O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun muhim eslatma

➡️ 2024/2025-o‘quv yili qabuli uchun kasbiy (ijodiy) imtihonning aniq sanasi, vaqti va manzili har bir abituriyentning my.uzbmb.uz saytidagi shaxsiy kabinetiga yuborilgan.

➡️ Shuningdek, har bir abituriyent tomonidan shaxsiy kabinetda ko’rsatilgan telefon raqamlariga yuqoridagi suratdagi kabi sms-xabarnoma keladi.

➡️ Yuqoridagilarni inobatga olib, abituriyentlardan:
➖o‘zlarining shaxsiy kabinetlari orqali kasbiy (ijodiy) imtihonlarda ishtirok etish ruxsatnomasini yuklab olishlari;
➖ruxsatnomada (qog’ozga chiqarilgan holda) belgilangan muddat va manzilga imtihon boshlanishidan bir soat oldin yetib kelishlari so‘raladi.

➡️ Qo’shimcha ma’lumotlar uchun:

☎️ (+99871)230-28-42
☎️ (+99871)230-28-48
☎️ (+99871)230-28-40




Madaniyat va san’at fidoyilari tantanali kutib olindi

Xabaringiz bor, 15-aprel kuni mamlakatimiz bo‘ylab madaniyat va san’at sohasi xodimlari bayrami nishonlanadi.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida erta tongdan bayramona kayfiyat hukm surib, iqtidorli yoshlar tomonidan sohaning fidoyi ustoz va murabbiylari tantanali ravishda kutib olindi.




Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri maslahatchisi Jenisbek Piyazov O‘zDSMIdagi kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonini kuzatdi

Xabaringiz bor, shu kunlarda Respublika oliy ta’lim muassasalarida 2024/2025-o‘quv yili qabuli bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazilmoqda. Shu jumladan, bugun, 8-iyul kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.

Mazkur jarayonlar bilan tanishish maqsadida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining Madaniyat va san’atni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi Jenisbek Piyazov O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Jenisbek Piyazov oliygoh rektori, professor Nodirbek Sayfullayev hamrohligida qabul komissiyasi a’zolari bilan muloqot qilib, har bir yo‘nalishga o‘z sohasi bo‘yicha eng kuchli, bilimli va iqtidorli abituriyentlar qabul qilinishi lozimligini ta’kidladi.

Shuningdek, vazir maslahatchisi abituriyentlar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashib, ular uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Qayd etish joiz, qabul va kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlari adolatli va shaffof holda tashkil etish maqsadida oliygohda barcha zaruriy choralar ko‘rilgan. Jumladan, barcha imtihon jarayonlari videokuzatuv kameralari yordamida yozib olinib, institut rasmiy veb-saytida onlayn tarzda namoyish etilmoqda.

Abituriyentlarning ijodiy, amaliy ishlarini baholashga komissiya raisi sifatida institutimizda faoliyat yuritmaydigan taniqli san’atshunos olimlar, faxriy unvonga ega bo‘lgan mashhur teatr va kino rejissyorlari, aktyorlari, xonandalar, sozandalar kino-teleoperatorlar jalb etilgan.




Rektor murojaati

Ota-onalar va abituriyent-yoshlarga
MUROJAAT

Assalomu alaykum, hurmatli ota-onalar va abituriyentlar!

➡️ Hech sir emaski, Hurmatli Prezidentimiz Shavkat  Mirziyoyevning e’tibor va g’amxo’rliklari natijasi o’laroq,  bugun milliy sanʼatimizda oʻz fikri, uslubi va dunyoqarashiga ega yosh ijodkorlar avlodi shakllanmoqda. Ularning ijodiga nazar solar ekansiz, kreativlik, inson fikrining erkin ifodasi, atrofda boʻlayotgan voqea-hodisalarga boʻlgan tezkor munosabatga guvoh bo’lasiz. Bir so’z bilan aytganda, ushbu yoshlar Yangi O’zbekistonning bugungi salobati-yu salohiyatiga monand tarzda mushtasham san’ati va madaniyatining bunyod etilishiga o’z hissasini qo’shmoqdalar.

➡️ Hozirda oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari ostonasida turibmiz. Bu jarayonning natijasi yurtimiz kelajagi uchun bevosita aloqador boʻlgani uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Avvalo, kirish imtihonlarida barchangizga omad yor boʻlishini tilab qolaman.

➡️ Bugun siz tanlagan Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti yurtimizda aktyorlik, rejissyorlik, kinoteleoperatorlik, sanʼatshunoslik, folklor ijrochiligi, milliy qoʻshiqchilik, xalq cholgʻulari ijrochiligi,  madaniyatshunoslik, kutubxonashunoslik hamda madaniyat va sanʼat menejmenti taʼlim yoʻnalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlovchi yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan hisoblanadi. Bu yerda oʻz ijodiy va ilmiy faoliyati bilan nafaqat yurtimiz, balki jahon sanʼati rivojiga munosib hissa qoʻshgan   ustoz sanʼatkorlar va yosh umidli professor-oʻqituvchilar talabalarga sanʼat sirlaridan saboq berib kelmoqdalar.

Aziz abituriyentlar!
Hurmatli ota-onalar!

➡️ Ishonchingiz komil boʻlsinki, qabul va kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlari adolatli va shaffof holda tashkil etilishi uchun institutimizda barcha zaruriy choralar koʻrilmoqda. Jumladan, barcha imtihon jarayonlari videokuzatuv kameralari yordamida yozib olinadi hamda institut rasmiy veb-saytida onlayn tarzda namoyish etiladi.

➡️ Abituriyentlarning ijodiy, amaliy ishlarini baholashga komissiya raisi sifatida institutimizda faoliyat yuritmaydigan taniqli sanʼatshunos olimlar, faxriy unvonga ega boʻlgan mashhur teatr va kino rejissyorlari, aktyorlari, xonandalar, sozandalar kinoteleoperatorlar jalb etilgan. Imtihon natijalari shu kunning oʻzida kechki payt institutning www.dsmi.uz veb sayti orqali eʼlon qilinadi.

➡️ Eng asosiysi, qabul jarayonlarida korrupsiya, tanish-bilishchilik kabi holatlar kuzatilmasligi uchun institut tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda barcha zaruriy choralar koʻriladi.Bugun talabalikka tavsiya etiladigan yoshlar sohaning ertasini belgilab berishini anglagan holda, bu jarayonga institutning barcha xodimlari jiddiy eʼtibor bilan yondoshmoqdalar. Oʻz navbatida, sizlar ham bu jarayonda begona kishilarga emas, iqtidoringiz va bilim salohiyatingizga ishoning. Hurmatli ota-onalar, shuni unutmangki, bugungi tutgan oqilona yoʻlingingiz natijasida farzandingizning kelajagini yanada yorqinroq boʻlishiga hissa qoʻshgan boʻlasiz. Halollik va poklik qoidalari asosida tarbiyalab, voyaga yetkazgan aziz farzandingizning katta hayotga qoʻyayotgan ilk qadamlarini korrupsiya va firibgarlik kabi jirkanch illatlar taʼsirida boʻlishidan asrang. Yana bir bor barchangizga sihat-salomatlik hamda kirish imtihonlarida omad yor boʻlishini tilab qolaman!

Nodirbek Sayfullayev,
Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti rektori, professor

➡️ Imtihon jadvali bilan tanishish

➡️ Kasbiy(ijodiy) imtihon jarayonini jonli translyatsiya orqali tomosha qilish




О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘tkaziladigan kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘yicha abituriyentlarga eslatma

?‍? 8-iyul sanasida kasbiy (ijodiy) imtihonlarning 1-kuni bo’lib o’tadi. Unda institutning quyidagi ta’lim yo’nalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlar imtihonlarda ishtirok etishadi:
1. Aktyorlik san’ati: dramatik teatr va kino aktyorligi ta’lim yo’nalishi — institutning B bino 2-1 va 2-4 auditoriyalarida;
2. Aktyorlik san’ati: estrada aktyorligi ta’lim yo’nalishi — institutning B bino 3-6 auditoriyasida;
3. Xalq ijodiyoti: folklor va etnografiya ta’lim yo’nalishi — institutning B bino 4-1 auditoriyasida;
4. Xalq ijodiyoti: ashula va raqs ta’lim yo’nalishi — institutning B bino 1-5 auditoriyasida.
⏰ Imtihonlar soat 08:00 da boshlanadi.
‼️ Abituriyentlar va ularning ota-onalariga qo’shimcha qulaylik yaratish hamda kasbiy (ijodiy) imtihonlarning shaffofligini ta’minlash maqsadida jarayon https://dsmi.uz/live/ havolasi orqali onlayn translyatsiya qilinadi. Abituriyentlar va ularning ota-onalari uyali aloqa vositalari orqali ham imtihonlarni masofadan kuzatib borishi mumkin.
‼️ Eslatma: Abituriyentlardan imtihon o’tkaziladigan binoga belgilangan vaqtdan bir soat oldin shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID karta) asl nusxasi hamda abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishlari so‘raladi. Kechikkan abituriyentlar imtihonga kiritilmaydi.



О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida 11-sonli Kengash yig‘ilishi bo’lib o’tdi

О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti kengashining 11-sonli yig‘ilishi bo’lib o’tdi. Institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev raisligida o’tgan ilmiy kengash avvalida Oliy attetstatsiya komissiyasi qaroriga ko’ra dotsent ilmiy unvoniga loyiq ko’rilgan sahna harakati va jismoniy madaniyat kafedrasi o’qituvchisi Ostanina Olga Anatolevnaga dotsentlik attestati topshirilib, uning kelgusi faoliyatiga ham omad tilandi.

Shundan so’ng kengash kun tartibiga muvofiq О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, Farmoyishlari va topshiriqlari, О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va bayoni, Vazirliklarning buyruqlari va topshiriqlarining bajarilishi, 2023/2024 о‘quv yili yakunlari tо‘g‘risida, institut 3-bosqich tayanch doktorantlari dissertatsiyalarining tayyorlik holati tо‘g‘risida tegishli mas’ullar axboroti eshitilib, bu borada tegishli tavsiyalar berib o’tildi.

Bundan tashqari, kengash yig’ilishida Prezident va nomdor stipendiyalarga nomzod talabalarning hujjatlarini tegishli tartibda keyingi bosqichga jo’natish, ilmiy unvon olish uchun murojaat qilgan professor-o’qituvchilarning hujjatlarini Oliy attestatsiya komissiyasiga yuborish, О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti kafedralaridagi mavjud bо‘sh-vakant о‘rinlarga “О‘zbekiston ovozi” gazetasining 2024-yil 22-maydagi 21-sonida berilgan tanlov bo’yicha yashirin ovoz berish yo’li bilan tegishli qarorlar qabul qilindi.




O‘zDSMIda «Talaba-yoshlar ijodiyoti» festivalining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash hamda o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar kelajagiga katta e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va ijodiy salohiyatini rivojlantirish uchun keng ko‘lamli tashabbuslarni ilgari surmoqda. Bu kabi tashabbuslar, ayniqsa, madaniyat va san’at sohasida o‘z ifodasini topmoqda.

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida «Talaba-yoshlar ijodiyoti» festivalining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash, o‘quv yili davomida samarali pedagogik faoliyatini olib borgan professor-о‘qituvchilar, о‘z vazifasiga ma’suliyat bilan yondashgan ishchi-xodimlarning mehnatlarini e’tirof etish hamda 2023/2024-o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda institut rahbariyati, Prezident Administratsiyasi hamda Madaniyat vazirligi mutasaddilari ishtirok etishdi. Bayram tadbirini Madaniyat vazirining birinchi o’rinbosari Avazxon Tadjixanov va institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev kirish so’zi bilan ochib berishdi.

Festival davomida o‘z iqtidori va salohiyatini har tomonlama namoyish eta olgan eng iqtidorli talabalar turli nominatsiyalar bo‘yicha diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, o’quv yili davomida o’zining fidokorona mehnati bilan barchaga o’rnak bo’lgan professor-o’qituvchilar va ishchi-xodimlar ham alohida taqdirlandi. Ma’lumot o’rnida aytib o’tishimiz joiz taqdirlash marosimida 25 ta nominatsiya bo’yicha 48 nafar institut vakillariga esdalik sovg’alari taqdim qilindi.

Marosim bayramona konsert dasturi bilan davom etdi. Oliygohning ijodkor o’qituvchilari va talabalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari va raqslar tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Mazkur festival yosh ijodkorlar uchun nafaqat o‘z iqtidorini namoyon etish, balki kelajakdagi ijodiy faoliyatida yangi cho‘qqilarni zabt etish uchun pillapoya vazifasini bajaradi.




O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida yoshlar kuni keng nishonlandi

O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan talaba-yoshlar uchun bir qator sport va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlari tashkil etildi.

Jumladan, stol-tennisi, shaxmat, shashka, tosh ko’tarish va futbol kabi sport turlari bo’yicha musobaqalar o’tkazildi.

Tadbirlar milliy cholg’ularimiz sadolari, kuy-qo’shiqlar ostida, yuqori kayfiyatda bo’lib o’tdi.

Ushbu jarayonda institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev ham ishtirok etib, talaba-yoshlarni bayram munosabati bilan tabrikladi.

Shuningdek, talaba-yoshlar vakillari bilan samimiy muloqot qilindi.

Bildirilgan takliflar va tashabbuslar muhokama qilinib, bu borada kerakli tavsiyalar berib o’tildi. Tadbirlar so’ngida osh tayyorlanib, talabalarga ulashildi.