O‘zDSMI va Tyanjin konservatoriyasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi

Xabaringiz bor, shu kunlarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati ta’lim forumi doirasida Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi.

Bugun oliygoh rahbariyati Tyanjin konservatoriyasi bilan hamkorlik shartnomasi imzoladi.

Uchrashuv davomida ikki oliygoh o‘rtasida kelgusida talabalar almashinuvi hamda professor-o‘qituvchilar o‘rtasida malaka oshirish darslarini yo‘l qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ma’lumot uchun, 1958-yil tashkil etilgan Tyanjin konservatoriyasining kunduzgi bo‘limida bugungi kunda 3000 nafardan ortiq talaba tahsil oladi.

Mazkur ta’lim muassasasi Buyuk Britaniyaning York universiteti, AQSHning Morhed va Missuri universitetlari hamda dunyoning boshqa yirik oliygohlari bilan hamkorlik qiladi.




Xitoyning ikki oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik borasida kelishuvga erishildi

Xabaringiz bor, shu kunlarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati ta’lim forumi doirasida Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi.

Kunning birinchi yarmida Hebey aloqa instituti bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgani haqida ma’lumot bergandik.

Shuningdek, bugun Jilin xalqaro tadqiqotlar universiteti hamda Xitoy rassomchilik akademiyasi bilan hamkorlik borasida kelishuvga erishildi.

Ma’lumot uchun, Jilin xalqaro tadqiqotlar universiteti xorijiy tillarni o‘rgatishga ixtisoslashgan ta’lim muassasasi hisoblanib, mamlakatning eng ilg‘or xususiy oliygohlariga qatoridan o‘rin egallagan.

Shu bilan birga, Xitoy rassomchilik akademiyasi ham mintaqada san’atga ixtisoslashgan nufuzli dargoh hisoblanadi.




O‘zDSMI rahbariyati Xitoyda o‘tkazilayotgan ta’lim forumida ishtirok etmoqda

Xabaringiz bor, Xitoy Xalq Respublikasida 22–23-yanvar kunlari O‘zbekiston–Xitoy ta’lim forumi o‘tkaziladi.

Xitoy poytaxti Pekin shahrida o‘tkazilayotgan forumda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov hamda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sobir Jumayev ishtirok etmoqda.

Forumda O‘zbekiston-Xitoy universitetlari o‘rtasida oliy ta’lim va ilm-fan yo‘nalishidagi aloqalarni jadallashtirish, o‘zbekistonlik talabalarning xitoy tilini chuqurroq o‘rganishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish, taʼlimda sunʼiy intellektni joriy etish, muhandislik, qishloq xo‘jaligi, energetika, raqamlashtirish, kimyo sanoati yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish, stajirovka o‘tash, spin-off korxonalarini tashkil etish, texnologiyalar transferini amalga oshirish, Xitoy texnologik parklari bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinadi.

Forum yakunida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish, rivojlangan texnologik ishlab chiqarish sohalarining tajribasini O‘zbekiston oliygohlariga tatbiq etishga qaratilgan qator hamkorlik shartnomasi imzolanishi kutilmoqda.




Tayanch doktorant va mustaqil tadqiqotchilar uchun ilmiy seminar o‘tkazildi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tayanch doktorant va mustaqil tadqiqotchilar uchun ilmiy seminar o‘tkazildi.

Dastlab oliygoh rektori v.b. Eldor Shermanov so‘zga chiqib, ilmiy ishlarning soha rivoji va jamiyat hayotidagi o‘rni to‘g‘risida fikr yuritar ekan, son bilan cheklanib qolmasdan, sifatga ham e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.

Toshkent davlat pedagogika universiteti umumiy pedagogika kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari doktori, professor Begzod Xodjayev tomonidan o‘tkazilgan seminar davomida ilmiy darajalar berish nizomi, metodologik ahamiyatga molik nashrlar, soha bo‘yicha Respublika va xorijlik olimlar tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar va boshqa masalalar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.

Seminar so‘ngida ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Oybek Davlatov Begzod Xodjayevga minnatdorchilik bildirdi hamda tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilarga ilmiy-ijodiy faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.




Folklor sohasiga oid elektron platforma yaratiladi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov folklor va etnografiya ta’lim yo‘nalishi talabalarining yakuniy nazorat imtihon jarayoni bilan tanishdi.

Tashrif davomida rektor mazkur sohaning jamiyatdagi o‘rni to‘g‘risida to‘xtalib, talabalarning yutuq va kamchiliklari borasida o‘z fikrini bildirdi.

«Yakuniy imtihonlar shaffof va adolatli ruhda o‘tishi kerak. Oliygohga o‘qishga kirgan talaba mazkur dargohdan mutaxassis bo‘lib yetishishi darkor. Bu yo‘lda ularga ta’lim berayotgan o‘qituvchilar ham javobgar sanaladi.

Folklor va etnografiya jamiyatda juda katta ahamiyatga ega sanaladi. Boshqa sohalarda inqiroz yuz bersa, uni oldini olish mumkin, biroq milliy qadriyatlari yo‘qolgan mamlakat oxir-oqibat tanazzulga uchraydi. Shu bois, bu sohada tahsil olayotgan talabalarga alohida e’tibor qaratish joiz.

Shu bilan birga, ular o‘rganayotgan bilimlar va ularning ijodiy ishlari shu yerda qolib ketmasligi kerak. Kelgusida mazkur sohaga oid elektron platforma yaratib, professor-o‘qituvchilar va talabalarning ijodiy ishlarini nafaqat Respublika, balki dunyoga targ‘ib qilishni rejalashtirganmiz.

Zamon o‘zgargan sayin yoshlarda ham zamonaviylik kayfiyati paydo bo‘lishi sir emas. Shunday ekan, nega folklor namunalarini zamon bilan hamnafas ko‘rinishga keltira olmaymiz? Buning uchun bizda barcha shart-sharoitlar mujassam», — dedi Eldor Shermanov.

Yakuniy nazorat imtihonlari davom etmoqda.




I Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida

HURMATLI HAMKASBLAR! SIZLARNI
“RAQAMLASHTIRISH DAVRIDAGI KUTUBXONA SOHASI EKOTIZIMI: HAMKORLIK, INTEGRATSIYA VA INNOVATSIYALAR”
I Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida
ishtirok etishga taklif qilamiz
(Toshkent shahri, 2024-yil 15-mart)

Конференция




Hindistonlik mashhur sozanda Kunal Kale O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida mahorat darsi o’tdi

Bugun O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi qoshidagi Lal Bahodir Shastri nomidagi madaniyat markazi bilan hamkorlikda mashhur hind sozandasi Kunal Kale tomonidan mahorat darsi tashkil etildi. Mehmonni kutib olgan institutimiz ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori Sobir Jumayev Kunal Kalega tashrifi uchun minnatdorchilik bildirib, oliygohimizning maxsus esdalik sovg’asini taqdim etdi.

Mahorat darsi institutning cholg’u ijrochiligi kafedrasi ta’lim yo’nalishi talabalari uchun o’tkazildi. Mahorat darsi davomida talabalarimiz hind madaniyati va san’atiga oid musiqiy kuylar va musiqa asboblari haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo’lishdi.

Mahorat darsi oxirida talabalarimiz sozanda Kunal Kale bilan birgalikda kuylarni ijro etishdi. Shuningdek, Kunal Kalega cholg’u ijrochiligi kafedrasi mudiri Sobir Turatov tomonidan kafedra faoliyati ham batafsil tanishtirib o’tildi.




O’zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazida tashkilotning yil yakunlariga bag’ishlangan tadbiri bo’lib o’tdi

O‘zbekistonda Ozarbayjonga doir e’lon qilingan musobaqaning taqdirlash marosimi tashkil qilindi.

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan 2023-yil bo‘yicha o‘lka matbuoti, jamiyati o‘rtasida Ozarbayjon, shuningdek ikki o‘lka orasida tarixiy do‘stlik va hamkorlikka oid e’lon qilingan musobaqaning taqdirlash marosimi tashkil qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2013-yilda buyuk yo‘lboshchi Haydar Aliyevning 90 yillik yubileyi munosabati bilan o‘tkazila boshlangan bu musobaqa har yil an’anaviy tarzda o‘tkaziladi va musobaqada e’lon qilingan mavzular bo‘yicha maqolalar, televideniya ko‘rsatuvlari, hujjatli filmlar, tarjima asarlar, shuningdek, «Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlikka oid eng ko‘p materiallar chop etgan matbuotlar», davlat va jamoatchilik vakillari, madaniyat xodimlari, Ozarbayjon Madaniyat Markazining faxriy diplomi va pul mukofotiga sazovor bo‘ladilar.

Ozarbayjon Madaniyat Markazida tashkillashtirilgan bu yilgi  tantanali marosim yuksak darajada o‘tkazilgani bilan farq qiladi. Qolaversa, ushbu tadbir Haydar Aliyev yiliga bag’ishlab tashkil etildi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan Markaz direktori Samir Abbosov o‘tgan yilning yakunlari, Ozarbayjon-O‘zbekiston o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikning inkishofi, madaniy aloqalarda turli tadbirlar va loyihalarning amalga oshirilgani haqida so‘z yuritdi.

Direktor O‘zbekistonning Toshkent shahri va Xorazm viloyatida Ozarbayjon madaniyati haftaligi, Shusha kunlari, Ozarbayjon kinosi kunlari va Bokuda esa O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilganini aytib o‘tdi.

Samir Abbosov davlat rahbarlarimizning o‘zaro uchrashuvlari, safarlari Ozarbayjonning ishg‘oldan ozod etilgan Fuzuliy tumanida O‘zbekiston davlatining loyihasi asosida maktab barpo etilgani va uning ochilish marosimini, Toshkent davlat Sharqshunoslik universitetida «Ozarbayjonshunoslik» Markazining ochilishi, Qo‘qon shahridagi Xalqaro Hunarmandchilik muzeyida Ozarbayjon burchagining yaratilishi bu yil uchun esda qolarli hodisa sifatida yuksak baholadi.

Samir Abbosov an’anaviy mavzular bilan birga bu yil musobaqaga «Haydar Aliyev – turkiy dunyo – O‘zbekiston», «Shusha  – turk dunyosining madaniyat poytaxti» nominatsiyalari ham e’lon qilinganini aytib o‘tdi.
Chiqish qilgan tadbirning keyingi ishtirokchisi O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi rahbari o‘rinbosari Akbarxon Magdiyev o‘lkalarimiz orasida madaniyat va matbuot sohasidagi aloqalarning to‘xtab qolmasdan yuksalishda davom etayotgani, musobaqada 2023-yilning Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili» deya e’lon qilingani inobatga olinib, maxsus nominatsiyasi belgilangani to‘g‘risida ta’kidladi. U Ozarbayjon Madaniyat Markazi O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani va buning natijasida o‘tgan yillarga nisbatan taqqoslaganda har yil O‘zbekiston matbuotlarida Ozarbayjon mamlakati haqida 500 dan ortiq maqola chop etilgani va ko‘rsatuvlarning efirga uzatilganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Undan keyin taqdirlash marosimi tashkil qilindi.
2023-yilda «Ozarbayjon-O‘zbekiston do‘stligi, hamkorligiga doir yilning eng yaxshi televideniya ko‘rsatuvi» nominatsiyasi bo‘yicha mukofotga «Sevimli TV» telekanali boshlovchisi va muxbiri Nigora Elmurodova, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston – umumiy uyimiz» ko‘rsatuvi rejissyori va boshlovchisi Mirzaahmad Avazov va Bektosh Azimov, O‘zbekistonning «Sevimli TV» telekanali «Zamon» informatsion dasturi boshlovchisi Nazira Ubaydullayeva munosib deb topildi.

O‘zbekistonda Ozarbayjonga oid yilning eng yaxshi loyihasi bo‘yicha mukofotlar Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti rektori, professor Gulchehra Rixsiyeva Toshkent davlat Sharqshunoslik universitetida Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjonshunoslik Markazining yaratilishi loyihasi uchun, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligining «Ibrat farzandlari» loyihasi rahbari Rustam Qoriyevga Youtube onlayn platformasida Ozarbayjon tilining onlayn shaklda o‘rgatilishi loyihasi uchun taqdim etildi.

«Ozarbayjon-O‘zbekiston do‘stlik aloqalarini targ‘ib qilgan O‘zbekistonning madaniyat va ilm xodimi» nominatsiyasi bo‘yicha mukofotga O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, dotsent Eldor Shermonov va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti prorektori, professor Feruza Ikramxonova loyiq deb topildi.

2023-yilda O‘zbekistonda «Yilning eng yaxshi madaniyat loyihasi» nominatsiyasi bo‘yicha esa O‘zbekistonning Muqimiy nomidagi davlat musiqali teatri tomonidan sahnalashtirilgan «Qaynona» musiqali komediya tomoshasi va O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti musiqa-teatr truppasi tomonidan sahnalashtirilgan «Arshin mol olan» musiqali komediya tomoshasi, shuningdek Ozarbayjon-O‘zbekiston do‘stligiga bag‘ishlangan «Meni sevib qolsayding» klipi uchun «ARB Günəş» televideniya rahbari Mahsim Mahsimov mukofot bilan taqdirlandilar.
2023-yilda O‘zbekiston matbuotida «Haydar Aliyev – turkiy dunyo – O‘zbekiston» mavzusida yilning maqolalari nominatsiyasi bo‘yicha mukofotlar O‘zbekistonning «aniq.uz» sayti jurnalisti Nizomjon Isoqovga va O‘zbekistonning «darakchi.uz» sayti jurnalisti Karim Zaripovga taqdim etildi.

«Ozarbayjon-O‘zbekiston do‘stligi, hamkorligini keng targ‘ib qilgan ozarbayjonlik ziyoli» nominatsiyasi bo‘yicha O‘zbek va Qoraqalpoq adabiyotiga doir ko‘plab tadqiqot ishlarini qilgan Boku Slavyan universiteti Ozarbayjon adabiyoti kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori, turkolog, adabiyotshunos, tanqidchi Ozarbayjonning aziz muallimi Nizomiy Tag‘isoy mukofotga munosib deb ko’rildi.

O‘zbekistonda Ozarbayjon adabiyotiga doir ilmiy-tadqiqot loyihasi nominatsiyasi bo‘yicha Maqsud Shayxzoda merosining o‘rganilishi, tadqiqi va targ‘ibotiga oid ilmiy-tadqiqot asari uchun Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti dotsenti Oybibi Iskandarova, «Yilning eng yaxshi tarjima nashri loyihasi» nominatsiyasi bo‘yicha esa tarjimon, shoir Rahmatjon Bobonojonov mukofot bilan taqdirlandilar.

2023-yilda «Ozarbayjon-O‘zbekiston do‘stligini, hamkorligini targ‘ib qilgan ozarbayjonlik jurnalistlar» nominatsiyasi bo‘yicha Ozarbayjonning «Trend.az» va «Newscenter.az» saytlarining jurnalistlari Vugar Imonov va Sulaymon Ismoyilbeyli munosib deb topildi.

«Ozarbayjon milliy musiqasining O‘zbekistonda keng targ‘iboti» nominatsiyasi bo‘yicha yil mukofoti O‘zbekistonda tanilgan ozarbayjonlik soz ustasi Ilhom Abdullayev va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti Davron Qodirovga taqdim etildi.

Taqdirlash marosimining so‘nggida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, dotsent Eldor Shermonov va Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti rektori, professor Gulchehra Rixsiyeva, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi «Ibrat farzandlari» loyihasi rahbari Rustam Qoriyev so‘zga chiqib, mukofot uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdilar va bu mukofot ularning faoliyatlariga berilgan baho, e’tibor kabi qarshilaganini, bundan keyin ham Ozarbayjon bilan do‘stlik aloqalariga katta ahamiyat berishlarini ta’kidlab, Ozarbayjon davlatiga o‘z samimiy tashakkurlarini bildirdilar.

Tadbir oxirida ishtirokchilarga Ozarbayjon milliy kuy-qo‘shiqlaridan iborat musiqiy guldasta taqdim etildi.