Arktika madaniyat instituti bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov Rossiya Arktika madaniyat instituti birinchi prorektori Stanislav Ivanov bilan uchrashdi.

Suhbat davomida kelgusida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va shu asosida bir qator loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Jumladan, rus oliygohi tomonidan ishlab chiqilgan «Madaniy kod» strategiyasidagi vazifalarni birgalikda ijrosini ta’minlash, loyihani O‘zDSMIda tatbiq etish borasida fikr almashildi.

«Madaniy kod» sohani raqamlashtirish va barqarorlashtirishga qaratilgan dastur hisoblanib, dizayn, musiqa, teatr, kino, madaniyat va moda san’atini rivojlantirish va tizimlashtirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv so‘ngida ikki mamlakat oliygohlari rahbarlari yana bir qator qo‘shma dasturlarni o‘z ichiga olgan hamkorlik memorandumi imzolash borasida kelishuvga erishdi.




Taniqli kinorejissyor va ssenariynavis Umid Hamdamov bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida taniqli kinorejissyor va ssenariynavis Umid Hamdamov ishtirokida ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.

Ochiq davra suhbatida kinomutaxassis sohaga oid bilim va ko‘nikmalarini oliygoh talabalari bilan o‘rtoqlashdi.

Shu bilan birga, yosh yigit-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan foydali ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Ma’lumot uchun, Umid Hamdamov O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tahsil olgan hamda ommaviy tadbirlar postanovkachisi va teatrda aktyor sifatida faoliyat olib borgan.

Ijodkor «Onaginam orzusi», «Shunqorlar», «Issiq non» kabi filmlarning ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyori, «Rangsiz tushlar» filmining esa ssenariy muallifi hisoblanadi.




«Madaniyat va ma’rifat» telekanali bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi

О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda «Madaniyat va ma’rifat» telekanali rahbariyati hamkorlik masalalari borasida shartnoma imzoladi. Hamkorlik asosida turli loyihalarni amalga oshirish borasida kelishuvga erishildi.

Shartnomaga asosan, institut faoliyatida yuz berayotgan voqea-hodisalar, konsert dasturlar, tadbirlar hamda boshqa yangiliklarni telekanal orqali yoritib borish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, telekanalda efirga uzatiladigan turli nomdagi ko‘rsatuvlarda institut professor-o‘qituvchilari va talabalarining ishtiroki ta’minlanishi belgilab olindi.

Qolaversa, oliygohdagi ijodiy dars jarayonlari hamda talabalar tomonidan suratga olinadigan ijtimoiy videoroliklar asosida yangi ko‘rsatuvlar tashkil etiladigan bo‘ldi.




O‘zDSMIda talabalar uchun doshqozonda osh damlandi hamda gulxan kechasi o‘tkazildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati tashabbusi bilan kam ta’minlangan va ehtiyojmand yoshlar uchun dasturxon yozilib, doshqozonda osh damlandi.

Shuningdek, gulxan atrofida ijodiy kecha o‘tkazildi va unda iqtidorli yigit-qizlar o‘z chiqishlarini namoyish etdi.

Ijodiy kecha davomida talabalar tomonidan jonli ijroda kuylangan sho‘x-shodon qo‘shiqlar va rang-barang raqslar tadbirga yig‘ilgan barchaga yuqori kayfiyat bag‘ishladi.




О‘zDSMIda “Ma’rifat ulashib” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

Jamiyatning qo‘sh qanoti, ruhiy quvvati ma’naviyat va ma’rifatdir. Uning omma ongiga singdirilishi katta kuch va ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham ziyolilar bir tan-u bir jon bo‘lib, targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.

Joriy yilning 23-aprel kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tashkil etilgan “Ma’rifat ulashib” mavzusidagi madaniy-ma’rifiy tadbir ana shunday ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etdi.

Kechada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli ijodkorlar — Dilorom Karimova, Iqbol Qo‘shshayeva hamda Hulkar Hamroyeva ishtirok etdi.

She’riyatga oshufta talaba-yoshlarga ular tomonidan kerakli tavsiyalar berildi. Qizg‘in savol-javob mushoiraga ulanib ketdi. Tadbirda ijodkorlar yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar xususida fikrlarini bildirdi, asarlaridan namunalar o‘qib berdi.

Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizda milliy g‘oyani keng targ‘ib qilish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamiyatda adabiyot va kitobxonlikni yanada rivojlantirishdan iborat. Uchrashuv davomida iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan chiqishlar ko‘rsatildi. Faol yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.




Tyutorlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati dekan va uning o‘rinbosarlari hamda tyutorlar bilan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda bir qator masalalar ilgari surildi. Shuningdek, berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha hisobotlar tinglandi. Rektor hech bir talabani bee’tibor qoldirmasdan, moddiy va ma’naviy jihatdan yordam berilishi kerakligini ta’kidladi.

«Barchamiz xalqimiz, mamlakatimiz uchun yetuk kadrlar chiqarish yo‘lida mehnat qilyapmiz. Salobatli daraxt yetishtirish uchun niholga mehr berib, uni parvarishlash kerak. Talabalarimiz ham shunday, ularning muammo va kamchiliklariga yechib topib, bilim olishi hamda bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun sharoit yaratib bera olsak, savobga qolamiz», — dedi rektor v.b. Eldor Shermanov.

Shu bilan birga, institut ichki-tartib qoidalariga barcha birday amal qilishi lozimligi aytib o‘tildi:

«Qoidalar barcha uchun baravar bo‘lishi, unga men ham, siz ham, talabalar ham birday amal qilishi lozim. Qoidalarga to‘liq amalga qilgan holda bilim olish uchun kelgan yoshlarga bosim o‘tkazishga hech kimning haqqi yo‘q. Ilm olishni, ijod qilishni istagan yigit-qizlarni imkonimiz yetadigan darajada qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz».

Yig‘ilish davomida tyutorlarning takliflari tinglandi hamda ularni tatbiq etish hamda mavjud muammolarga yechim topish borasida mas’ullarga topshiriq berildi.




«Mehrobdan chayon» diplomoldi spektakli namoyishi o‘tkazildi

Teatr san’ati fakulteti dramatik teatr va kino aktyorligi ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich 302-guruh talabalari tomonidan Abdulla Qodiriy romani asosida tayyorlangan «Mehrobdan chayon» diplomoldi spektakli namoyishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, dotsent Nodira Mahmudova rejissyorligida sahnalashtirilgan spektakl o‘quv teatriga yig‘ilgan tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.

Qahramonlarning yuz qiyofasini shakllantirishda grim san’ati ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich talabalari ishtirok etib, shu orqali ular ham diplom ishi topshirdi.

Tadbir so‘ngida institut rahbariyati sahna asariga hissa qo‘shgan barchaga minnatdorchilik bildirdi.

„Mehrobdan chayon“ romanida xonliklar davri zugʻumi muayyan darajada sezilsa ham, adibda goho tarafkashlik mayllari koʻrinadi. Adib amalda realizm mavqeida turgan tarixiy haqiqatni mumkin qadar haqqoniy ifodalashga intilgan. Romanda muallif yengil hazil-mutoyiba, kulgi-yumor, piching, kinoya-kesatiq, hajv orqali Solix maxdum tabiatiga xos „maqtab boʻlmaydigan“ xususiyatlarni batafsil koʻrsatadi. Bunday xususiyatlarning ichki va tashqi ijtimoiy ildizlarini ham ochadi. Ayni paytda mahdumning „hamma nuqsonlarini yuvib ketarlik“ fazilatini ham taʼkidlaydi: „nima boʻlganda ham maxdum oʻz zamonasining eng oldingi domlalaridan, Qoʻqon aksariyatining savodxon boʻlishlariga sababchi ustozlardan“. Romandagi Anvar bilan Raʼno obrazlari, bir qarashda, romantik qahramonlarday taassurot beradi. Barkamollik — aql-zakovat, doʻstga, sevgiga sadoqat, erk, adolat yoʻlidagi shijoat bobida ular afsona, doston qahramonlarini eslatadilar. Ishqiy mulohazalar bobida bu ikki yosh juda erkin, oralaridagi gap-soʻzlar bir qadar kitobiy, shoirona. Masalaga sinchiklab qaralsa, Anvar va Raʼnodagi favqulodda, kitobiy tuyulgan hislatlar, ularning „gʻayritabiiy“ xatti-harakatlari mantiqan va ruhiy jihatdan asoslangan. Ular maktab koʻrgan, yaxshi tarbiya, chuqur bilim olgan, Sharqning yuksak madaniyati, gumanistik gʻoyalarini oʻzlari uchun chin eʼtiqod, bosh maqsad qilib olgan odamlardir. Adib asar personajlari qismati bilan bogʻliq holda muhim tarixiy hodisalar, shaxslar, sarguzashtlar haqida ham maʼlumot beradi. Solih maxdumning kechmishi, ota-bobolari qismati bahonasida keltirilgan Amir Umarxonning kanizi toʻgʻrisidagi hikoya, haq ishlari uchun jabr koʻrgan Sayidxon, mulla Siddiq va Moʻminjonlarning achchiq qismati, Xudoyorxon tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, Ogʻacha oyim sarguzashtlari, xon harami, xotinlari, oʻrdadagi qullar haqidagi aniq maʼlumotlar asarda salmoqli oʻrin tutadi. Ular bilan tanishganda hujjatli-tarixiy, publitsistik asar oʻqiyotganday boʻlasiz. Yozuvchi baʼzan qahramonlari tabiatini, xususan haramdagi qizlar fojiasini hazil-mutoyiba, oʻyin-kulgi orqali ochib beradi. Ammo bu kulgili boʻlib tuyulgan hodisalar zamirida jiddiy insoniy drama va shafqatsiz haqiqat yotadi. Xullas „Mehrobdan chayon“ hayot haqiqatini „orttirmay va kamitmay“ oʻz holicha jamiki qirralari, tovlanishlari bilan gavdalantirgan, xarakterlar olamini, ruhiyatini oʻziga xos ohanglar, boʻyoqlar vositasida kashf etib bergan oʻxshashi yoʻq badiiy obidadir.




«Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida madaniy islohotlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari» mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi

O‘zbekiston davat san’at va madaniyat institutida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining madaniyat va san’at menejmenti kafedrasi hamkorligida «Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida madaniy islohotlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari» mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Konferensiyani institut rektori v.b. Eldor Shermanov ochib berib, bugungi kunda madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida fikr bildirdi hamda mazkur konferensiya orqali mavjud muammo va kamchiliklarga yechim topishiga ishonch bildirishini ta’kidladi.

Yalpi majlisda professor, fan doktor, olim va ziyolilar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Konferensiyada «Yangi O’zbekistonda madaniy islohotlarni amalga oshirishning ustuvor yo’nalishlari», «Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida madaniyatshunoslik fanini o’qitishning zamonaviy muammolari», «Nomoddiy madaniy meros: identifikatsiya va inventarizatsiya masalalari», «Madaniyat va san’at muassasalarida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishning muhim jihatlari», «Madaniyat markazlarida targeting», «Madaniyat sohasida investitsiya loyihalarni boshqarish» kabi mavzularda ma’ruzalar o‘qildi.

Konferensiya so‘ngida ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlandi.