O‘zDSMIda tadqiqotchi Barno Nurmanovaning san’atshunoslik fanlari bo‘yicha dissertatsiya himoyasi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tadqiqotchi Barno Nurmanovaning «Zamonaviy o‘zbek teatrida sahnaviy obraz yaratish masalalari» mavzusida san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadqiqot mavzusining dolzarbligi va zarurati to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, jahon madaniy jarayonlarida teatr san’atining o‘rni, xalqaro integratsion aloqalar va ijtimoiy-mafkuraviy munosabatlarni mustahkamlashdagi ahamiyati tobora ortib borayotganligi ta’kidlandi.

Dissertatsiyada dunyo sahna san’atida yuzaga kelayotgan yangi tendensiyalar, modernizm yo‘nalishidagi oqimlar va uslubiy ifodaviy eksperimentlar teatrning ijodiy va badiiy-estetik ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilishi haqidagi fikrlar keltirildi. Shuningdek, jahon teatrlari dramaturgiya, rejissura, aktyorlik san’ati va boshqa komponentlarning badiiy yaxlitligini ta’minlashga intilayotgani va to‘laqonli sahnaviy obraz yaratish yo‘lida ijodiy eksperimentlar o‘tkazayotgani ta’kidlandi.

Ilmiy ish natijalari asosida quyidagi taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi:
– dramatik teatrlarda namunali aktyorlik talqinini jamoatchilik oldida tahlil qilish an’anasini yaratish;
– ustoz-shogird an’analarini saqlab qolish maqsadida aktyorlik va rejissorlik yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalarni teatrlardagi ijodkorlar bilan bog‘laydigan tizimni yo‘lga qo‘yish;
– O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti teatr san’ati fakultetidagi professor-o‘qituvchilar va talabalarning xorijiy san’at ta’limi muassasalari bilan masofadan turib hamkorlik qilish tizimini ishlab chiqish;
– aktyorning sahnaviy obraz yaratishiga yordam beradigan ilmiy adabiyotlar va tarixiy shaxslarning sahnaviy obrazlari muhrlangan filmlarni tahliliy o‘rganish amaliyotini aktyorlik va rejissorlik darslarida joriy qilish va boshqalar.

Muhokamaga ko‘ra, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti huzuridagi Ilmiy kengashning deyarli barcha a’zolari dissertatsiyani bir ovozdan yoqlab ovoz berishdi.




E’lon 2024-yil 20-iyun kuni dissertatsiyasi muhokamasi

KUN TARTIBI:

Isokova Matluba Komilovnaning 00.01 – Teatr san’ati ixtisosligi bо‘yicha “Xorazm etnomadaniyati va Yevropa rusumidagi teatrning rivojlanishi” mavzusidagi san’atshunoslik bо‘yicha falsafa fanlari doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasi muhokamasi

 

 

Majlis О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “A” binosi,

2-qavat, majlislar zalida 10.00 da boshlanadi.

  

Dissertatsiya qо‘lyozmasi bilan О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Axborot-resurs markazida tanishish mumkin.




Oliy attestatsiya komissiyasi raisi ishtirokida O‘zDSMI doktorantlari va tadqiqotchilari bilan davra suhbati o‘tkazildi

Doktorantlar va tadqiqotchilar ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni rivojlantirishda muhim rol o’ynaydi. Ular tomonidan olib borilayotgan izlanishlar hamda erishilayotgan natijalar jamiyatni yangi bilimlar bilan boyitadi, fan va texnologiya taraqqiyotini tezlashtiradi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi Ahmadbek Yusupovning O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida doktorantlar va tadqiqotchilar hamda yetakchi professor-o’qituvchilar bilan muloqoti o’tkazildi.

Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan ushbu uchrashuv davomida uzluksiz ta’lim tizimining oliy ta’limdan keyingi bosqichida dissertatsiya himoyalarini qanday shakllantirish kerakligi haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, bu jarayonda duch kelinadigan to‘siqlar va muammolar, OAK nizomi bo‘yicha tadqiqotchilarga taqdim etilayotgan yengilliklar va imkoniyatlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi.

Davra suhbatida institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev ham ishtirok etib, doktorantlar va tadqiqotchilarning ilmiy faoliyati uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishini ta’kidladi.

