O‘zDSMI rektori teatr san’ati fakulteti talabalari bilan davra suhbati o‘tkazdi
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov teatr san’ati fakulteti talabalari bilan uchrashib, ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari, darslar davomida olgan bilimlarini doimiy tarzda mustahkamlab borish yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlarida muhim ahamiyatga ega ekanligi, qo‘shimcha mashg‘ulotlar uchun institutda yaratilgan sharoitlar haqida suhbat o‘tkazildi.
Shuningdek, mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilari bandligini taʼminlash, yosh mutaxassislarning samarali faoliyat olib borishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilayotgani, bu borada institutda ham ko‘plab ishlar amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.
«So‘nggi yillarda sohada erishgan ulkan yutuqlar bilan bir qatorda muammolarimizga ko‘z yumib keta olmaymiz. Yaqin o‘tmishda birgina teatr san’ati bo‘yicha 30 nafarga yaqin o‘qituvchi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi, biroq teatrlarimizni hamon to‘ldira olmayapmiz. Spektakllar yaratishda aholi talabini ham inobatga olishimiz lozim. Teatr inson tafakkurini rivojlantiruvchi eng qudratli vositalardan biri hisoblanadi», — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.
Rektor talabalarga axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi muhim ekanligi, yetarli darajadagi xorijiy til bilish sertifikatiga erishish orqali qo‘shimcha stipendiya olishlari mumkinligi haqida ham aytib o‘tdi. Bundan tashqari, xorijiy tillarni o‘rganish, xalqaro miqyosda bilimlarini mustahkamlash, malaka oshirish imkonini yaratishi yuzasidan tavsiyalar berildi.
Hozirgi kunda institutning qator xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi yo‘lga qo‘yilganligi va bu orqali o‘qituvchilar hamda talabalarning xorijda o‘z bilim va malakalarini oshirish imkoniyatini yaratishi haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuv davomida internetdan to‘g‘ri foydalanish, axborot hujumlaridan ehtiyot bo‘lish lozimligi aytib o‘tildi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlardan unumli foydalanish ishonchli va rasmiy bo‘lmagan sahifalarni kuzatishda ogoh bo‘lish, turli yolg‘on hamda aldovlarga ishonib qolmaslik muhimligi ta’kidlandi.
Qolaversa, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan tegishli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.