‘rni», «Lingvofolkloristika, til, adabiyot va folklor masalalari» kabi mavzular muhokama qilindi.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlandi.




O‘zDSMI o‘qituvchi va talabalari Koreya media san’ati universitetida bepul malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti delegatsiyasi Koreya media san’ati universiteti faoliyati bilan tanishdi.

Uchrashuv davomida ikki oliygoh rahbarlari hamkorlik memorandumini imzoladi. Unga ko‘ra, ta’lim muassalari o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bunda talabalar ikki yil O‘zDSMIda o‘qib, qolgan ikki yilni Koreya media san’ati universitetida davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, kelgusi yilning bahorida institutimi o‘qituvchilari va talabalari mazkur universitetida ikki hafta davomida bepul malaka oshirish kurslarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.




O‘zDSMI rektori v.b. Eldor Shermanov Koreya media san’ati universiteti faxriy professori unvoni bilan taqdirlandi

Xabaringiz bor, shu kunlarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti delegatsiyasi xizmat safari bilan Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi.

Bugun institutimiz rektori v.b. Eldor Shermanov Koreya media san’ati universitetining faxriy professori unvoni bilan taqdirlandi.

Mazkur unvon oliygohimiz rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va talabalarining Koreya madaniyati va san’ati, shuningdek, ikki mamlakatning do‘stona aloqalarini aks ettirgan tadbirlardagi faol ishtirokiga minnatdorchilik ramzi sifatida taqdim etildi.

Shu bilan birga, institut delegatsiyasi tomonidan Media san’ati universiteti vakillariga o‘zbek to‘ni va milliy noz-ne’matlar tuhfa qilindi.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Koreya ta’lim markazi bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Oliygohimizda Koreya madaniyat markazi va koreys tili kurslari yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zDSMI rahbariyati Koreya Respublikasiga tashrif davomida ko‘plab hamkorlik shartnomalari imzolamoqda. Buning natijasida oliygoh o‘qituvchilari va talabalari kelgusida mazkur mamlakatda bepul malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.




San Mun universiteti bilan memorandum imzolandi

Ayni paytda Koreya Respublikasida bo‘lib turgan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti delegatsiyasi vakillari bugun San Mun universitetiga tashrif buyurdi.

Kelishuvga ko‘ra, 2024-yil aktyorlik bo‘yicha qo‘shma ta’lim yo‘nalishi ochildi. Unda talabalar ikki yil davomida O‘zbekiston, yana ikki yil Koreya Respublikasida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shu jumladan, San Mun universiteti tomonidan to‘rt nafar o‘zbekistonlik talaba uchun bepul turar joy hamda stipendiya ajratiladi.

Tashrif davomida institutimiz delegatsiyasi koreys ta’lim markazi vakillari bilan uchrashib, kelgusida hamkorlik asosida madaniy tadbirlar o‘tkazish, mamlakatda o‘zbek madaniyati kunlarini tashkil etish borasida kelishuvga erishildi.

San Mun xususiy universiteti 1989-yil tashkil etilgan bo‘lib, koreys tilini o‘qitish bo‘yicha mamlakatda eng yetakchi oliygohlardan biri hisoblanadi.




O‘zDSMI delegatsiyasi Sungshin universiteti axborot-resurs markazi va talabalar turar joyi faoliyati bilan tanishdi

Ayni vaqtda Koreya Respublikasida bo‘lib turgan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati bugun Sungshin universiteti axborot-resurs markazi faoliyati bilan tanishdi.

Yetti qavatdan iborat mazkur dargoh Koreyadagi eng yirik markazlardan biri bo‘lib, talabalarning dars qilishi hamda o‘z ustida ishlashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Talabalarning erkin ijod qilishi va ma’lumot olishi uchun darslik va qo‘llanmalar ochiq fondda saqlanadi.

Bundan tashqari, markazda kutish zali va dam olish xonalari ham mavjud. Shuningdek, guruh bo‘lib hamda yakka tartibda ishkash uchun maxsus xonalar tashkil etilgan.

Axborot-resurs markazida zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan bo‘lib, talabalar uchun barcha qulayliklar muhayyo qilingan.

Kelgusida oliygohimiz axborot-resurs markazini Koreya metodi asosida tizimli yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, delegatsiya universitetning talabalar turar joyiga tashrif buyurib, bu yerda yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.




Sungshin universiteti bilan hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda

Xabaringiz bor, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti delegatsiyasi xizmat safari bilan Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi.

Bugun instituti rektori hamda fakultet dekanlaridan iborat delegatsiya Sungshin universitetiga tashrif buyurib, oliygoh prezidenti Son Kin Yi bilan hamkorlik doirasida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qildi.

Muloqot davomida Koreya oliy ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan islohotlarni mamlakatimizda tatbiq etish, oliygohlar o‘rtasida turli loyihalarni yo‘lga qo‘yish borasida fikr almashildi. Shuningdek, istiqbolli vazifalar bo‘yicha kelishuvga erishildi. Unga ko‘ra, O‘zDSMIning yana ikki talabasi Koreyada bir semestr mobaynida bepul tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tashrif mobaynida delegatsiyamiz a’zolari mazkur oliygohda tahsil olayotgan O‘zDSMI talabasi bilan dars jarayonlari hamda talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar borasida suhbatlashdi.