Ramz Qodirov dissertatsiyasi muhokamasi

2024-yil 31-may kuni soat 10.00 da O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti huzuridagi ilmiy daraja beruvchi PhD.08/28.08.2020.San.121.01 raqamli Ilmiy kengash asosida Kadirov Ramz Turabovichning 13.00.02 – “Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (san’atshunoslik fanlari)” ixtisosligi bo‘yicha “Talaba-aktyorlarda sahna nutqiga oid bilim va ko‘nikmalarni takomillashtirish texnologiyalari” mavzusidagi dissertatsiyasi yuzasidan ilmiy darajasini beruvchi bir martalik ilmiy kengash huzuridagi bir martalik ilmiy seminar bо‘lib о‘tadi.

Ilmiy rahbar: Mamatqosimov Jahongir Abirqulovich – pedagogika fanlari bo‘yicha (PhD) falsafa doktori, dotsent.
Taqrizchilar: Isakulova Nilufar Janikulovna – O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori, pedagogika fanlari doktori;
Abdurasulov Shohruh Abdunabiyevich – О‘zbekiston Respublikasi FA San’atshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha (PhD) falsafa doktori.




O‘zDSMI delegatsiyasi Kann festivali doirasida xorijiy mamlakat vakillari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-o‘qituvchilari va talabalaridan iborat delegatsiya Fransiyaning Kann shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro kinofestivalda faxriy mehmon sifatida ishtirok etmoqda. Hamyurtlarimiz festival dasturidan o‘rin olgan turli master-klasslarda qatnashmoqda.

Bugun delegatsiya navbatdagi mahorat darsida ishtirok etib, «VoxAfrika» telekanali, «Shcherbina film production», «All Right Entertainment animatsion», «Qirg‘iz cinema» kabi studiya vakillari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Jumladan, «VoxAfrika» telekanali operatori birinchi televizor ixtiro qilingan O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi yuqori ekanligini ta’kidlab, institutimiz bilan hamkorlik qilishdan mamnunligini bildirdi. Shu bilan birga, institut xodimlari «Taksi» filmi bosh qahramoni Sami Naseri bilan muloqot olib bordi.

Ertangi tadbirlar doirasida Kann shahridagi kinoga ixtisoslashtirilgan maktablarga sayohat tashkil etilishi rejalashtirilgan.




O‘zDSMI delegatsiyasi Fransiyada o‘tkazilayotgan nufuzli Kann kinofestivalida faxriy mehmon sifatida ishtirok etmoqda

Shu kunlarda Fransiyaning Kann shahrida 77-Kann xalqaro kinofestivali bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining xalqaro hamkori, «Mond Media» televideniyesi prodyusseri, Jan Mari Laronz taklifiga binoan oliygohimizning kino, televideniye va radio rejissyorligi kafedrasi mudiri Doston Hojimatov, rejissyorlik ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Hilola Abdurasulova hamda kino sa’nati bo‘yicha mustaqil izlanuvchi Kamola Sulaymonova bevosita faxriy mehmon sifatida ishtirok etmoqda.

Vakillarimiz festival dasturidan o‘rin olgan turli master-klasslarda ishtirok etishmoqda.

Xususan, delegatsiya bugun bo‘lib o‘tgan «CNC Talant France (milliy kino va animatsion tasvirlar markazi) studiyasi tomonidan o‘tkazilgan mahorat darsida qatnashdi.




O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi bilan memorandum imzolandi

18-may — Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumning maqsadi ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, ta’lim sifati samaradorligini oshirish borasida amalga oshiriladigan ishlar, shuningdek, o’sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va intellektual salohiyatini rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga ko’tarish, o’quv-tarbiya jarayonida ta’limning innovatsion shakllari va usullarini joriy etish hamda san’at va madaniyat yo‘nalishidagi to’garaklar faoliyatini yanada rivojlantirish yuzasidan o‘zaro hamkorlik tartibini belgilab berishdan iborat.

Tomonlarning asosiy hamkorlik yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
– O’sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va intellektual
rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga ko’tarish, o’quvchi yoshlarning bilim va ko’nikmalarini oshirish, ularning qalbida milliy madaniyatga bo’lgan muhabbatni shakllantirish, yosh iste’dodlarni aniqlash va qo’llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarniamalga oshirish, islohotlar jarayonida yoshlarning ishtirokini yanada faollashtirish;
— san’at va madaniyat yo’nalishidagi pedagoglar hamda ilmiy xodimlar o’rtasida tajriba almashinuvini yo’lga qo’yish,
ularning uzluksiz kasbiy mahoratlarini oshirish hamda rivojlantirish tizimi doirasida joylarda mahorat darslarini tashkil etish;
– Iqtidorli, a’lochi, fidokor yoshlar hamda muzey ilmiy xodimlari o’rtasida o’zaro tajriba almashinuvini yo’lga qo’yish maqsadida uchrashuvlar, badiiy
kechalar, davra suhbatlari, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil qilish va o’tkazish yuzasidan seminar-treninglar va mahorat darslarini tashkil qilish;
– Madaniyat va san’at yo’nalishida festivallar, turli ko’rik-tanlovlar,
madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil qilish hamda yuqori saviyada o’tkazilishida uzviy hamkorlik qilish;
– O’quv-tarbiya jarayonida ta’limning innovatsion shakllari va usullarini joriy etish hamda san’at va madaniyat yo’nalishini yanada rivojlantirish yuzasidan o’zaro hamkorlik tadbirlarini amalga oshirish.

Uchrashuv so‘ngida bolajonlar raqs guruhi tomonidan tayyorlangan ko‘rinishlar tomoshabinlarga xush kayfiyat bag‘ishladi.




O‘zDSMIda “Ochiq eshiklar va karyera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi

Hozirgi kunda mamlakatda yoshlarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalasi – eng muhim vazifaga aylangan.

18-may kuni ayni shu vazifani ado etish maqsadida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida oliy ta’lim muassasalarining talaba-yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularning bо‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ayniqsa, bitiruvchilarning bandligini ta’minlash maqsadida qator yetakchi ish beruvchi tashkilot, muassasa, vazirlik va idoralar bilan birgalikda talabalar va bitiruvchilarning bandligini ta’minlash masalalariga qaratilgan “Ochiq eshiklar va karyera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Ko‘rgazmani о‘tkazishdan kо‘zlangan asosiy maqsad — talaba-yoshlarni mehnat bozoriga olib kirish hamda kelajakda о‘z mutaxassisliklari bо‘yicha mehnat faoliyatini olib borib, kelgusida jamiyatimiz ravnaqi uchun munosib hissa qо‘sha oladigan raqobatbardosh kadrlar bо‘lib yetishishlariga zamin yaratishdan iborat.

Yarmarkada O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ovoz rejjisyorligi va operatorlik mahorati kafedrasi hamda bir qator soha tashkilotlari O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi, “O‘zbekfilm” kinokonserni, Hujjatli va xronakal filmlar kinostudiyasi, “Mening yurtim”, “Sevimli TV”, “Zo‘r TV” kabi telekanallar o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Shu bilan birga, institut rektori v.b. Eldor Shermanov, Oʻzbekiston kino arboblari ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov hamda kinomutaxassislar ishtirokida uchrashuv tashkil etilib, talabalarni qiziqtirgan savollar yuzasidan tegishli ma’lumotlarga ega boʻlishdi.




Arsen Ismoilov xotirasiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida professor, dublyaj aktyori, respublikadagi ko‘plab taniqli aktyor va aktrisalar ustozi Arsen Ismoilov xotirasiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda soha mutaxassilari, taniqli aktyor va rejissyorlar, shuningdek, Arsen Ismoilov shogirdlari va iqtidorli talabalar ishtirok etdi.

Uchrashuvni ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sobir Jumayev ochib berib, Arsen Ismoilovning ilmiy-ijodiy faoliyati to‘g‘risida so‘z yuritdi.

«Arsen Ismoilov o‘zbek san’atida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan shaxslardan biri edi. Buni ustoz qoldirgan ilmiy-ijodiy meros orqali his qilishimiz mumkin. Qolaversa, Arsen Ismoilov o‘zidan katta maktab qoldirib, ista’dodga ega yosh avlod shakllanishiga xizmat qilmoqda», — dedi Sobir Jumayev.

Anjumanda Arsen Ismoilov hayoti va ijodiga oid film namoyish etildi, ustoz ijodkor professor-o‘qituvchilar va shogirdlar tomonidan xotirlandi.

Shu bilan birga, amaliy dars mashg‘uloti o‘tkazilib, faol talabalar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Arsen Ismoilov O‘zbekistonda Sahna harakati va jangi fani asoschisi, shuningdek, Sahna harakati va jismoniy madaniyat kafedrasi asoschisidir. U 60 yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida faoliyat olib bordi, bu davrda Markaziy Osiyodagi barcha respublikalarda ko‘plab shogirdlar yetkazdi.

Arsen Ismoilov O‘zbekiston teatr va kino san’ati rivoji ayniqsa, jahon klassik asarlarini sahnalashtirishda qilichbozlik, sahna harakati, plastika kabi predmetlarni fan darajasiga olib chiqishda ulkan hissa qo‘shdi.

U postanovkachi rejissyor sifatida 10ga yaqin spektakllarni O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Qirg‘iziston teatrlarida sahnalashtirdi. Bundan tashqari, 100dan ortiq dramatik postanovkalarda qatnashgan, “O‘zbekfilm” kinostudiyasida bugungi kunga qadar mingdan ortiq rollarga ovoz bergan va o‘zi ham ijro etgan.

Arsen Ismoilov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, ” Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvonlari bilan taqdirlandi.




Milliy qo‘shiqchilik kafedrasi dotsenti Mansur Mamirovning ijodiy konserti bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘quv teatrida xalq ijodiyoti fakulteti, milliy qo‘shiqchilik kafedrasi dotsenti Mansur Mamirovning «Qo‘shiqqa navbat» deb nomlangan ijodiy konserti o‘tkazildi.

Tadbirni oliygoh rektori v.b. Eldor Shermanov ochib berib, Mansur Mamirovning ijodiy faoliyati bilan bir qatorda shaxsiy fazilatlarini e’tirof etdi.

«Milliy qo‘shiqchilik va maqom san’ati bo‘yicha kamdan-kam xonanda yuqori cho‘qqiga chiqa oladi. Sababi, bu yo‘nalishning o‘ziga yarasha qonun-qoidalari va mashaqqati mavjud. Mansur Mamirov shunday cho‘qqini zabt etgan fidoyi san’atkorlardan biri hisoblanadi. Shunday mohir ijodkorning hayotda sodda va beg‘ubor ekanligini meni hayratda qoldiradi. Ham insoniy, ham ijodiy fazilatlari havas qilishga arzigulik ijodkorlar kamdan-kam topiladi», — dedi Eldor Shermanov.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ahmadjon Dadayev rahbarligidagi «Sayqal» ansambli jo‘rnavozligidagi konsertda «Yolg‘iz», «Agar sendan tonar bo‘lsam», «Zulfing», «Ey, sabo», «Na bo‘lg‘ay» va boshqa qo‘shiqlar Mansur Mamirov, shuningdek, el suygan xonandalar va iste’dodli talabalar tomonidan ijro etilib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.




«O‘rta asrlar sharq allomalari va mutafakkirlari tarixiy merosida san’at va madaniyat masalalari» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamkorligida «O‘rta asrlar sharq allomalari va mutafakkirlari tarixiy merosida san’at va madaniyat masalalari» mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy va amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Anjumanni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov ochib berib, O‘rta asrlarda sharq allomalari va mutafakkirlarining jamiyatdagi o‘rni hamda ular qoldirgan bebaho ilmiy meros to‘g‘risida fikr bildirdi.

Shuningdek, Mirzo Tursunzoda nomidagi Tojikiston davlat madaniyat va san’at instituti rektori Muxriddin Nizomi hamda Chelyabinsk davlat madaniyat instituti professori Bozor Safaraliyev konferensiya ishtirokchilariga tabrik yo‘llab, muvaffaqiyat tiladi.

Yalpi majlisda Respublikamiz professor, fan doktor, olim va ziyolilari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi. Qolaversa, bir qator xorijiy oliygoh vakillari Zoom platformasi orqali onlayn ishtirok etishdi.

Bundan tashqari, institut hududida sho‘balar tashkil etilib, «О‘rta asr Sharq allomalari mutafakkirlarining ilmiy tarixiy merosi va uning Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdagi ahamiyati», «Sharq mutafakkirlari va jadid ma’rifatparvarlarining san’at va madaniyat rivojiga doir taraqqiyparvar qarashlari», «О‘rta Osiyo xalqlarining madaniy hayoti va taraqqiyoti tarixini о‘rganish masalalari», «Alloma va mutafakkirlar merosida tarjima va nashr ishlari» kabi mavzular muhokama qilindi.

Konferensiya so‘ngida ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlandi.