O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining rasmiy munosabati

Ijtimoiy tarmoqlarda “San’at va madaniyat instituti bitiruvchi talabalari yotoqxonadan haydalmoqda” deya e’lon qilingan xabar yuzasidan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti quyidagilarni ma’lum qiladi:

2024-yil 5-fevraldan 11-may sanasiga qadar institutning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil oladigan va jami 632 nafarni tashkil etadigan 4-bosqich talabalari bitiruvoldi amaliyot o‘tashlari uchun Toshkent shahri va viloyatlarga yuborilgan.

Institut talabalar turar joyida istiqomat qiladigan 4-bosqich talabalarining 97 nafaridan 42 tasi bitiruvoldi amaliyotini o‘zi doimiy yashash manziliga yaqin bo‘lgan viloyatlardagi madaniyat muassasalari, korxona va tashkilotlarga olganligi bois talabalar turar joyini tark etmoqda.

Talabalar turar joyida bo‘shagan o‘rinlarga esa ijarada yashayotgan va ijara to‘lovlarini amalga oshirishda muammolarga duch kelayotgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni joylashtirish rejalashtirilgan.

Hozirda hech bir talaba majburan talabalar turar joyidan chiqarilmagan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoq orqali tarqatilayotgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilamiz.




Sun Mun universiteti prezidenti hamda ICT/SW biznes kengashi rahbari O‘zDSMIga tashrif buyurdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga Sun Mun universiteti delegatsiyasi vakillari tashrif buyurdi.

Delegatsiya tarkibida universitet prezidenti Seong Jea Mun, oliygoh professori Eduard Kim, Chungnam ICT/SW biznes kengashi prezidenti Sung Hvan Li, universitet professor assistenti Songe Kim institutimiz rahbariyati bilan uchrashdi.

«Koreys xalqi bizning eng qadrdon do‘stlarimizdan biri hisoblanadi. Mamlakatingizga tashrifimiz davomida bunga amin bo‘lganman. O‘zaro hamkor aloqalarining amaliy tus olishi bizni behad mamnun etadi. O‘zbekistonda Koreya madaniyatiga hurmat bilan yondashadigan insonlar juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Sun Mun universitetining Koreyadagi eng ilg‘or oliygohlardan biri ekanligiga guvoh bo‘ldik. Tashrifingizdan mamnunmiz», — dedi institutimiz rektori v.b. Eldor Shermanov.

O‘z navbatida Sun Mun universiteti prezidenti ham hamkorlikdan minnatdor ekanligini ta’kidladi:

«Bizni yaxshi kutib olganingiz uchun tashakkur aytmoqchiman. O‘zbekistonga ilk marotaba tashrif buyurdik va mazkur dargohga kelishni intiqlik bilan kutayotgandim. Hamkorlik doirasida amalga oshiriladigan islohotlarga tayyormiz. Bugungi kunda universitetimizda 160 nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil oladi. Shuningdek, ta’lim markazimizda 500 nafar o‘zbekistonlik koreys tilini o‘rganmoqda. Ishonamanki, ular o‘zlashtirgan bilimlari bilan mamlakatingiz rivojiga hissa qo‘shadi. Bizda tahsil olish istagida bo‘lgan talabalarni dargohimizga qabul qilishga tayyormiz», — dedi doktor Seong Jea Mun.

ICT/SW biznes kengashi prezidenti Sung Hvan Li esa o‘zbekistonlik talabalarni kelgusida ish bilan ta’minlashni maqsad qilganini ta’kidladi:

«O‘zbekiston ishlab chiqarish bozori bizni qiziqtirmoqda. Bu yerda o‘rta va kichik biznesda hamkorlar bilan ishlashni maqsad qilganmiz. Biz bir nechta viloyat hokimlari bilan suhbatlashdik. Shu bilan birga, madaniyat sohasida tahsil olayotgan talabalarni ham madaniyat markazlarimizga jalb etishni rejalashtirganmiz. Kelgusida o‘zaro aloqalarimiz kuchayishiga tilakdoshman».

Ikki oliygoh vakillari kelgusidagi istiqbolli rejalarni muhokama qilishib, kelishuvga erishishdi.

Shuningdek, mehmonlar dars jarayonlariga tashrif buyurib, professor-o‘qituvchilar va talabalarning imkoniyatiga yuqori baho berdi.




Yanvar dayjesti

2024-yil yanvar oyida bo’lib o’tgan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti faoliyati bilan bog’liq xalqaro hamkorlik, ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar dayjestini e’tiboringizga havola qilamiz.




Taassurot

“Metallurg” madaniyat saroyida OKMK rahbariyati tashabbusi bilan O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning “Qora quyosh” nomli asari asosida O‘zbekiston madaniyat va san’at instituti ijodkorlari tomonidan  sahnalashtirilgan spektakl namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Zal ishchi-xodimlar, kombinat va shahrimiz  yoshlari, talabalar bilan to‘ldi.

Tarixning achchiq haqiqatlari, millatparvar ziyolilarimiz,  buyuklarimizning  ayanchli qismati,  dahshatli qatag‘on yillari zo‘r mahorat bilan tasvirlangan sahna sarini ko‘zda yosh bilan tomosha qildik. Barchamiz ta’sirlandik.

Bugungi yorug‘ va tinch kunlarimiz uchun shukr qildik. Qurbon bo‘lganlar,  qurbon berganlar oldida,  bolam deb bo‘zlagan onalar, otam qani deb izlagan bolalar,  jigarini yo‘liga ko‘z tikkan opa-singillar, yorini qaytishiga umid qilib,  dunyodan o‘tgan beva buvijonga aylanganlar oldida  O‘zimizni qarzdor his qildik.

