“NAVOIYDAN TARALGAN MANGU NAVOLAR” nomli JONLI IJROdagi teatrlashtirilgan konsert dasturi tashkil etildi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari saroyida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ijodiy jamoasi tomonidan Buyuk shoir va mutafakkir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bag‘ishlangan “NAVOIYDAN TARALGAN MANGU NAVOLAR” nomli JONLI IJROdagi teatrlashtirilgan konsert dasturi tashkil etildi.

O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayevning bevosita tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur konsert dasturida institut professor-o‘qituvchilari va iste’dodli talaba-yoshlari tomonidan Alisher Navoiy g’azallari kuyga solinib, mahorat bilan ijro etildi. Shuningdek, sahna ko‘rinishlarida shoirning hayoti hamda asarlaridan parchalar namoyish etildi. Bundan tashqari, dasturdan sevgi-muhabbat va vatanparvarlik ruhidagi kuy va qo‘shiqlar hamda she’rlar ham o‘rin oldi.

Konsert so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov Alisher Navoiy o’zbek adabiyotining eng buyuk shaxslaridan biri ekanligini, uning ijodi nafaqat adabiyot, balki san’at va madaniyatining ham rivojida beqiyos ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi hamda konsertning eng muhim jihati uning ustoz-shogird an’analari asosida tashkil etilgani, sahnada san’at darg‘alari va yosh iste’dod egalari bir sahnada turib kuy-qo‘shiq va g‘azallar ijro etgani, bu esa talabalarning kelgusi ijodida muhim qadam bo‘lishini qayd etib, konsert tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirdi.

Nodirbek Sayfullayev konsertni tashkil etishdan asosiy maqsad Navoiyni anglash va anglatish, uning hikmatlarini hayotimizga tadbiq etishga hissa qо‘shish bo’lsa, yana bir maqsad yoshlarni ustozlari bilan bir sahnaga olib chiqish orqali ularga ijodiy tajriba to‘plashlariga, institutda olayotgan bilim va ko‘nikmalarini amalda qo‘llashlariga imkoniyat yaratish ekanligini qayd etib o‘tdi hamda bugun ustozlari bilan bir qatorda ilk bor katta sahnaga qadam qo’ygan iste’dodli talabalar, albatta, kelajakda el ardog‘idagi san’atkor bo‘lib yetishadi deya ishonch bildirdi. Shuningdek, kelgusida bu kabi tadbirlarni yana ko‘proq o‘tkazishni hamda qamrovini yanada kengaytirish maqsad qilinganini qayd etdi

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti aktyorlik, rejissyorlik, kinoteleoperatorlik, san’atshunoslik, folklor ijrochiligi, milliy qо‘shiqchilik, xalq cholg‘ulari ijrochiligi, madaniyatshunoslik, kutubxonashunoslik hamda madaniyat va san’at menejmenti ta’lim yо‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlovchi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan hisoblanadi.

“Navoiydan taralgan mangu navolar” nomli teatrlashtirilgan konsert dasturi bu so’zlarning yana bir isboti bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Zeroki bugun konsertga tashrif buyurgan har bir tomoshabin jonli ijrodagi kuy-qo’shiqlardan estetik zavq olish barobarida, Navoiy ijodining eng nozik qirralarini o‘zi uchun kashf eta oldi.




Kollegial Organning 2025-yildagi 1-sonli yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Kollegial Organning 2025-yildagi 1-sonli yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda 2025-yil 1-chorak uchun qabul qilingan tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilarning 3 yillik shaxsiy rejasi va nazariy-metodologik dasturini tasdiqlash masalasi muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tо‘g‘risida”gi Nizomning 28-bandiga ko‘ra doktorant ilmiy rahbar bilan birgalikda yakka tartibdagi rejasini ishlab chiqadi. Yakka tartibdagi reja tayanch doktoranturaga yoki doktoranturaga о‘qishga qabul qilingandan keyin bir oyda Kollegial organ qarori bilan tasdiqlanadi va Yagona elektron tizimga yuklanadi hamda 29-bandiga ko’ra Ilmiy rahbar doktorant uchun ixtisoslik bо‘yicha nazariy-metodologik dastur ishlab chiqadi. Nazariy-metodologik dastur tayanch doktoranturaga о‘qishga qabul qilingandan boshlab bir oy muddat ichida Kollegial organ tomonidan tasdiqlanadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2025 yilning 1 choragi uchun 12 nafar tayanch doktorant va 13 nafar mustaqil izlanuvchi (PhD/DSc)lar oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul qilindi.

❗️ Kollegial organning 1-sonli majlisi qizg‘in munozaralarga boy tarzda o’tdi.




“Yangi O‘zbekiston madaniyat va san’at menejerlari” nomli tadbir tashkil etildi.

Yoshlar o‘rtasida madaniyat va san’at menejerlarni aniqlash, ularni kreativ fikrlashga oʻrgatish, yangi g‘oyalar asosida madaniyat va san’at muassasalarini yanada rivojlantirish, ularga aholi tashrifini oshirishga qaratilgan zamonaviy loyihalar va reklama roliklarini tayyorlash, bitiruvchi kadrlarni sohaga oid qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlarni bilish darajasini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Xalq ijodiyoti” fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari Mo‘minmirzo Xolmo‘minov tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston madaniyat va san’at menejerlari” nomli tadbir tashkil etildi.

Loyiha “Madaniyat va san’at muassasalarini tashkil etish hamda boshqarish” ta’lim yo‘nalishi birituvchilari o‘rtasida ijodiy bellashuv tarzida o‘tkazildi.

Loyiha quyidagi shartlar asosida bellashuv shaklda o‘tkazildi:
1. Madaniyat va san’at sohasida zamonaviy loyihalar tadqimoti
2. Madaniyat va san’at muassasalariga aholi tashrifini kengaytirishga qaratilgan zamonaviy reklama roligi
3. Madaniyat va san’at sohasidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar yuzasidan savollar

Unda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti, O‘zbekiston davlat Yoshlar teatri, Toshkent shahar Yunusobod tumani madaniyat bo‘limi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri, O‘zbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi kabi hamkor tashkilotlardan mutaxassislar ishtirok etdi.

Loyiha so‘ngida ishtirokchilarga institut va hamkorlar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alar berildi.




“Oriyat” musiqali dramasi namoyishi bo’lib o’tdi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev Musiqali teatr aktyorligi 5-bosqich sirtqi ta’lim yo‘nalishi talabalari tomonidan sahnalashtirilgan “Oriyat” musiqali dramasi namoyishida ishtirok etdi.

Nasrullo Qobilov asari asosida sahnalashtirilgan spektaklda Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqning boshiga tushgan qiyinchiliklar, bundan foydalanib oriyatini unutgan inson hamda oriyat uchun kurashgan o’zbek xalqining mardligi tasvirlangan.

⚡️Mazkur diplom spektakli Musiqali teatr san’ati kafedrasi katta o’qituvchisi Farxod Farmonov tomonidan sahnalashtirildi.

Shuningdek, Sahna nutqi o‘qituvchisi Isfandiyor Homidov, Xormeyster Olimjon Komiljonov, Konsertmeyster Yekaterena Abramova, Grim ustasi Feruza Jalilova, Vokal o‘qituvchilari Dilbar Malikova, Nurillo Eminov, Feruza Mansurbekova, Aktyorlik mahorati fani o’qituvchisi Fozil Nazarov.

Spektakl soha mutaxassislari tomonidan iliq kutib olindi.




Alisher Navoiy tavalludiga bag’ishlab ma’naviy-ma’rifiy kecha o’tkazildi

Kuni kecha O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Kutubxona-axborot faoliyati fakultetida so’z mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bag’ishlab, 4-bosqich talabalari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy kecha o’tkazildi.

Tadbirni fakultet dekani Bahodir Usmonov kirish so’zi bilan ochib berdi. Shuningdek, tadbirga Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi katta ilmiy xodimi, Navoiyshunos olim Yusuf Tursunov ham tashrif buyurib, Navoiyning serqirra ijodiy faoliyatiga alohida to’xtalib o’tdi.

Tadbirning badiiy qismida talabalar tomonidan Navoiy qalamiga mansub ruboiylar va g’azallar ijro etildi, kuy-qo’shiqlar va raqslar esa tadbir ishtirokchilariga yuqori kayfiyat bag’ishladi.




O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali drama teatrida bo‘lib, teatr direktori, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Azim Mullaxonov bilan uchrashdi.

Uchrashuv avvalida Nodirbek Sayfullayev O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi «Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qо‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari tо‘g‘risida «gi qarori teatr san’atining rivojida tarixiy ahamiyat kasb etayotgani, ushbu hujjat orqali teatr maskanlarining Mahmudxo’ja Behbudiy ta’riflagan tom ma’nodagi “ibratxona”ga, ma’naviyat va ma’rifat maskaniga aylanishi uchun keng imkoniyat yaratilayotganini, bugun soha xodimlari oldidagi eng dolzarb masala ayni shu qaror ijrosini ta’minlash va sohani yanada takomillashtirish, xalqimizga manzur bo’ladigan sahna asarlari yaratish ekanligini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, kelgusida teatrda “Musiqali teatr san’ati” kafedrasining filialini ochish, yuqoridagi qaror asosida talabalaring amaliyot bilan bog‘liqligini yanada oshirish, talabalar ishtirokida spektakl sahnalashtirish va shu orqali dual ta’limni yo‘lga qo‘yish va boshqa ko‘plab hamkorlik loyihalari muhokama qilindi.

Xususan, teatr san’ati rivojiga beqiyos hissa qо‘shgan betakror iste’dod sohibi, ustoz san’atkor Bahodir Yо‘ldoshev tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab “Nodirabegim” spektaklini talabalar va teatr aktyorlari ishtirokida sahnalashtirish hamda bu spektaklni teatr repertuariga kiritish masalasi atroflicha muhokama qilinib, kelgusi rejalar belgilab olindi.

Yuqoridagi qarorda Muqimiy nomidagi О‘zbekiston davlat musiqali teatriga “akademik” maqomi berilishi ham belgilandi. Bugun ushbu teatr barcha musiqali teatrlar uchun ijodiy laboratoriya vazifasini bajarib kelayotgani, shuning uchun ham teatrga “akademik” maqomining berilishi nafaqat, mazkur teatr, balki musiqali teatr san’atining hamda shu sohada faoliyat olib borayotgan ijodkorlarning mehnatlari e’tirofi ekanligi ta’kidlandi.

Tashrif davomida rektor teatrning bugungi faoliyati, ijodiy jarayonlar va kelgusi rejalari bilan ham tanishdi.




O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga Sungkyul universiteti (Janubiy Koreya) professori Jin Hwan Ra tashrif buyurdi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga Sungkyul universiteti (Janubiy Koreya) professori Jin Hwan Ra tashrif buyurdi hamda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Baxtiyor Yakubov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tashrif mobaynida ko‘plab masalalar qatorida 2025-yil iyul oyida tashkil qilinishi rejalalashtirilayotgan teatr festivali, unga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti va Sungkyul universiteti o’rtasida tadqiqot va boshqa boshqa sohalarda akademik va madaniy almashinuvni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumda talabalar, professor-о‘qituvchilar va xodimlar almashinuvini tashkil etish, ta’lim va tadqiqotda materiallar va ma’lumotlarni almashish, madaniy tajriba dasturlari, qisqa muddatli til dasturini yo’lga qo’yish, ta’lim bo’yicha qo’shma seminarlar, konferensiyalar va uchrashuvlar tashkil etish kabi bir qator masalalar qamrab olindi.




Navbatdagi yigʻilish boʻlib oʻtdi.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev rahbarligida navbatdagi yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Dastlab rektor “Milliy qo‘shiqchilik” kafedrasidan Axmadjon Dadayevga professor ilmiy unvoni, “Folklor va etnografiya” kafedrasidan Bibiaysha Kudaybergenova va Feruza Abdiraxmanovalarga hamda “Kino, televideniye va radio rejissyorligi” kafedrasidan Aleksandr Kudryavsevga dotsent ilmiy unvonlarini topshirib, ularning kelgusi ilmiy-pedagogik faoliyatiga ulkan zafarlar tiladi.
Shundan so’ng tashkiliy masala ko‘rilib bir qancha tayinlovlar bo‘yicha ma’lumot berildi.

Jumladan, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektorining tegishli buyruqlariga muvofiq:

Qurbonov Anvar Registrator ofisi direktori lavozimiga;

Turatov Sobirjon Turdibekovich О‘quv-uslubiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga;

Grebenyuk Martin Valentinovich “О‘quv-metodik ta’minot” bо‘limi boshlig‘i (О‘quv-uslubiy boshqarmasi boshlig‘i о‘rinbosari) lavozimiga;

To‘rayev Ma’murjon Jo‘raqul o‘g‘li Xalq ijodiyoti fakulteti dekani lavozimiga;

Egamberdiyev Farrux To‘xtayevich Teatr san’ati fakulteti dekani lavozimiga;

Xidirova Kamola Sodikovna Kino, televideniye va radio san’ati fakulteti dekani lavozimiga tayinlandi.

Nodirbek Sayfullayev yangi tayinlangan xodimlarga kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyat tilab, ularning oldida institut, provardida esa san’at va madaniyat rivojiga hissa qo‘shishdek ulkan mas’uliyat turganini qayd etdi hamda ushbu dargohda faoliyat olib borayotgan har bir xodim bir jamoa bo’lib, fidoiylik bilan maqsad sari harakat qilishi lozimligini ta’kidladi.

❗️Shuningdek, yig‘ilishda institut hayotiga aloqador bir qator masalalar muhokama qilindi hamda ular bo‘yicha barcha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.