“Yangi Oʻzbekiston – madaniyat menejerlarini kashf etamiz” loyihasining II fasli o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevralda “О‘zbekiston–2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qо‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi tо‘g‘risida” PF-37-sonli Farmoni, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus ijrosi yuzasidan hamda yosh iqtidorli madaniyat va san’at menejerlarni aniqlash, kreativ fikrlashga oʻrgatish, talabalarni boshqaruv va rahbarlik sanʼatiga yanada qiziqtirish, oʻz fikrlarini loyihaga aylantirishda koʻmaklashish, shuningdek, jamoada liderlik salohiyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining madaniyat va san’at menejmenti kafedrasi tomonidan “Yangi Oʻzbekiston – madaniyat menejerlarini kashf etamiz” loyihasining II fasli o‘tkazildi.

Loyiha madaniyat va san’at sohasida juda ko‘p yillar mehnat qilgan, ko‘plab shogirdlar chiqargan marhum siyosiy fanlari nomzodi, professor Azamat Haydarov Haydarovichning xotirasiga bag‘ishlandi.

“Yangi O‘zbekiston – madaniyat menejerlarini kashf etamiz” loyihaning II faslida madaniyat va san’at muassasalarini tashkil etish hamda boshqarish ta’lim yo‘nalishining 1-2- va 3-bosqichda tahsil oluvchi iqtidorli talabalaridan tashkil topgan 3 ta jamoa, har bir jamoadan esa 15 nafardan ishtirokchilar oltita shart asosida bahs olib borishdi.

Qizg’in tarzda bo’lib o’tgan bellashuvda “Yangi O‘zbekiston madaniyat menejerlari” jamoasi birinchi, “Creator” jamoasi ikkinchi, “Rahbarlar” jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.

Bundan tashqari, loyihada “Yangi O‘zbekiston madaniyat menejerlari” jamoasi a’zosi Behruz O‘tirqulov «Eng faol erkak menejer», “Creator” jamoasi sardori Oqila Ortiqboyeva esa «Eng faol ayol menejer» nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblikni qo’lga kiritishdi.

Loyiha so‘ngida ishtirokchilarga institut rahbariyati va hamkorlar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

 




O‘zDSMI professori Rustam Abdullayevning 70 yillik yubileyi nishonlandi

Joriy yilning 30-aprel sanasida xalq ijodiyoti fakulteti folklor va etnografiya kafedrasi professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, ustoz san’atkor Rustam Abdullayevning 70 yillik yubileyiga bag‘ishlangan «Mehr-u muhabbat-la to‘la har onim» deb nomlangan konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov ochib berib, Rustam Abdullayevning oliygohdagi o‘rni, uning fidoyi va mehanatkashligi hamda serqirra ijodi to‘g‘risida fikr bildirdi hamda o‘z tabrigini yo‘lladi.

Shuningdek, ustozning yaqinlari, do‘st-birodarlari va hamkasblari tomonidan tabriklar bildirilib, esdalik sovg‘alari ulashildi.

Konsertda Rustam Abdullayev, shuningdek, xalq xofizlari, xizmat ko‘rsatgan artistlar bilan bir qatorda kafedra o‘qituvchilari va iqtidorli talabalar tomonidan «Buxoro taronalari», «Dog‘i hijron», «Yallijon», «Ota», «Oshiqlar bazmi», «Ey go‘zal» va boshqa qo‘shiqlar ijro etilib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.




Dramaturglar bilan hamkorlikda yangi loyihalar amalga oshiriladi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov dramaturgiya yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar bilan davra suhbati o‘tkazdi.

Uchrashuv mobaynida bugungi kunda yoshlar ongini turli yot g‘oyalardan saqlash hamda ulardan vatanparvarlik, o‘z kasbiga bo‘lgan fidoyilik borasida keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirish lozimligi aytib o‘tildi.

Shu jumladan, raqamli texnologiyalar davrida yoshlarga motivatsiya beradigan hamda vataniga munosib avlod bo‘lib shakllanishiga xizmat qiladigan film, spektakl va ijtimoiy roliklar muhim ekanligi ta’kidlandi.

Rektor bo‘lajak dramaturg va ssenariynavislar zimmasida katta ma’suliyat borligini bildirib, ular bilan hamkorlikda ishlash hamda talabalarni qo‘llab-quvvatlashga hamisha tayyorligini bildirdi.

Shu bilan birga, malakali ustozlar va yosh yigit-qizlarning takliflari o‘rganilib, ularni amaliyotga tatbiq etish borasidagi vazifalar belgilab olindi.




Andijondagi ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at maktablarining direktorlari bilan uchrashuv tashkil etildi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati Andijon viloyatidagi ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at maktablarining direktorlari bilan uchrashdi.

Oliygoh rektori v.b. Eldor Shermanov hamkorlikdan mamnun ekanligini bildirib, ilmga chanqoq yoshlarni ta’lim muassasasiga chorlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv davomida avvalroq imzolangan memorandum asosida hududlarda institutda faoliyat olib borayotgan taniqli va el suygan san’at vakillari ishtirokida ijodiy uchrashuvlar sonini ko‘paytirish hamda yoshlarning madaniyat va san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirish borasida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.




Rektor o‘ziga biriktirilgan mahalla yoshlari bilan uchrashdi

Amalga oshirilishi belgilab olingan davlat dasturiga asosan, “Yoshlar balansi” asosida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy ta’lim muassasalarining rahbarlariga “og‘ir” toifadagi, shuningdek, iste’dodli va iqtidorli yoshlar nomma-nom biriktirilgan.

О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi “qizil toifa”dagi e’tiborga muhtoj yoshlar biriktirilgan. Ular bilan doimiy ravishda uchrashuvlar o‘tkazilib, muammolari o‘rganilmoqda.

Institut rektori, bugun “qizil toifa”ga kiritilgan axborot texnologiyalari va boshqa kasb-hunarlarni egallash istagida bo‘lgan bir guruh yoshlar bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida har bir yoshning fikri eshitilib, shunga asosan ularni kasb-hunar, fan, chet tillariga o‘qitish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish uchun aniq, manzilli ishlar olib borish bo‘yicha vazifalar belgilandi.




Ilmiy Kengashning 9-sonli yig‘ilishi muvaqqiyatlarga boy bo‘ldi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Ilmiy Kengashining 9-sonli yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda oliygoh rahbariyati, kengash a’zolari, dekan va uning o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari va boshqalar ishtirok etdi.

Dastlab ilmiy darajalarga erishgan hamda turli ijodiy ishlarda o‘zini ko‘rsatgan professor-o‘qituvchilar va talabalar mukofotlandi.

Jumladan, ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati kafedrasi mudiri Iqbol Meliqo‘ziyevga professor, axborot texnologiyalari kafedrasi o‘qituvchisi Sahobiddin Xuboyderdiyevga esa dotsent ilmiy unvoni topshirildi.

«Iqbol Meliqo‘ziyev so‘nggi yillarda o‘z sohasi bo‘yicha professor bo‘lgan kam sonli mutaxassislardan biri hisoblanadi. Muhimi, bu xodimimiz bunday yutuqlarga o‘z mehnati bilan erishdi. O‘ylaymanki, professorimiz kino sohadagi muammolarni bartaraf etishda o‘z hissasini qo‘shadi», — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

«Ushbu yangilikni eshitganimdagi hayajon hozirga qadar to‘xtagani yo‘q. Bu yutuq o‘zimniki emas, hammamiznhki. Zero, amalga oshirilgan ishlarimning har bir so‘zi, har nuqtasida barchangizning hissangiz bor», — dedi professor Iqbol Meliqo‘ziyev.

Bundan tashqari, O‘zbekison xalq shoiri Muhammad Yusuf hayoti va ijodini abadiylashtirishga katta hissa qo‘shgan professor-o‘qituvchilar — Hamdam Ismoilov, Ma’rufjon Yo‘ldoshev, Iqbol Meliqo‘ziyev, Doston Hojimatov, Sevara Mahmudova, Gulxumor Jamoliddinova hamda oliygohning iqtidorli talabalari “Muhammad Yusuf” ko‘krak nishoni bilan taqdrilandi.

Yig‘ilish davomida О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, Farmoyishlari va topshiriqlari, О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va bayoni, Vazirliklarning buyruqlari va topshiriqlarining bajarilishi tо‘g‘risida Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, ichki nazorat va monitoring bо‘limi boshlig‘i axboroti eshitildi.

Qolaversa, magistratura mutaxassisliklarida ta’lim olayotgan bitiruvchi magistrantlarning magistrlik dissertatsiyalari dastlabki himoyasi, institut Yoshlar ittifoqining faoliyati va uni yanada takomillashtirish bо‘yicha olib borilayotgan ishlar, talabalarni Respublikada о‘tkaziladigan fan olimpiadalari, tanlovlar, kо‘rik-tanlovlar va kо‘rgazmalarga jalb qilish tо‘g‘risida hisobotlar tinglandi.

Kengash yakunida belgilangan vazifalar bo‘yicha mas’ul xodimlarga topshiriqlar berildi.




O‘zDSMIda Dilmurod Islomovning 70 yilligi nishonlandi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘quv teatrida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, cholg‘u ijrochiligi va musiqa nazariyasi kafedrasi professori Dilmurod Islomovning 70 yillik yubileyiga bag‘ishlangan ijodiy konsert hamda «Zarb-2024» Respublikasi doirachilar ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni institut rektori v.b. Eldor Shermanov ochib berib, ustoz san’atkorning fidoyiligi, ijodkorligi tahsinga sazovr ekanligini aytdi va o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi.

Ijodiy kechada xalq xofizlari, xalq artistlari va elimiz suygan xonandalar o‘z chiqishlari bilan tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, «Zarb-2024» Respublika doirachilar ko‘rik-tanlovining g‘olib va sovrindorlari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.




O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan «Erkli elning erka shoiri» mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Unda soha vakillari, taniqli professor-o‘qituvchilar va olimlar, bilan bir qatorda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, shoir Muhammad Yusufning umr yo‘ldoshi Nazira-as Salom hamda xorijlik mutaxassislar ishtirok etdi.

Anjuman Muhammad Yusuf ijodi adabiyotshunoslik kо‘zgusida, Muhammad Yusuf she’riyatining lingvopoetik xususiyatlari, Muhammad Yusuf ijodi va о‘zbek qо‘shiqchilik san’ati, Muhammad Yusuf ijodi va teatr san’ati deb nomlangan sho‘balarda o‘z ishini olib boradi.

Tadbirni oliygoh rektori v.b. Eldor Shermanov kirish so‘zi bilan ochib berdi:

«Bugungi kunda mamlakatimizda deyarli barcha sohada ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Birgina madaniyat va san’at sohasida 150 dan ortiq qaror, farmon va farmoyishlar qabul qilindi. Bu ham yurtboshimizning alohida e’tiboridan darak beradi. So‘nggi yillarda institutimizda xalqimizning sevimli shoiri Muhammad Yusuf hayoti va ijodi keng ko‘lamda targ‘ib etib borilmoqda. Xususan, shoir haqida film suratga olindi, spektakl sahnalashtirildi. asarlari xorijiy tillarga tarjima qilindi. Bugungi anjuman ham mazkur ishlarning davomi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Anjuman misralari samimiylik va xalchillikka yo‘g‘rilgan shoir ijodini yanada keng targ‘ib etishga xizmat qiladi deb o‘ylayman».

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham anjuman ishtirokchilariga tabrik so‘zi yo‘lladi:

«Nazarimda, Muhammad Yusuf u bilan bog‘liq har qanday sananing xalqimiz tomonidan o‘z ixtiyori bilan bayram kabi nishonlanadigan yagona shoir hisoblanadi. O‘zbek adabiyotida buyuk shoir tavvalud topgan ushbu sana she’riyatga oshufta xalqimiz uchun unutilmas kun sanaladi. Bugungi anjuman ishtirokchilariga muvaffaqiyat tilayman».

Anjuman doirasida shoirning hayoti va ijodini abadiylashtirishga katta hissa qo‘shgan olimlar, san’atkorlar va jamoatchilik vakillari “Muhammad Yusuf” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.