O‘zDSMI hamda Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at maktablari o‘rtasida memorandum imzolandi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda joylashgan ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at maktablarining direktorlari bilan memorandum imzoladi.

Oliygoh rektori v.b. Eldor Shermanov hamkorlikdan mamnun ekanligini bildirib, ilmga chanqoq yoshlarni ta’lim muassasasiga chorlashga tayyor ekanligini bildirdi:

«O‘zaro hamkorlik aloqalarimiz rivoj topib borayotganidan mamnunman. Bizning maqsadimiz oliygohimizda mamlakatizning barcha hududidan iste’dodli yoshlarni qamrab olish olish hamda ularni sohamiz rivoni yo‘lida xizmat qiladigan yetuk kadrlar etib tayyorlashdan iborat hisoblanadi. Bundan tashqari, hamkorligimiz aholi orasida madaniyat va san’atimiz targ‘iboti uchun ham muhim ahamiyatga ega».

Memorandum asosida hududlarda institutda faoliyat olib borayotgan taniqli va el suygan san’at vakillari ishtirokida ijodiy uchrashuvlar tashkil etiladigan bo‘ldi.





O‘zDSMI rahbariyati xalq ijodiyoti fakulteti 1-bosqich talabalari bilan davra suhbati o‘tkazdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati xalq ijodiyoti fakultetida tahsil olayotgan 1-bosqich talabalari bilan davra suhbati o‘tkazdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda oliygoh rektori v.b. Eldor Shermanov tomonidan Respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, dunyo mamlakatlaridagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga doir ma’lumot va tavsiyalar berildi.

«Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar naqadar ahamiyatli ekanligini barchamiz his qilishimiz lozim.

2017–2023-yillar davomida san’at va madaniyatni rivojlantirishga oid 156 ta qaror va farmoyishlar e’lon qilindi. Bu ham yurtboshimizning mazkur sohalarga bo‘lgan yuksak e’tiboridan darak beradi.

Mamlakat qudratini belgilovchi asosiy kuch — madaniyat va san’at.

Shunday davrlar keladiki, madaniyat va san’at mamlakatning eng ilg‘or sohalaridan biriga aylanadi. Siz va biz mazkur soha vakillarimiz, shunday ekan barchamizning zimmamizda ulkan mas’uliyat turibdi.

O‘smirlik chog‘idagingizdagi 10 yil kelgusi faoliyatingizda jiddiy ahamiyatga ega. Mazkur davrda o‘zlashtirilgan ilmlar umringiz so‘ngiga qadar farovon umr kechirishingizga xizmat qiladi.

Bugungi kunda ilmiy salohiyatni yaxshilashga harakat qilyapmiz. Talabalarning sifatli ta’lim olishi uchun o‘qituvchilarga bo‘lgan talablarni ham oshirib, dars jarayonlarni nazorat qilyapmiz. Sizlardan ham befarq bo‘lmaslik talab etiladi. Talabalar safiga qabul qilingunga qadar bo‘lgan ishtiyoqingizni yo‘qotmasliklaringizni istardim. Dars yoki undan tashqari jarayonda nima yordam kerak bo‘lsa tayyormiz», — dedi Eldor Shermanov.

Shuningdek, rektor maslahatchisi Alisher Ishchanov yosh yigit-qizlarning katta hayotga qadam qo‘yayotganini hamda ular oldida ta’lim olish asosiy vazifa hisoblanishini ta’kidladi.

Davra suhbatida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan tegishli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.





Yangi o‘quv yilida ochiladigan 5 ta ta’lim yo‘nalishi, Oliy attestatsiya komissiyasiga tavsiya qilingan o‘qituvchilar hamda Muhammad Yusuf nomi beriladigan ko‘cha — O‘zDSMI Ilmiy Kengashining 8-sonli yig‘ilishida qanday masalalar ilgari surildi?

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Ilmiy Kengashining 8-sonli yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda oliygoh rahbariyati, kengash a’zolari, dekan va uning o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari va boshqalar ishtirok etdi.

Dastlab О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, Farmoyishlari va topshiriqlari, О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va bayoni, Vazirliklarning buyruqlari va topshiriqlarining bajarilishi tо‘g‘risida Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, ichki nazorat va monitoring bо‘limi boshlig‘i axboroti eshitildi.

Yig‘ilishda topshiriqlar ijrosini raqamlashtirish va bayonnoma kiritish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

«Institut rahbariyati tomonidan berilayotgan topshiriq va vazifalar qog‘ozda qolib ketmasligi lozim. Topshiriqlarni raqamlashtirish va bayonnoma rasmiylashtirish orqali islohotlarni qonuniy tus olishi hamda ularning bajarilish holatini nazorat qila olamiz. Bu sohamiz rivoji uchun ahamiyatli hisoblanadi», — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Shuningdek, har bir kafedrada xotin-qizlar huquqini himoya qiluvchi mas’ullar tayinlanadigan bo‘ldi.

Qolaversa, institutning 2023-yildagi moliyaviy xо‘jalik faoliyati va moddiy-texnik bazasini rivojlantirish to‘g‘risida hisobot tinglandi.

«Birjadan sotib olingan har bir tovar, hatto oddiy ruchkaning ham hisoboti va surati bo‘lishi lozim. Bu menga, sizga, umuman barchamizga tegishli. Institut mablag‘ini to‘g‘ri va tegishli jabhalarda ishlatishimiz hamda ularning hisobotini berishimiz lozim», — dedi rektor.

Ayni damda institut hududida joylashgan suzish havzasi zamonaviy rekonstruksiya qilinmoqda. Bu borada bajarilayotgan ishlar holati o‘rganildi.

Shu bilan birga, institut professor-o‘qituvchilari tomonidan yozilgan adabiyotlarni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Muvofiqlashtiruvchi Kengashda ko‘rib chiqish uchun yuborish va monografiyalarni chop qilishga tavsiya etish hamda ilmiy unvon olish uchun Oliy attestatsiya komissiyasiga hujjatlarni yuborish to‘g‘risida prorektorlar tomonidan ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 70 yilligini keng ko‘lamda nishonlash maqsadida adib hayoti va ijodiga oid ilmiy seminar tashkil etilib, oliygoh hududidagi yo‘l ko‘chalaridan biriga Muhammad Yusuf nomi berilishi hamda yana bir qator tadbirlar o‘tkazilishi ma’qullandi.

Shuningdek, yangi o‘quv yili institutda turizm va mehmondo‘stlik, sotsiologiya, san’at psixologiyasi, rang-tasvir teatr bezagi, san’at jurnalistikasi ta’lim yo‘nalishlari ochilishi rejalashtirilmoqda.

Grim san’ati, san’at sohasida prodyusserlik hamda qo‘g‘irchoqlar ishlab chiqarish texnologiyasi ta’lim yo‘nalishlariga qabul esa to‘xtatiladi.

Kengash yakunida belgilangan vazifalar bo‘yicha mas’ul xodimlarga topshiriqlar berildi.





O‘zDSMI rahbariyati doktorant va mustaqil tadqiqotchilar bilan davra suhbati o‘tkazdi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati doktorant va mustaqil tadqiqotchilar bilan davra suhbati o‘tkazdi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan uchrashuvda dissertatsiyalar holati, OAK ro‘yxatidan o‘tgan jurnallarda chop etilayotgan maqolalar soni va sifati va boshqa masalalar muhokama qilindi.

«Sizlar institut kelajagisiz. Oldingizda necha-necha yuzlab, balki minglab yoshlarga ta’lim berish hamda sohaga oid muaamolarga yechim topish vazifasi turibdi. Shunday ekan, bu kabi mas’uliyatli ishga yuzaki qarab bo‘lmaydi. Ilmiy faoliyat bilan faqatgina ilmiy darajaga erishish uchungina emas, aksincha, barchamizni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish uchun mashg‘ul bo‘lish lozim. Yurtimizda kundan kunga olimlar ko‘paymoqda, ammo muammolar kamaygani yo‘q. So‘nggi yillarda birgina teatr sohasida ellikka yaqin fan doktorlari dissertatsiya himoya qildi, biroq aholining teatrga tashrifi hamon havas qilarli darajada emas. Shu bois, zimmangizda og‘ir, biroq uddalasa bo‘ladigan vazifa turibdi», — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Muloqot davomida doktorant va mustaqil tadqiqotchilarning hozirga qadar amalga oshirgan ishlari to‘g‘risida hisobotlar tinglanib, ularning takliflari tinglandi.





O‘zDSMIda Navro‘z bayrami hamda Xalqaro teatr kuni keng ko‘lamda nishonlandi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Navro‘z ayyomi hamda 27-mart — Xalqaro teatr kuni keng ko‘lamda nishonlandi.

Unda institut xodimlari bilan bir qatorda poytaxtimizning bir qator oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, el suygan adiblar, xalq hofizlari va san’at vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni institut rektori v.b. Eldor Shermanov ochib berib, yurtimizda keng ko‘lamda sevib nishonlanadigan Navro‘z bayramining ahamiyati to‘g‘risida so‘z yuritdi hamda mazkur shodiyona bilan bir qatorda Xalqaro teatr kuni munosabati bilan soha vakillariga o‘z tabrigini yo‘lladi.

Badiiy kecha avvalida institut kasaba uyushmasi tomonidan oliygohda ko‘p yillardan beri samarali mehnat qilib kelayotgan bir qator professor-o‘qituvchilar va xodimlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shu bilan birga, institut hududida xodimlar uchun dasturxon yozilib, doshqozonda osh damlandi.

Badiiy kechada Orolmirzo Safarov, Rustam Abdullayev, Aziz Rajabiy va boshqa el suygan san’atkorlar tomonidan diltortar taronalar ijro etilib, raqslarga ulanib ketdi hamda institut jamoasi xodimlariga xush kayfiyat ulashildi.





Milliy kurash sport turi bo‘yicha rektor kubogi o‘tkazildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari o‘rtasida milliy kurash sport turi bo‘yicha an’anaviy rektor kubogi musobaqasi o‘tkazildi.

Turnirda yigit va qizlar turli vazn toifalarida o‘zaro kuch sinashdi.

«Musobaqalar yosh yigit-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va sportga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish hamda ularni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilmoqda. O‘ylaymanki, bu kabi ishlar talabalarimizning nafaqat madaniyat va san’at, balki sport sohasida ham ilg‘or ekanligini namoyon etishga xizmat qiladi», — dedi ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sobir Jumayev.

Bellashuvlar yakunida g‘olib va sovrindorlar institut rahbariyati tomonidan diplom va medallar bilan taqdirlandi.





O‘zDSMI rektori v.b. OTM rahbarlari ishtirokidagi o‘quv-seminarda ishtirok etmoqda

Ayni damda Farg‘ona davlat universitetida Prezidentimizning 2023-yil Respublika maʼnaviyat va maʼrifat kengashida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida hayʼat yigʻilishi va «Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash — bosh maqsadimiz» mavzusida o‘quv-seminari o‘tkazilmoqda.

Unda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov ham ishtirok etmoqda.

Seminar doirasida OTM rahbarlari Farg‘ona davlat universiteti faoliyati hamda pedogogika va psixologiya fakulteti uchun qurilgan yangi bino bilan tanishdi.





Hashar — xalqimizga xos qadimiy udum

Hashar – muayyan yumushni ixtiyoriy, xolisona koʻpchilik, jamoa boʻlib bajarish. Hashar oʻzbek xalqining azaliy urf-odatlaridan boʻlib, jamoaviylikni oʻzida toʻliq aks ettiradi.

Hashar hayotiy muammolarni birgalikda hal etish usuli, jamoa hayotiga oid moddiy-maishiy va maʼnaviy mazmundagi umumiy faoliyatdir. Xalqimizga xos bu qadimiy udum bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmasdan kelmoqda.

Har yili yasharish va yangilanish ayyomi arafasida, yaʼni Navro‘z bayramini munosib kutib olish va nishonlash maqsadida yurtimiz bo‘ylab hashar o‘tkazish yaxshi anʼanaga aylangan.

Mamlakatimizda Navro‘z bayrami arafasida 16−18-mart kunlari an’anaviy umumxalq xayriya hashari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

“Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki” shiori ostida tashkil etilgan obodonlashtirish tadbirlarida О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti xodimlari ham faol ishtirok etmoqda.

O‘zaro hamjihatlikda o‘tkazilgan xayriya ishlarida yer maydoni tartibga keltirildi, gullar ekildi. Shuningdek, daraxtlar oqlanib, ariqlar chiqindilardan tozalandi.