O‘zDSMIda kutubxona sohasi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining kutubxona fondlari va bibliografiyashunoslik kafedrasi hamkorligida «Raqamlashtirish davridagi kutubxona sohasi ekotizimi: hamkorlik, integratsiya va innovatsiyalar» mavzusida I xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Konferensiyani institut rektori v.b. Eldor Shermanov ochib berib, kutubxonachilik har bir davrning eng ilg‘or va faxrli sohasi hisoblanganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Eldor Shermanov texnologiyalar asrida mazkur soha ham zamonaviylikdan ortda qolmasligi lozimligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, kutubxonachilik kafedrasi professori Ibrohim Yo‘ldoshev hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva ishtirokchilarga tabrik so‘zlarini yo‘lladi.

Yalpi majlisda Respublikamiz professor, fan doktor, olim va ziyolilari bilan bir qatorda Rossiya va Qozog‘iston oliygohlaridan tashrif buyurgan soha mutaxassislari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi. Qolaversa, ko‘pgina xorijiy oliygoh vakillari Zoom platformasi orqali onlayn ishtirok etishdi.

Bundan tashqari, institut hududida sho‘balar tashkil etilib, unda «Kutubxonashunoslik, bibliografiya va hujjatshunoslik tadqiqotlarining ustuvor yo‘nalishlari», «Kutubxona fanidagi raqamli texnologiyalar, hamkorlik va innovatsiyalar integratsiyasi jarayonlari va ularning xalqaro munosabatlar rivojiga ta’siri» hamda «Axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini jadallashtirish va raqamli muhitda kadrlar tayyorlash» kabi mavzular muhokama qilindi.

Konferensiya so‘ngida ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlandi.





Dolzarb masalalar muhokama qilindi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida prorektorlar, bo‘lim boshliqlari, fakultet dekanlari, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari ishtirokida rektor boshchiligida navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda kutubxona fondlari va bibliografiyashunoslik kafedrasi tashabbusi bilan mart oyida o‘tkazilishi kutilayotgan xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik jarayoni, ijro intizomi, kontrakt-to‘lovlar holati, xalqaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Navro‘z bayrami hamda O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 70 yilligini keng miqyosda nishonlash borasida takliflar tinglanib, mas’ullarga topshiriq berildi.





Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari O‘zDSMI qoshidagi Malaka oshirish markazi faoliyati bilan tanishdi

Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixonov O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurib, oliygoh qoshidagi Malaka oshirish markazi bilan tanishdi.

Shuningdek, vazir o‘rinbosari dars jarayonlari hamda sport va ijodiy to‘garaklar faoliyatini o‘rgandi.

Talabalar bilan uchrashuv davomida ularning qiziqishlari, muammo va kamchiliklari o‘rganildi. Yoshlar tomonidan bildirilgan o‘rinli takliflarni amaliyotda tatbiq etish belgilab olindi.

Shuningdek, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida kitobxonlik va ijodiy tanlovlar tashkil etish, ularni to‘garaklarga jalb etish qamrovini kengaytirish borasida topshiriqlar berildi.





Milliy media assotsiatsiyasi raisi O‘zDSMI talabalari bilan davra suhbati o‘tkazdi

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori hamda Milliy media assotsiatsiyasi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurib, kino, televideniye va radio san’ati fakulteti talabalari bilan davra suhbati o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida o‘zbek filmlarining saviyasi hamda uning jamiyatga ta’siri to‘g‘risida fikr bildirildi. Shuningdek, o‘zaro hamkorlik asosida sifatli film va seriallar, multfilmlar, yoshlar ongini shakllantirishga xizmat qiladigan videoroliklar suratga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Qolaversa, talabalarning moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash borasida Milliy media assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati tomonidan yetarli shart-sharoit yaratilishi aytib o‘tildi.





Olam nafas olgan havosan — ayol!

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida 8-mart — Xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Tong chog‘idan bayramona muhit hukm surib, oliygoh hovlisi, kirish yo‘li bezatildi hamda institut jamoasi va Yoshlar Ittifoqi tashkiloti faollari ishtirokida ta’lim muassasasida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar ko‘tarinki kayfiyatda kutib olindi.

Qolaversa, o‘quv teatrida «Olam nafas olgan havosan — ayol» deb nomlangan konsert dasturi o‘tkazildi.

Konsertni Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov hamda institut rektori v.b. Eldor Shermanov kirish so‘zi bilan ochib berib, munis va mehribon ayollar hamda go‘zal va ilmga chanqoq qizlarni bayrami bilan tabrikladi.

Shuningdek, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov tomonidan sanʼatshunoslik kafedrasi dotsenti Sabohat Hayitmatova, madaniyat va sanʼat menejmenti kafedrasi professori Manzura Yuldasheva hamda madaniyatshunoslik kafedrasi dotsenti Qunduzxon Nishonboyevaga yoʻllangan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi hamda vazirlik faxriy yorliqlari topshirildi.

Bundan tashqari, folklor va etnografiya kafedrasi oʻqituvchisi Kamola Toshmatova falsafa doktori (PhD) diplomi hamda madaniyat va sanʼat menejmenti kafedrasi dotsenti Dilafro‘z Yusupaliyevaga fan doktori ilmiy unvoni topshirildi.

Badiiy kechada xalq artistlari va xofizlari, el suygan san’atkorlar hamda iqtidorli talabalar tomonidan ayol siymosi ulug‘langan kuy va qo‘shiqlar ijro etildi. Konsert dasturi raqslarga ulanib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.





O‘zDSMI ijodiy jamoasi ikki oliygohda bayram tadbiri o‘tkazdi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ilmiy innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘limi boshlig‘i Shohruh Rahmatov tashabbusi bilan oliygohning ijodiy jamoasi 8-mart — Xotin-qizlar kuni munosabati bilan Toshkent arxitektura-qurilish universiteti hamda Toshkent pediatriya tibbiyot institutida konsert dasturi namoyish etdi.





OʻzDSMIda Qirgʻiz Respublikasi professor-oʻqituvchi va talabalari malaka oshirdi

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti hamda Qirgʻiz davlat madaniyat va sanʼat universiteti oʻrtasida memorandum imzolangandi.

Ushbu hamkorlik aloqalariga muvofiq, ikki oliygoh oʻrtasida talabalar almashinuvi qoʻyilib, professor-oʻqituvchilar ishtirokida mahorat darslari tashkil etilmoqda.

Shu jumladan, qoʻshni oliygoh professor-oʻqituvchi va talabalari Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida dars jarayonlarida bevosita ishtirok etib, malaka oshirdi.

Bugun institut rektori v.b. Eldor Shermanov Qirgʻiz Respublikasidan kelgan delegatsiya vakillari bilan uchrashib, doʻstona aloqalar uchun minnatdorchilik bildirdi hamda ularga sertifikat topshirdi.





Buyuk Britaniyaning Goldsmits universiteti vakili Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti faxriy professoriga aylandi

Bugun Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga Buyuk Britaniya poytaxti London shahridagi Goldsmits universiteti qoshidagi “Ijodiy va madaniy tadbirkorlik instituti” direktori Jerald Lidston tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Jerald Lidston hamda oliygohimiz rektori v.b. Eldor Shermanov ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.Muloqot davomida madaniyat va sanʼat menejmenti, turizm, dizayn va boshqa sohalarda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Eʼtiborlisi, Jerald Lidstonga Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti faxriy professori ilmiy unvoni topshirildi. Qolaversa, mehmon oliygohdagi dars jarayonlarini koʻzdan kechirdi.

Maʼlumot uchun, Jerald Lidston magistratura yoʻnalishidagi bir qator oʻquv dasturlari, jumladan, “Sanʼat va madaniyat siyosatini boshqarish” magistratura oʻquv taʼlim dasturi muallifi hisoblanadi. Mutaxassis dastlab sahna dizayneri, menejeri va yoritish boʻyicha dizayner sifatida faoliyat olib borgan boʻlib, Sharqiy Yevropa va AQSHda katta ish tajribasiga ega hisoblanadi.

Shuningdek, u O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bilan 5 yildan beri hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, institut professor-o’qituvchilari bilan hamkorlikdagi «Creativ Spark» grant loyihasi, qolaversa talabalarimizga ham bir necha bor dars mashg’uloti olib borgan.

Qolaversa, Britaniya Kengashi va boshqa agentliklarda hamda 20 dan ortiq mamlakatda sanʼat va madaniyatni boshqarish oʻquv kurslarida taʼlim bergan. Jumladan, Vyetnam Madaniyat, sport va turizm vazirligi tomonidan tashkillashtirilgan hamda fond jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilgan “Sanʼat menejmenti” boʻyicha Xanoy madaniyat universitetida 12 yillik loyihani amalga oshirgan.

Bundan tashqari, mutaxassis Slovakiyada sanʼat menejmenti boʻyicha taʼlimni yoʻlga qoʻyish boʻyicha toʻrt yillik Britaniya Nou Xau jamgʻarmasi loyihasining direktori boʻlgan. Natijada, slovak tilida sanʼat menejmenti boʻyicha birinchi kitob nashr etildi hamda ushbu davlatda Britaniya Kengashining “Muzeyga yaqin boʻl” loyihasini amalga oshirgan.