Tarixda mustabidchilik tuzumining qirg‘inbarot azoblarini,  taraqqiyotdan bizni uzib, manqurtga aylantirmoqchi bo‘lganlar haqida har birimiz oilamizga,  farzandlarimizga yetkazishimiz, asl tarixni o‘rgatib borishimiz,

Milliy g‘urur va erkni,  Vatan  tinchligi va  ozodlikni himoya qilish, qadrlashga ruhan tayyor qilib tarbiyalashimiz shart.

So‘zda emas, amalda sadoqat va Vatanni sevish kerak.

Har qanday millatimizga qarshi fitna, propagandadan,  Axborot xurujidan, ijtimoiy tarmoqdagi  anonim terrordan o‘zingizni,  farzandlaringizni himoya qiling.

Sahnadagi o‘q ovozidan zalda bolalar yig‘lashdi.

Hayotdagi o‘q ovozidan halok bo‘layotgan bolalar ko‘z o‘ngimga keldi.

7 yoshli farzandlarim sahnadagi ijodkorlar tomonidan namoyish etilgan Sibirda azob  tortayotgan Usmon Nosir,  qo‘lyozmasi olovga irg‘itilganda faryodi olamni tutgan Qodiriylarni ko‘rib ko‘zda yosh bilan ular hozir ham qiynalyaptimi, rostdan o‘lib qoldimi, deb so‘rashdi.

Ular o‘lmaydi,  ular barhayot dedim…

Tarix unutilmaydi. Tarix — ulug‘ saboq.

Tarixdan saboq oling, endi hech qachon o‘zimizni,  o‘z taraqqiyotimizni,  o‘z yo‘limizni, o‘z g‘ururimizni  hech qachon boy bermaymiz!

Buning uchun ma’naviy-ruhiy tarbiyani har narsadan ustun qo‘yaylik, zero moddiy zararni qoplash imkoni bordir, ma’naviy zarar o‘rnini qoplash judayam qimmatga tushadi.

Kamola Umaraliyeva




O’zDSMi va Tyanjin aloqa instituti o’rtasida talaba almashinuvi bo’yicha shartnoma imzolandi

Shu kunlarda Xitoy poytaxti Pekin shahrida O’zbekiston-Xitoy ta’lim forumi bo’lib o’tmoqda.

Ushbu forumda O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov hamda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektor Sobir Jumayev ishtirok etmoqda.

Bugun forum doirasida Tyanjin aloqa instituti rahbariyati bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini o’rnatish bo’yicha uchrashuv bo’lib o’tdi. Tomonlar notiqlik san’ati, art-menejment va IT sohasida professor-o’qituvchilar va talaba almashinuvini ko’zda tutuvchi ikki tomonlama shartnoma imzolashdi.




O‘zDSMI va Tyanjin konservatoriyasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi

Xabaringiz bor, shu kunlarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati ta’lim forumi doirasida Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi.

Bugun oliygoh rahbariyati Tyanjin konservatoriyasi bilan hamkorlik shartnomasi imzoladi.

Uchrashuv davomida ikki oliygoh o‘rtasida kelgusida talabalar almashinuvi hamda professor-o‘qituvchilar o‘rtasida malaka oshirish darslarini yo‘l qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ma’lumot uchun, 1958-yil tashkil etilgan Tyanjin konservatoriyasining kunduzgi bo‘limida bugungi kunda 3000 nafardan ortiq talaba tahsil oladi.

Mazkur ta’lim muassasasi Buyuk Britaniyaning York universiteti, AQSHning Morhed va Missuri universitetlari hamda dunyoning boshqa yirik oliygohlari bilan hamkorlik qiladi.




Xitoyning ikki oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik borasida kelishuvga erishildi

Xabaringiz bor, shu kunlarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati ta’lim forumi doirasida Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi.

Kunning birinchi yarmida Hebey aloqa instituti bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgani haqida ma’lumot bergandik.

Shuningdek, bugun Jilin xalqaro tadqiqotlar universiteti hamda Xitoy rassomchilik akademiyasi bilan hamkorlik borasida kelishuvga erishildi.

Ma’lumot uchun, Jilin xalqaro tadqiqotlar universiteti xorijiy tillarni o‘rgatishga ixtisoslashgan ta’lim muassasasi hisoblanib, mamlakatning eng ilg‘or xususiy oliygohlariga qatoridan o‘rin egallagan.

Shu bilan birga, Xitoy rassomchilik akademiyasi ham mintaqada san’atga ixtisoslashgan nufuzli dargoh hisoblanadi.




O‘zDSMI rahbariyati Xitoyda o‘tkazilayotgan ta’lim forumida ishtirok etmoqda

Xabaringiz bor, Xitoy Xalq Respublikasida 22–23-yanvar kunlari O‘zbekiston–Xitoy ta’lim forumi o‘tkaziladi.

Xitoy poytaxti Pekin shahrida o‘tkazilayotgan forumda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov hamda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sobir Jumayev ishtirok etmoqda.

Forumda O‘zbekiston-Xitoy universitetlari o‘rtasida oliy ta’lim va ilm-fan yo‘nalishidagi aloqalarni jadallashtirish, o‘zbekistonlik talabalarning xitoy tilini chuqurroq o‘rganishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish, taʼlimda sunʼiy intellektni joriy etish, muhandislik, qishloq xo‘jaligi, energetika, raqamlashtirish, kimyo sanoati yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish, stajirovka o‘tash, spin-off korxonalarini tashkil etish, texnologiyalar transferini amalga oshirish, Xitoy texnologik parklari bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinadi.

Forum yakunida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish, rivojlangan texnologik ishlab chiqarish sohalarining tajribasini O‘zbekiston oliygohlariga tatbiq etishga qaratilgan qator hamkorlik shartnomasi imzolanishi kutilmoqda.