Yig‘ilishda ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashda san’at va madaniyat sohasida ilmiy daraja berish tartibi hamda tadqiqotchilarning xorijiy mamlakatlarda amaliyot o‘tashi masalalari ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, ilmiy yangiliklarni ta’lim jarayoniga integratsiya qilish, ijodiy ishlarni ilmiy ishga tenglashtirish kabi muhim jihatlar, shuningdek, ilmiy loyihalarni tijoratlashtirish, plagiat materiallarga qarshi kurashish va ilmiy unvon sohiblarining monitoring qilish masalalari yuzasidan yo‘llangan savollarga atroflicha javob berildi.

Uchrashuvda doktorantlar va tadqiqotchilar ilmiy izlanishlarini samarali amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yo‘l-yo‘riqlar va tavsiyalarga ega bo‘ldi. Mutaxassis tomonidan berilgan ma’lumotlar ularga duch keladigan muammolarni hal qilishda va izlanishlarni yanada samarali olib borishda yordam beradi. Bu esa, o‘z navbatida, fan va ta’lim tizimining rivojlanishiga, ilmiy salohiyatning yuksalishiga xizmat qiladi.




O‘zDSMIda Ozarbayjon madaniyat kunlari doirasida bir qator tadbirlar o‘tkazildi

­So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar sezilarli darajada rivojlanmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi yaqin aloqalar nafaqat siyosiy, balki madaniy va ijtimoiy sohalarda ham mustahkam ko‘rinishga ega bo‘lmoqda.

Buning yorqin namunasi o‘laroq, joriy yilning 9–14-iyun kunlari O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyat kunlari tashkil etilmoqda. Haftalik doirasida ko‘plab madaniy tadbirlar rejalashtirilgan bo‘lib, ular ikki davlat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan.

Jumladan, 12-iyun kuni Ozarbayjonning bir guruh ijodkor vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Ozarbayjonning mashhur Yug‘ teatr studiyasi tomonidan taniqli yozuvchi va dramaturg Ilg‘or Fahmiy pyesasi asosida sahnalashtirilgan «Men bu… menman» spektakli namoyish etildi.

Spektakl ijodiy jamoasi tomoshabinlarni bir yarim soat davomida XIV asrda yashab, ijod qilgan buyuk ozarbayjon shoiri, faylasufi va mutafakkiri Imodiddin Nasimiyning hayot tarzi, falsafasi, haqiqatgo‘yligi va muhabbati bilan tanishtirdi.

Shuningdek, spektakldan so’ng institut rektori va Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi mas’ul xodimlarining muloqoti ham bo’lib o’tdi.

Bundan tashqari, Ozarbayjon maqom markazi direktori Sahib Pashazade ham oliygohda bo‘lib, O‘zDSMI rektori, professor Nodirbek Sayfullayev va institut jamoasi bilan uchrashib, ikki qardosh xalq o’rtasidagi do’stona aloqalar haqida o’zining iliq fikrlarini bildirib o’tdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda Ozarbayjon maqom markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandum ikki davlat san’atkorlari, professor-o‘qituvchilari hamda talabalari o‘rtasida tajriba almashish imkoniyati yaratiladi. Bu milliy madaniyat va san’atni yangi bosqichga olib chiqadi. Shuningdek, maqom san’ati bo‘yicha qo‘shma tadbirlar, konsertlar, seminarlar va mahorat darslari tashkil etiladi. Tadbirlar ikki mamlakat san’atkorlari o‘rtasida yaqin aloqalarni o‘rnatishga va yangi ijodiy g‘oyalarni amalga oshirishga zamin yaratadi. Qolaversa, san’at va madaniyat sohasidagi ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy tadqiqotlar, tajribalar va innovatsiyalar almashinuvi amalga oshiriladi. Bu esa ta’lim sifatini oshirishga va ilmiy izlanishlarning rivojlanishiga yordam beradi.

Shu bilan birga, Sahib Pashazadega O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining faxriy professori unvoni topshirildi. Mazkur unvon ikki mamlakat hamkorligining yorqin namunasi sifatida taqdim etildi.

Ozarbayjon madaniyat kunlari doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va ijtimoiy aloqalarni yanada rivojlantirishga, xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi hamda uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.




Cholg‘u ijrochiligi ta’lim yo‘nalishi talabalarining bitiruv malakaviy imtihoni o‘tkazildi

Kino, televideniye va radio san’ati fakulteti «Cholg’u ijrochiligi va musiqa nazariyasi» kafedrasi Professional ta’lim: xalq ijodiyoti (cholg‘u ijrochiligi) ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich talabalarining bitiruv malakaviy imtihoni o‘tkazildi. Unda bitiruvchi talabalar mutaxassislik cholg’usi bo’yicha imtihonga tayyorlagan asarlarini ijro qildilar.

Imtihon jarayonida talabalar o‘zlarining ijrochilik san’atida egallagan bilim va ko‘nikmalarini ko‘rsatishdi. Ular chang, nay, doira, dutor, qashqar rubobi, afg’on rubobi, rubob prima, dutor bas, g’ijjak kabi cholg’ularda o‘z iqtidorlarini ko‘rsatishdi.

Sinovlarni yuqori malakali professor-o‘qituvchilar va sohaning tajribali mutaxassislari baholab borishdi. Ular talabalar ijrosini texnik mahorat, musiqiy ifoda, sahna madaniyati kabi mezonlar bo‘yicha baholashdi. Har bir talabaning ijrosi sinchkovlik bilan tahlil qilinib, ularning kuchli va zaif tomonlariga e’tibor qaratildi. Imtihonda institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev ham ishtirok etdi.

Bitiruv imtihonlari orqali talabalar o‘zlarining ta’lim davomida olgan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda muvaffaqiyatli qo‘llay olishlarini namoyish etishdi. Yakunda talabalar professor-o‘qituvchilar va mutaxassislardan qimmatli maslahatlar va tavsiyalar olishdi. Bu esa ularning kelajakdagi ijodiy faoliyatlariga katta hissa qo‘shishi shubhasiz.

Ushbu imtihonlar talabalarning ijodiy rivojlanishida muhim qadam bo‘lib, ularning kelgusidagi faoliyati davomida mahoratini oshirishga xizmat qiladi.




E’lon 2024-yil 14-iyun kuni dissertatsiyasi muhokamasi

KUN TARTIBI:

  1. Nurmanova Barno Axmadjon qizining 17.00.01 – Teatr san’ati ixtisosligi bo‘yicha “Zamonaviy o‘zbek teatrida sahnaviy obraz yaratish masalalari (2000-2020-yillar poytaxt teatrlari repertuari misolida)” mavzusidagi san’atshunoslik bo‘yicha falsafa fanlari doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasi muhokamasi.

 

Majlis O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “A” binosi,

2-qavat, majlislar zalida 10.30 da boshlanadi.

 

Dissertatsiya qo‘lyozmasi bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Axborot-resurs markazida tanishish mumkin.




OʻzDSMI rektori oliygohning Nukus filialiga amalga oshirgan xizmat safari doirasida diplom spektakllari namoyishida ishtirok etdi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev institutning Nukus filiali faoliyati bilan tanishish maqsadida xizmat safarini amalga oshirmoqda.

Professor Nodirbek Sayfullayev filial bitiruvchi talabalarining diplom spektakllari va yakuniy davlat imtihonlarini ham kuzatdi. Jumladan, «Ashula va raqs» va «Madaniyat va san’at muassasalarini tashkil etish hamda boshqarish» ta’lim yo’nalishi bitiruvchilarining yakuniy davlat imtihonlari, Teatr san’ati fakulteti 4-bosqich talabalari ijrosidagi «Uyim» va «Yubiley» deb nomlangan spektakllar namoyishida ishtirok etdi.

Spektakl namoyishidan so’ng esa «Musiqali teatr rejissyorligi» ta’lim yo’nalishi talabalari bilan muloqot o’tkazilib, bitiruvchilarning tanlagan sohalari bo’yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlari hamda kelgusidagi ijodiy faoliyatiga omad tilandi.




OʻzDSMI rektori oliygohning Nukus filiali faoliyati bilan tanishdi

2024-yil 5-iyun kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev oliygohning Nukus filialiga tashrif buyurib, filialda olib borilayotgan ishlar, talabalarning ilm-fan va sport musobaqalarida erishgan yutuqlari bilan yaqindan tanishdi.

Safar doirasida Nukus filialida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar, madaniy va sport tadbirlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan turli musobaqalar va tanlovlarda erishilgan natijalar, filialda yaratilgan sharoitlar va o‘quv jarayonining samaradorligi o’rganildi. Bundan tashqari, filial rahbariyati va yetakchi professor-o’qituvchilar bilan muloqot qilindi.

Shuningdek, oliy ta’lim muassasasi rahbari Nukusdagi yangi talabalar turar joyi qurilish jarayoni bilan tanishdi. Hozirda 300 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxonani barpo etish ishlari davom etmoqda. Nodirbek Sayfullayev bunyodkorlik ishlarining sifatli va qisqa fursatda yakunlanishi bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish lozimligini ta’kidladi. Bu borada quruvchilar va mas’ul shaxslar bilan fikr almashildi. Xizmat safari davom etmoqda.