“Teatr san’ati” fakultetida “Estrda va ommaviy tomoshalar rejissyorligi” ta’lim yо‘nalishi 1-bosqich talabalari ishtirokida “Tasavvurdagi buyumlar bilan ishlash” mavzusida ochiq dars о‘tkazildi

 

Unda institut rektori, professor, mazkur kafedra pedagogi Nodirbek Sayfullayev, shuningdek, kafedra professor-o’qituvchilar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Mazkur ochiq darsda asosiy e’tibor sahnaviy tasavvur, diqqat, munosabat va xotirani rivojlantirishga qaratilgan bо‘lib, talabalar ijrosida trening mashqlari va tasavvurdagi buyumlar bilan ishlash mashqlari asosida yoritilib berildi.

 

Dasturdan о‘rin olgan har bir amaliy mashq talabalar tomonidan ijro etilib, har bir buyumga tasavvur orqali murojaatning amaliy ifodalanishi ularning xatti-harakatlari asosida namoyish etildi.

Sinxron harakatlar va ijrodagi ishonch, talabalarda rejissyor uchun eng muhim layoqat omillari bо‘lgan tasavvur, diqqat, kо‘rish, eshitish, his qilish, musiqani his qilish, ritmga mos tushish, sahnaviy hamrohni his qilish, eng muhimi talabalarning sohaga nisbatan ishtiyoqini kuchaytirishda katta ahamiyat kasb etdi.

Ochiq darsning yuqori saviyada о‘tkazilishida kurs pedagoglari: “Aktyorlik mahorati” fani o‘qituvchisi – J.Sobirov, “Sahna nutqi” fani o‘qituvchilari – san’atshunoslik fanlarinomzodi, professor G.Xoliqulova, I.Nazarova, “Plastika” fani o‘qituvchisi –san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent v.b. S.Mannonov, “Raqs” fani o‘qituvchisi – professor N.Abrayqulova va kurs badiiy rahbari – pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), professor J.Mamatqosimov hamda magistrant Sh. Bazarbayevning xizmatlari katta bо‘ldi.

Shundan so’ng kafedra professor-o’qituvchilari ishtirokida muhakama bo’lib o’tdi.

Unda N.Sayfullayev Muhtaram Prezidentimiz tomonidan barcha sohalar qatori san’atga, xususan teatr, ommaviy bayram va tomoshalar rejissurasiga berilayotgan katta e’tibor xususida gapirirar ekan, bu islohotlarga javoban institutda amalga oshirilishi lozim bо‘lgan muhim vazifalarga tо‘xtalib о‘tdi.

Shuningdek, muhokamada so’zga chiqqanlar malakali rejissyorlarni tayyorlashda milliy teatr maktabi an’analarini tо‘g‘ri davom ettirish, о‘qitish metodikasini zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida olib borish samarali ekanligini aytib o’tishdi.

Dars jarayonlarini “ustoz-shogird” an’analariga tayangan holda olib borish, xorijiy ilg‘or tajribalarni ta’lim tizimiga tatbiq etish kabi zarur vazifalar yuzasidan fikr almashildi.




Shu yilnig 17-19 noyabr kunlari O`zbekiston davlat san`at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev boshchiligida bir guruh professor-o`qituvchilar institutning Nukus filalida xizmat safarida bo`lishdi

Uch kun kechgan xizmat safari davomida aktyorlik mahorati, sahna harakati, vokal kabi yо‘nalishlar bо‘yicha filial talabalariga mahorat darslari olib borildi.

 

Jarayon davomida filial va institut o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, professor-o‘qituvchilarni malakasini oshirish, metodik yordam berish, qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yish hamda о‘tkazilgan mahorat darslari bо‘yicha uchrashuvlar о‘tkazilib, xulosa qilindi.

 

Yakuniy muhokama davomida oldimizda turgan vazifalar, har bir ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi. Xususan, dars jarayonlarini zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish, talabalar ijodiy salohiyatini oshirish, amaliy mashg‘ulotlar sifatini yanada yaxshilash, o‘quv dasturlarini yangilash va mutaxassislik fanlari bo‘yicha innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, ular xizmat safari davomida Nukus shahridagi bir qator madaniy tadbirlarda qatnashdilar.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganiga 34 yil to‘lishi munosabati bilan Nukus filiali jamoasi tomonidan tayyorlangan kosert dasturida, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida namoyish etilgan “Sevmaganga suykalma” spektaklida, filialda bо‘lib о‘tgan «Yashil makon» umummilliy loyihasida, Nukus ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabining 65 yilligiga bag‘ishlangan yubiley tadbirida ishtirok etishdi.

Bundan tashqari O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali jamoasi bilan ham uchrashib, filial faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Bunda filialning yangi binosi, yaratilgan zamonaviy o‘quv-madaniy sharoitlar, talabalarning ta’lim jarayoni, mavjud auditoriyalar, maxsus xonalar, institutning moddiy-texnik bazasi hamda kutubxona fondi kо‘rib chiqildi.

Shundan sо‘ng Fransiyaning Versal konservatoriyasi bilan hamkorlikda fransiyalik musiqa ijrochilari «Trielen triosi» va filialning iqtidorli talaba-yoshlaridan tashkil topgan «Damli cholg‘ular orkestri» bilan hamkorlikdagi konsert dasturida qatnashishdi.

Shuningdek, institut jamoasi I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida ham b`lishib, katta ta’surotlarga ega bо‘lib qaytildi.




O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Rejissyorlik (kino va televideniye) ta’lim yo’nalishi 2-bosqich talabasi Oxunov Axadjon Moskva shahrida bo’lib o’tgan “Взрослеем вместе” VII Xalqaro kinofestivalda o‘zining “Клоун” qisqa metrajli filmi bilan ishtirok etib, festivalda g‘olib deb topildi

Bugungi kunda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tahsil olayotgan yosh ijodkorlarning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari yurtimiz kino maktabining salohiyati tobora ortib borayotganini yana bir bor namoyon etmoqda. Talabalarning nufuzli festivallardagi ishtiroki va yutuqlari ularga yaratib berilgan imkoniyatlar, о‘qitvchilar mehnati hamda talabalarning o‘z ustida tinmay ishlayotganining amaliy samarasidir.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Kino, televideniye va radio rejissyorligi” kafedrasi Rejissyorlik (kino va televideniye) ta’lim yo’nalishi 2-bosqich talabasi Oxunov Axadjon Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida bo’lib o’tgan “Взрослеем вместе” VII Xalqaro kinofestivalda o‘zining “Клоун” qisqa metrajli filmi bilan ishtirok etib, festivalda g‘olib deb topildi.

Shuningdek, 10–14 noyabr kunlari Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan “45-VGIK Xalqaro talabalar kino festivali”da ham ishtirok etib, uning mazkur filmi ko‘plab tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev yosh ijodkorni ushbu yutuqlar bilan tabriklar ekan, bu natija nafaqat institut, balki mamlakatimiz kino ta’limi va yosh ijodkorlar maktabi uchun katta faxr ekanini ta’kidladi. U Axadjonning ijodga jiddiy yondashuvi, izlanuvchanligi va professional o‘sishga bo‘lgan intilishini yuqori baholadi hamda bunday muvaffaqiyatlar boshqa talabalar uchun ham katta motivatsiya ekanini qayd etdi.

N.Sayfullayev ushbu “Клоун” qisqa metrajli filmining olinish jaryonlari, shuningdek, Axadjonning kelgusi ijodiy rejalari haqida sо‘rar ekan, institut yoshlar ijodini qo‘llab-quvvatlashda, ularning xalqaro tajriba orttirishi va yangi bosqichga chiqishi uchun doimo ochiq maydon bo‘lib qolishini aytib о‘tdi.

Shu o‘rinda biz ham Axadjon Oxunovning kelgusi ijod va o‘qishlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz. Uning yangi loyihalari O‘zbekiston kino san’ati ravnaqiga munosib hissa qo‘shishiga ishonamiz.




O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Xayrulla Lutfullayevning 80 yilligiga bag’ishlangan ijodiy kecha bo’lib o’tdi

Bugun poytaxtimizdagi Turkiston san’at saroyida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Xayrulla Lutfullayevning 80 yilligiga bag’ishlangan ijodiy kecha bo’lib o’tdi.

Mazkur tantanali tadbirda Madaniyat vazirligi rahbariyati va xodimlari, keng jamoatchilik vakillari, san’at va madaniyat ustalari, ustozning kasbdoshlari, shogirdlari hamda uning oila a’zolari ishtirok etishdi.

 

Jumladan, O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev boshchiligidagi professor-o’qituvchilar hamda talabalar ham kechada faol qatnashdi.

Dastlab, O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan tayyorlangan Xayrulla Lutfullayevning hayoti va ijodiy faoliyati haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyish etildi.

O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ustozni qutlug’ 80 yosh bilan tabriklar ekan, yurtimiz san’ati va madaniyati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashdagi fidokorona mehnati, o‘ziga xos ijro maktabi va pedagogik faoliyatini alohida e’tirof etidi. Shundan so’ng vazir Xayrulla Lutfullayevga “Madaniyat va san’at fidokori” ko’krak nishonini tantanali rashivda topshirdi.

Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Xasanov so’zga chiqib, ustozni insoniy jihatlari borasida iliq fikrlar bildirdi hamda “Ma’naviyat fidoiysi” ko’krak nishoni bilan taqdirladi.

 

Nuroniylar kengashi raisi Rustam Kalonov esa Xayrulla Lutfullayevni Nuroniy inson sifatida ko’rsatayotgan o’rnaklarini e’tirof etdi va esdalik sovg’alarini topshirdi.

Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi respublika Kengashi raisi Otabek Musayev “O’zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi lauryati” ko’krak nishonini topshirdi.

Kecha davomida ustoz yaratgan ijodiy meros nafaqat milliy qo‘shiqchiligimiz uchun bebaho boylik ekani ta’kidlandi.
Uning milliy an’analarimizni asrab-avaylash va yosh avlod qalbida san’atga mehr uyg‘otish borasidagi xizmatlari alohida e’tirofga sazovor ekani qayd etildi.

Shundan so’ng kechaning badiiy qismiga navbat berildi.
Unda tomoshabinlar e’tiboriga Xayrulla Lutfullayev ijodidan o’rin olgan qo’shiqlar, xalq sevgan ustoz san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo’shiqlar havola etildi.

Aytish o’rinliki, mazkur tadbir san’at ahli, ustoz-shogirdlar, talabalar hamda ustozning muxlislari uchun katta madaniy voqea bo‘ldi.




O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Eng faol yil talabasi” republika tanlovining institut bosqichi bo’lib o’tdi


✅ Tanlov komissiya a’zolari tomonidan ishtirokchilarning fanlarni o‘zlashtirish natijalari, jamoatchilik faoliyati, erishilgan namunali yutuqlari aks etgan hujjatlari hamda ilmiy-ijodiy ishlari tahlil etildi.

✅ “Eng faol yil talabasi” tanlovining institut saralash bosqichida jami 7 ta nominatsiya bo‘yicha talabalarning hujjatlari komissiya muhokamasidan o‘tkazildi.

✅ Har bir nominatsiya bo‘yicha eng bilimdon, iste’dodli, tashabbuskor va faol yoshlar sovrinli o‘ringa munosib ko‘rildi.




REKTOR TALABALARNING YASHASH TARZI BILAN TANISHDI

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev Talabalar turar joyida bo’lib, u yerda yaratilgan sharoitlar, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini yana bir bor ko‘zdan kechirdi.

Dastlab, N.Sayfullayev talabalar turar joyida tashkil etilgan tikuv xonasiga kirar ekan, darsdan bo‘sh vaqtlarida qizlarning tikuvchilik hunarini o‘rganayotganliklarini guvohi bo‘ldi. Zamonaviy tikuv mashinalari, kerakli asbob-uskunalar va turli matolar bilan ta’minlangan ushbu joyda qizlar o‘z ijodiy g‘oyalarini amaliyotda sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘layotganliklarini ko‘rish mumkin.

Rektor tibbiyot xonasini ko’zdan kechirar ekan, u yerda birinchi yordam uchun zarur dori-darmonlar, tibbiy jixozlarning shaylik holatini o’rgandi. So’ng oshxonadagi sharoitlar bilan ham tanishdi. Talaba-qizlar bu yerda barcha sharoitlar mavjud ekanligini alohida ta’kidlab o‘tishdi.

N.Sayfullayev tozalik va xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish, ayniqsa, gaz isitish uskunalari va elektr jihozlaridan ehtiyotkorlik bilan foydalanish, yong’in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etish yuzasidan muhim tavsiyalarni berdi. Talabalarning takliflari va muammolarini tingladi.

Yoshlar bilan muloqot chog‘ida Nodirbek Sayfullayev bugun yurtimizda yoshlarga iste’dodlarini namoyon qilishlari, о‘z kasbining yetuk mutaxassisi bо‘lishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilganini, xususan, institutda ham talabalarning sifatli ta’lim olishlari va kelajakda yetuk ijodkor bо‘lishlari uchun barcha sharoitlar mavjud ekanligini alohida qayd etdi.

Talabalardan yagona talab, sifatli ta’lim olish hamda Muhtaram Prezidentimizning ishonchini oqlagan holda Yangi O’zbekiston san’atini yanada yuksaltira oladigan yetuk ijodkor bo’lish kerakligini ta’kidladi.

 

O‘z o‘rnida talabalar ham yashash sharoitlari hamda o‘qish jarayonlarida yaratilgan imkoniyatlar uchun avvalo Hurmatli Yurtboshimizga qolaversa, institut rahbariyatiga o‘z minnatdorliklarini bildirdi.




O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga Qozog‘iston milliy san’at universiteti (Kulyash Bayseitova nomidagi) rektori, professor Galim Ahmedyarov tashrif buyurdi

Mehmonni institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev samimiy kutib oldi.

✅ N.Sayfullayev mehmonga tashrif uchun o’z minnatdorligini bildirar ekan, institutda yo‘lga qo‘yilgan ta’lim jarayonlari xususida gapirib o’tdi. Jumladan dual ta’lim tizimi, masofaviy ta’lim shakllari, shuningdek, bir qator yetakchi davlat san’at oliygohlari bilan olib borilayotgan ilmiy-ijodiy hamkorlik loyihalari haqida batafsil ma’lumot berdi.

✅ Uchrashuv chog‘ida ikki oliy ta’lim muassasasi rahbarlari o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbolli yo‘nalishlari haqida fikr almashdilar.

✅ Suhbat yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashni ko‘zda tutuvchi Hamkorlik memorandumini imzoladilar. Shuningdek, Galim Ahmedyarovga esdalik sovg‘asi topshirildi.

✅ Tashrifning amaliy qismi davomida G.Ahmedyarov institutda yaratilgan sharoitlar, o‘quv jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

✅ Jumladan “Dramatik teatr va kino aktyorligi san’ati” ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich 302-guruh talabalarining “Kuyov” diplom oldi spektaklidan parcha, (Kurs badiiy rahbari v.b. dotsent Mohigul Hamroyeva) “Dramatik teatr va kino aktyorligi san’ati” ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich talabalarining filmlarga ovoz berish jarayonlari (Kurs badiiy rahbari professor Minavvara Abdullayeva),
2-bosqich “Dramatik teatr rejissyorligi” talabalarining “Urush odamlari” spektaklidan parcha kuzatildi. (kurs badiiy rahbari, dotsent Shoira Hamidova)

✅ G.Ahmedyarov har bir jarayonlarni e’tibor bilan kuzatar ekan, avvalo kurs badiiy rahbarlariga va talabalarning ijro mahoratiga yuqori baho berdi. Shuningdek, ikki oliygoh o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik san’at sohasi rivojiga xizmat qilishini ta’kidladi.




O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti va Italiyaning Roma Tre universiteti o‘rtasida xalqaro onlayn master-klass tashkil etildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti anjumanlar zalida Italiyaning Roma Tre universiteti prorektori, professor Anna Liza Totta, universitet professori Lara Konte, hamda MAXXI muzeyining hujjatlarni arxivlashtirish bo‘limi boshlig‘i Julia Pedache ishtirokida “Muzeyshunoslik: sotsiologik va san’at tarixi yondashuvlari o‘rtasida” mavzusida xalqaro onlayn master-klass tashkil etildi.

Mazkur ilmiy-mahorat darsi madaniyat, san’at, muzeyshunoslik va sotsiologiya yo‘nalishlari kesishmasida o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.

Tadbirda institutning “Madaniyat va san’at menejmenti” kafedrasi professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etishdi. Ular o‘zlarining ilmiy izlanishlari asosida tayyorlangan ma’ruzalar bilan chiqish qilib, mavzu yuzasidan dolzarb fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Xususan, tarix fanlari doktori, professor Munisa Muxammedova “O‘zbekistonda muzey arxitekturasi va muzey dizayni rivojlanishi (XX asrning ikkinchi yarmi – XXI asr boshlarida)” mavzusida ma’ruza o‘qib, mamlakatimizdagi zamonaviy muzeylarning shakllanishi, ularning me’moriy yechimlari hamda ekspozitsiya tizimi rivojlanish bosqichlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, professor Manzura Yo‘ldosheva “Madaniyat vazirligi tizimidagi muzeylar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish” mavzusidagi chiqishida O‘zbekiston muzeylarining tashkiliy tuzilmasi, boshqaruv tizimi, hamda ularni samarali faoliyat yuritishga yo‘naltirilgan menejment mexanizmlari haqida so‘z yuritdi.

Ushbu qo‘shma onlayn mahorat darslarida kafedra mudiri, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Sayfullo Ikramov, sotsiologiya fanlari doktori, professor Abdusalom Umarov, kafedra dotsentlari Xafiza Abdullayeva va Rahima Yusupova, shuningdek, “Madaniyat va san’at sohasi menejmenti” ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich magistrlari hamda “Muzeyshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabalari ham faol qatnashdilar. Ular mahorat darsi davomida o‘z fikr va takliflarini bildirib, xalqaro tajriba almashinuvida ishtirok etishdi.

Master-klass yakunida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda Roma Tre universiteti vakillari kelgusida muzeyshunoslik, menejment va turizm yo‘nalishlarida qo‘shma mahorat darslari, seminar va ilmiy loyihalarni tashkil etishga kelishib oldilar.

 

Institut vakillari o‘z navbatida Italiyaga tashrif buyurib, u yerdagi tarixiy va zamonaviy muzeylar faoliyati bilan yaqindan tanishish istagini bildirishdi. Shu bilan birga, Italiya universiteti vakillarini ham O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etishdi.

Mazkur mahorat darsi O‘zbekiston zamonaviy muzeylarida muzey arxitekturasi va ekspozitsiya dizaynining vazifalari hamda o‘rnini chuqur tahlil etishga qaratilgan bo‘lib, mamlakat muzey amaliyotidan olingan aniq misollar asosida quyidagi jihatlar atroflicha o‘rganildi:
• tarixiy binolarni muzey maqsadlariga moslashtirish va ekspozitsiyalarni tashkil etish masalalari;
• maxsus qurilgan muzey binolari tarixining shakllanishi va ularning me’moriy yechimlari;
• zamonaviy muzey inshootlarining arxitektura xususiyatlari va ekspozitsiya sharoitlarini tahlil qilish;
• multimedia texnologiyalaridan foydalanish hamda ko‘chma (mobil) ko‘rgazmalar faoliyatini rivojlantirish tajribalari.

Tadbir so‘ngida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, muzeyshunoslik sohasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishildi.