“Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” shiori ostida navbatdagi uchrashuv o’tkazildi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Mirzo Ulug’bek tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig’i Sardor Mirzaraimov hamda o’rinbosari Bahodir Yormatov bilan uchrashuv tashkil etildi.

“Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” shiori ostida bo’lib o‘tgan ushbu uchrashuvda asosiy e’tibor bugungi kunda dolzarb bo‘lib turgan giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi hamda kiber jinoyatlarga qarshi kurash mavzulariga qaratildi.

Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi – bu jamiyat uchun jiddiy xavf tug’diruvchi muammo bo’lib, inson salomatligiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Ayniqsa, yosh avlodni bunday salbiy oqibatlardan himoya qilish, bilib bilmay giyohvandlik ko’chasiga kirib qolishiga yo’l qo’ymaslik har bir insondan ogohlikni talab etadi. Shuning uchun, giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish jamiyatning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

Kiberjinoyatlarga qarshi kurash – bu zamonaviy dunyoda tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan masaladir. Internetning keng tarqalishi va texnologiyalarning rivojlanishi bilan kiberjinoyatchilikning turlari ham ko’paymoqda. Kiberjinoyatlarga qarshi kurashda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, kiberxavfsizlikni mustahkamlash, kiberjinoyatchilikni aniqlash va unga qarshi choralar ko’rish, shuningdek, kiberjinoyatlar to’g’risida xabardorlikni oshirish muhim ahamiyatga ega. Davlat organlari va shaxslarning birgalikdagi sa’y-harakatlari kiberjinoyatlarga qarshi kurashda muhim rol o’ynaydi.

Uchrashuvda shu kabi masalar haqida so’z bordi. Shuningdek, ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga IIB xodimlari tomonidan batafsil javob berildi.




“Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish” hamda “Kiber jinoyatlarga qarshi kurash” mavzularida davra suhbati tashkil etildi.

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” shiori ostida “Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish” hamda “Kiber jinoyatlarga qarshi kurash” mavzularida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kafedra boshlig‘i, yuridik fanlari doktori, professor Maqsud Qalandarov, kafedra katta o‘qituvchisi Shohruh Qo’shboqov, magistratura tinglovchilari podpolkovnik Eldor Rahmatov va podpolkovnik Jonibek Samandarov, institut profilaktika katta inspektori Fayzulla Akbarovlar ishtirok etishdi.

Dastlab bugungi kunda eng dolzarb mavzulardan biri – giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi, ularga qaramlikdan saqlanish mavzularida so‘z bordi. Tadbirda ta’kidlanganidek, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni giyohvandlik, psixotrop moddalarga ruju qo‘yishlarini oldini olish har qachongidan ham dolzarb muammoga aylanib bormoqda. Zeroki, so‘nggi yillarda yangi turdagi sintetik giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar paydo bo‘layotganligi, ular inson omilisiz internetning ijtimoiy tarmoqlaridan foydalangan holda aholi, ayniqsa yoshlar orasida oson tarqatilayotganligi holatlari kuzatilmoqda.

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan bugun mamalakatimizda giyohvandlikni oldini olish, ayniqsa, yosh avlodni bu kabi illatlar ta’siridan asrash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 6-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy ta’sirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib o’tildi.

Davra suhbatining ikkinchi qismida esa tobora avj olayotgan jinoyatlardan biri Kiber jinoyatlarga qarshi kurash haqida suhbat bo‘lib o‘tdi hamda talabalarga bugungi kunda kiberjinoyatlarning eng ko’p uchrayotgan turlari hamda undan samarali himoyalanish usullari, shu bilan birga, kiberjinoyat qurboniga aylanganda qanday yo’l tutish kabi masalalarda tushuncha berib o’tildi.

Shuningdek, talabalarning mavzular yuzasidan barcha savollariga mutaxassis tomonidan batafsil javoblar berildi.




“Abdurahim Ismoilov: tasvirdagi taqdirlar” hujjatli filmi namoyishi bo‘lib o’tdi.

“Renessans” kino uyida Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, Davlat mukofoti sovrindori, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Abdurahim Ismoilov bilan ijodiy uchrashuv hamda Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan О‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi tomonidan “Vatan timsollari” rukni ostida suratga olingan “Abdurahim Ismoilov: tasvirdagi taqdirlar” hujjatli filmi namoyishi bo‘lib o’tdi.

Kechada film qahramonining yaqinlari, kо‘p sonli kinoijodkorlar, talaba yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan bir qatorda, Abdurahim Ismoilov uzoq yillardan yillardan buyon ustoz sifatida faoliyat yuritib kelayotgan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti vakillari ham ishtirok etdi hamda ustozga samimiy tilaklarini bildirib o’tishdi.

Ma’lumot o’rnida, Ismoilov Abdurahim Isroilovich 1942-yilda Toshkenda tavvallud topgan. U dastlab Butunittifoq davlat kinematografiya institutining (VGIK) kinoopertorlik bo’limini, keyinchalik A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik institutining rejissyorlik bo’limini tamomlagan.

Ijodiy faoliyati davomida Oʻzbekiston ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar studiyasida, 1970-yildan “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida kinooperator sifatida mehnat qilgan.

Yuzdan ortiq badiiy va hujjatli filmlarni O’zbekiston va chet ellik ijodkorlar bilan hamkorlikda suratga olgan. Jumladan, ijdokor “Chegara shu yerda tugaydi” (3 qismli), “Oʻzganing baxti”, “Kelin kuzatish”, “Koʻzlarim yoʻlingda”, “Beshinchi raqamli lager” (5 qismli, Turkiya bilan hamkorlikda), “Ehtiros qurbonlari”, “Kichkina tabib”, “Vatan” “Osmondagi bolalar”, “Qo‘rg‘oshin” va boshqa ko’plab filmlarda operator sifatida faoliyat yuritgan.

Hujjatli filmda ham ijodkorning hayoti ijodi, kino san’atiga qo’shgan hissasi haqida hikoya qilinadi.




«Vatanga xizmat – oliy fazilat» deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Ayni kunlarda yurtimiz boʻylab 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33-yilligi munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida bayram tadbirlari, uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

Jumladan, bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi tarkibidagi Harbiy orkestr ishtirokida «Vatanga xizmat – oliy fazilat» deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Harbiy orkestr ijrosidagi yusak Vatanparvarlik ruhidagi musiqa sadolari, talabalar tomonidan Vatan madhi kuylangan, qo’shiqlar hamda teatr san’ati fakulteti talabalari ijrosidagi jangovor chiqishlar yig‘ilganlarga ko’tarinki kayfiyat ulashdi.




Ijara xonadonlarda hamda Talabalar turar joyida istiqomat qilayotgan talabalar holidan xabar oldi.

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Shohbek Ergashev, Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bo’yicha rektor maslahatchisi Alisher Ishchanov hamda bir qancha mas’ullar ijara xonadonlarda hamda Talabalar turar joyida istiqomat qilayotgan talabalar holidan xabar oldi.

Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumani “Bog‘imaydon” MFY hududida ijara xonadonlarda istiqomat qilayotgan talabalarning ijara xonadonlariga tashrif davomida institut mas’ullariga mahalla Yoshlar yetakchisi hamda Hokim yordamchisi hamrohlik qildi.

⚡️Ma’lumki, ayni paytda barcha OTMlarda talabalar uchun qishki ta’til tugab dars jarayonlari davom ettirilmoqda. Talabalar Yakuniy nazoratlarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

✅Mas’ullar talabalar bilan suhbat qurar ekan ushbu sinovlarda omad tilashdi. Shuningdek,talabalarning yashash sharoiti, mashg’ulotlari, ijara xonadonlari va Talabalar turar joyidagi issiqlik tizimi holatlari yana bir bor kо‘zdan kechirildi.




Ikkinchi jahon urushi mehnat faxriysi 90 yoshli onaxon Zinayida Balchinkova holidan xabar olindi.

14-yanvar Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yurtimizda ko‘plab tadbirlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ham ushbu bayramni ko ‘tarinki o‘tkazish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugun institut Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti «Parvoz volontyorlari» jamoasi tomonidan Mirzo Ulug‘bek tumani Shahriobod mahallasida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi mehnat faxriysi 90 yoshli onaxon Zinayida Balchinkova holidan xabar olindi.

Suhbat davomida Zinayida Balchinkova yoshlik davri Ikkinchi jahon urushi davrlariga to’g’ri kelgani hamda front ortida xizmat qilgani, boshidan o‘tgan qiyinchiliklar haqida hikoya qilar ekan, bugungi tinch va osuda hayotimizni qadriga yetishimiz, uni asrab-avaylash har birimizning burchimiz ekanligini, ayniqsa, yosh avlod ongida Vatanga muhabbat, tinchlik va osoyishtalikni qadriga yetish kabi tuyg’ularni shakllantirish lozimligini ta’kidlab, bugungi e’tibor uchun minnatdorchilik bildirdi hamda barchani bayrambilan muborakbod etdi.




Tinchlik – oliy ne’mat

Bugungi tinch va osuda hayotimizni qadriga yetish, uni asrab-avaylash har birimizning burchimizdir. Ayniqsa, yosh avlod ongida Vatanga muhabbat, tinchlik va osoyishtalikni qadriga yetish kabi tuyg’ularni shakllantirish muhim ahamiyatga ega.

Shu maqsadda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Kutubxona-axborot faoliyati fakulteti o’qituvchisi Yusuf Mannonov hamda nafaqadagi harbiy Faxriddin Begimqulov ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida mehmonlar bugungi tinch hayotimizning ortida qancha insonlarning mashaqqatli mehnatlari mavjud ekanligini, yoshlarning vazifasi bu tinchlik va osoyishtalikni qadriga yetish hamda yurtga foydasi tegadigan yetuk mutaxassis bo‘lish, san’atkor sifatida esa bu tuyg’ularni tarannum etish ekanligini ma’lum qildi.

Shuningdek, talaba-yoshlar ham mavzu yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi hamda mehmonlarga qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, batafsil javob olishdi.




Kino, televideniye va radio san’ati hamda Kutubxona-axborot faoliyati fakultetlari tarkibidagi kafedralar ishtirokida davom ettirildi.

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev rahbarligida kafedralar faoliyatining 2024-yil yakunlari hamda 2025-yilda o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yigʻilish kunning birinchi yarmida Kino, televideniye va radio san’ati hamda kunning ikkinchi yarmida Kutubxona-axborot faoliyati fakultetlari tarkibidagi kafedralar ishtirokida davom ettirildi.

Tanqidiy va tahliliy o‘tgan yig‘ilishda barcha prorektorlar, fakultet dekanlari va o’rinbosarlari, Kino, televideniye va radio rejissyorligi, Ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati, San’atshunoslik va madaniyatshunoslik, Kutubxona-axborot faoliyati, Ijtimoiy-gumanitar fanlar, Axborot-texnologiyalari, O’zbek va jahon filologiyasi kafedralari mudirlari va professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Nodirbek Sayfullayev bunday tartibdagi yig’ilishlardan ko’zlangan asosiy maqsad kelgusi rejalarni aniq belgilab olish, bundan keyin kafedralar faoliyatida qaysi yo’nalishlar ustuvor ahamiyat kasb etadi, bir so’z bilan aytganda bir yil davomida kafedra va ularning a’zolari institut hamda soha rivoji uchun qanday xizmat qiladi degan savollarga javob olish ekanligini, taqdim etilgan istiqbolli rejalar, albatta, kelgusida tahlil qilib borilishini aytib o’tdi.

❗️Kafedra mudirlari quyidagi yo’nalishlar bo‘yicha hisobot va rejalari haqida ma’lumot berdilar.

Darslik, о‘quv qо‘llanmalar yozish va nashr etishga tayyorlash, dunyoning nufuzli OTMlarida о‘quv mashg‘ulotlarini о‘tkazgan professor-о‘qituvchilar, ochiq dars, sinf konsert, va mahorat darslarini о‘tkazganligi, ilmiy unvon olgan professor-о‘qituvchilar, professor-о‘qituvchilarning bilim darajasi (xorijiy tillar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bо‘yicha), akademik almashuv, Hemis platformasiga fan bо‘yicha kontent joylashtirilganligi, xorij va respublikada malaka oshirganligi, xorijiy va mahalliy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish, patent olish, tezislar va monografiya nashr etish, axborot tahliliy materiallar tayyorlash, ijodiy ishlar yaratish, ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, falsafa doktori (PhD), fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tayyorlaganlar va himoya qilganlar, talabalarning ilmiy-tadqiqot va ilmiy-ijodiy ishlariga hamda fan va ilmiy tо‘garaklariga rahbarlik qilish, professor-о‘qituvchilar nashrlariga iqtiboslar, xalqaro konferensiyalar, seminarlar, ilmiy yoki о‘quv loyihalarida talabalar va professor-о‘qituvchilarning ishtiroki, axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid dasturlar va elektron ma’lumotlar bazalari uchun olingan guvohnomalar, mualliflik huquqi bilan himoya qilinadigan turli materiallar, xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlari grantlari va xorijiy ilmiy fondlar buyurtmalari hisobiga olingan mablag‘lar, sohalar buyurtmalari asosida о‘tkazilgan ilmiy-tadqiqot faoliyatidan olingan moliyaviy mablag‘lar, davlat grantlari asosida о‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlardan olingan mablag‘lar, kafedrada faoliyat yuritayotgan professor-о‘qituvchilar о‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tо‘garaklar faoliyati, professor-о‘qituvchilarning ma’naviy-ma’rifiy va jamoat ishlaridagi tashabbuslari, talabalarni Prezident hamda nomli stipendiyalar va respublika olimpiadalari, tanlovlar hamda musobaqalarga tayyorlash, sport, madaniy-ma’rifiy va ijodiy tadbirlar о‘tkazish.

Ushbu yo‘nalishlarda amalgan oshirilgan ishlar tahlil etilib, kelgusi yil uchun rejalar ko‘rib chiqildi. Qatnashchilarining tavsiya va fikr-mulohozalari tinglandi.

Shuningdek, professor-o‘qituvchilar tomonidan berilgan savollarga institut rektori va prorektorlar tomonidan batafsil javob berildi.

Yig‘ilishga xulosa qilar ekan, Nodirbek Sayfullayev barchamizning oldimizda turgan eng dolzarb vazifa bu talabalarga sifatli ta’lim berish ekanligini ta’kidladi hamda soha rivojiga qaratilgan takliflarni institut vakolati doirasida amaliyotga tadbiq etishga tayyorligini bildirdi.