«Taqdir sinovlari» diplom spektakli namoyishi bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti teatr sana’ti fakulteti dramatik teatr va kino aktyorligi ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich talabalarining «Taqdir sinovlari» deb nomlangan diplom spektakli bo‘lib o‘tdi.

Taniqli dramaturg Qo‘chqor Norqobil asari asosida O‘zbekiston xalq artisti, professor Erkin Komilov tomonidan sahnalashtirilgan spektakl tomoshasi unga yig‘ilgan barchaga birdek manzur bo‘ldi.

Tadbir so‘ngida institut rektori v.b. Eldor Shermanov sahna asari yaralishida hissa qo‘shgan barchaga minnatdorchilik bildirdi.

«Bugungi spektakl barchaga manzur keldi, deb o‘ylayman. Kichik guruhning shunday katta asarga qo‘l urgani tahsinga loyiq. Shu jumladan, sahnalashtiruvchi rejissyor, ustoz Erkin Komilovga alohida tashakkur izhor qilmoqchiman. Har bir davrning o‘z qahramonlari bo‘ladi. Erkin Komilov — biz uchun hamisha qahramon», — dedi rektor.

Shu bilan birga, spektaklda o‘z roli, dialogi va ijro mahorati bilan ajralib turgan talabalar moddiy mukofot bilan taqdirlanadigan bo‘ldi.





Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari O‘zDSMIda malaka oshirgan madaniyat boshqarmalari rahbarlarini sertifikat bilan taqdirladi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov malaka oshirish tarmoq markazida tahsil olgan vazirlik tasarrufidagi madaniyat boshqarmalari rahbarlari bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, sohadagi yutuq va kamchiliklar to‘g‘risida fikr bildirilib, bu borada vazirlik tizimidagi oliy ta’lim muassasalari hamda madaniyat boshqarmalarining o‘rni e’tirof etildi.

«O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti avvalgiga qaraganda ancha yaxshi tarafga o‘zgaragan. Xalqaro aloqalar nihoyatda jadallashgan. Buning uchun institut rahbariyatiga vazirlik nomidan minnatdorchilik bildiraman», — dedi Bahodir Ahmedov.

Shu bilan birga, institut rektori v.b. Eldor Shermanov vazirlik rahbariyati va markazda malaka oshirgan boshqarma boshliqlariga o‘z tashakkurini bildirdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti qoshida tashkil etilgan malaka oshirish tarmoq markazida tahsil olgan boshqarma boshliqlari sertifikat bilan taqdirlanib, ularga minnatdorchilik bildirildi.




O‘zDSMI professor-o‘qituvchilari Mudofaa vazirligi tomonidan maxsus ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

Ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati kafedrasi dotsenti Jahongir Ahmedov, shuniningdek, kino, televideniye va radio rejissyorligi kafedrasi dotsentlari — Jahongir Qosimov va Hilol Nasimov O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan «Yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti mukofot sohibi bilan professor-o‘qituvchilarni tabriklaydi.




Koreya nashriyoti bilan memorandum imzolandi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda Koreya Respublikasining «Yeovon Media» nashriyoti rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma nashriyot ochish, talabalarning xorijda amaliyot o‘tashini ta’minlash hamda mahorat darslari tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

«Biz maktabgacha ta’lim tizimiga oid darsliklar dizayni bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga egamiz. Bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganmiz. Yaqinda Gvatemala Ta’lim vazirining taklifiga binoan ushbu mamlakatda seminar o‘tkazib, memorandum imzoladik. O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalarimiz shakllanishidan mamlakatiningiz rahbarining o‘rni beqiyos. Aynan O‘zbekiston Prezidentining bolalar uchun sifatli darsliklar yaratish borasidagi tashabbusi tufayli yurtingizga o‘zaro tajriba almashish maqsadida tashrif buyurdik. O‘ylaymanki, bardavom hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yamiz», dedi nashriyot direktori Dong Hvi Kim.

Uchrashuv so‘ngida o‘zaro memorandum imzolandi hamda qo‘shma hamkorlik asosida nashriyot ochish borasida kelishuvga erishildi.

Shu bilan birga, mehmonlar institutning axborot-resurs markazini ko‘zdagn kechirishib, iliq fikrlarini bildirishdi.

Ma’lumot uchun, Seul shahrida joylashgan «Yeovon Media» nashriyoti 1992-yildan beri bolalar uchun sifatli kitoblarni nashr etib keladi.




Navoiydan chu topqaylar navoye

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘quv teatrida Mir Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligiga bag‘ishlangan «Navoiydan chu topqaylar navoye» deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirni oliygoh rektori v.b. Eldor Shermanov ochib berib, buyuk mutaffakkirning sharafli hayot va ijodi haqida so‘z yuritdi. Rektor Navoiy asarlari inson tafakkurining shakllanishi hamda kamolotga yetishishida, yuksak ma’naviyatga ega jamiyat taraqqiy etishida muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Konsertda professor-o‘qituvchilar va iqtidorli talabalar tomonidan Navoiy g‘azallari ijro etildi.




«Ilmli ayol — jamiyat ko‘zgusi» mavzusida ilmiy seminar o‘tkazildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti xotin-qizlar maslahat kengashi tashabbusi bilan 11-fevral — Xalqaro ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar kuni munosabati bilan «Ilmli ayol — jamiyat ko‘zgusi» mavzusida ilmiy seminar o‘tkazildi.

Dastlab institit rektori v.b. Eldor Shermanov so‘zga chiqib, mamlakatimizda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor hamda ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar to‘g‘risida fikr bildirdi.

Seminar davomida fan doktorlari, professorlar, kafedra o‘qituvchilari va doktorantlar tomonidan ma’ruzalar o‘qildi.




O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining rasmiy munosabati

Ijtimoiy tarmoqlarda “San’at va madaniyat instituti bitiruvchi talabalari yotoqxonadan haydalmoqda” deya e’lon qilingan xabar yuzasidan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti quyidagilarni ma’lum qiladi:

2024-yil 5-fevraldan 11-may sanasiga qadar institutning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil oladigan va jami 632 nafarni tashkil etadigan 4-bosqich talabalari bitiruvoldi amaliyot o‘tashlari uchun Toshkent shahri va viloyatlarga yuborilgan.

Institut talabalar turar joyida istiqomat qiladigan 4-bosqich talabalarining 97 nafaridan 42 tasi bitiruvoldi amaliyotini o‘zi doimiy yashash manziliga yaqin bo‘lgan viloyatlardagi madaniyat muassasalari, korxona va tashkilotlarga olganligi bois talabalar turar joyini tark etmoqda.

Talabalar turar joyida bo‘shagan o‘rinlarga esa ijarada yashayotgan va ijara to‘lovlarini amalga oshirishda muammolarga duch kelayotgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni joylashtirish rejalashtirilgan.

Hozirda hech bir talaba majburan talabalar turar joyidan chiqarilmagan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoq orqali tarqatilayotgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilamiz.




Sun Mun universiteti prezidenti hamda ICT/SW biznes kengashi rahbari O‘zDSMIga tashrif buyurdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga Sun Mun universiteti delegatsiyasi vakillari tashrif buyurdi.

Delegatsiya tarkibida universitet prezidenti Seong Jea Mun, oliygoh professori Eduard Kim, Chungnam ICT/SW biznes kengashi prezidenti Sung Hvan Li, universitet professor assistenti Songe Kim institutimiz rahbariyati bilan uchrashdi.

«Koreys xalqi bizning eng qadrdon do‘stlarimizdan biri hisoblanadi. Mamlakatingizga tashrifimiz davomida bunga amin bo‘lganman. O‘zaro hamkor aloqalarining amaliy tus olishi bizni behad mamnun etadi. O‘zbekistonda Koreya madaniyatiga hurmat bilan yondashadigan insonlar juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Sun Mun universitetining Koreyadagi eng ilg‘or oliygohlardan biri ekanligiga guvoh bo‘ldik. Tashrifingizdan mamnunmiz», — dedi institutimiz rektori v.b. Eldor Shermanov.

O‘z navbatida Sun Mun universiteti prezidenti ham hamkorlikdan minnatdor ekanligini ta’kidladi:

«Bizni yaxshi kutib olganingiz uchun tashakkur aytmoqchiman. O‘zbekistonga ilk marotaba tashrif buyurdik va mazkur dargohga kelishni intiqlik bilan kutayotgandim. Hamkorlik doirasida amalga oshiriladigan islohotlarga tayyormiz. Bugungi kunda universitetimizda 160 nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil oladi. Shuningdek, ta’lim markazimizda 500 nafar o‘zbekistonlik koreys tilini o‘rganmoqda. Ishonamanki, ular o‘zlashtirgan bilimlari bilan mamlakatingiz rivojiga hissa qo‘shadi. Bizda tahsil olish istagida bo‘lgan talabalarni dargohimizga qabul qilishga tayyormiz», — dedi doktor Seong Jea Mun.

ICT/SW biznes kengashi prezidenti Sung Hvan Li esa o‘zbekistonlik talabalarni kelgusida ish bilan ta’minlashni maqsad qilganini ta’kidladi:

«O‘zbekiston ishlab chiqarish bozori bizni qiziqtirmoqda. Bu yerda o‘rta va kichik biznesda hamkorlar bilan ishlashni maqsad qilganmiz. Biz bir nechta viloyat hokimlari bilan suhbatlashdik. Shu bilan birga, madaniyat sohasida tahsil olayotgan talabalarni ham madaniyat markazlarimizga jalb etishni rejalashtirganmiz. Kelgusida o‘zaro aloqalarimiz kuchayishiga tilakdoshman».

Ikki oliygoh vakillari kelgusidagi istiqbolli rejalarni muhokama qilishib, kelishuvga erishishdi.

Shuningdek, mehmonlar dars jarayonlariga tashrif buyurib, professor-o‘qituvchilar va talabalarning imkoniyatiga yuqori baho berdi.