Institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev yakuniy nazoratlarni bevosita kuzatib bordi.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida 2024/2025-o‘quv yili kuzgi semestridagi fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar davom etmoqda.

❗️Bugun ushbu jarayonlarni institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev bevosita kuzatib bordi.

Ta’kidlash joizki, ustozlar tomonidan ayni damda imtihon topshirayotgan talabalarning yutuqlari e’tirof etilishi barobarida, kelgusi ijodi uchun muhim bo’lgan ko’rsatma va tavsiyalar ham berib o’tilmoqda.

Rektor talaba-yoshlar va professor o‘qituvchilar bilan muloqot qilar ekan, bugun yurtimizda san’at va madaniyat rivojiga berilayotgan e’tibor va g’amxo’rlik yuksak darajada ekanligini qayd etib, oldimizda turgan eng muhim vazifa bu imkoniyatlardan unumli foydalanish hamda yurtimiz san’ati rivojiga hissa qo’shish ekanligini ta’kidladi.

Imtihon jarayonlari haqida fikr bildirar ekan, institutda qabul jarayonlaridan boshlab barcha jabhalarda adolat va shaffoflik yagona va o’zgarmas tamoyil ekanligini, jumladan, yakuniy nazoratlar ham shu asosda tashkil etilayotganini, ta’magirlik va tanish bilishchilik kabi holatlariga yo’l qo’yilmasligini aytib o’tdi hamda bugun imtihon topshirayotgan yoshlar kelajakda san’atimizning buyuk darg’alariga munosib izdosh bo’lishlariga umid bildirdi.

Shuningdek, jarayonda Nodirbek Sayfullayev ayrim kafedralar faoliyati bilan ham tanishdi hamda kafedra a’zolari bilan kafedraning bugungi faoliyati va takomillashtirish masalalarini muhokama qildi va tegishli taklif va tavsiyalarini berib o‘tdi.




Institut Kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev rahbarligida institut Kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kengash kun tartibida ilmiy unvon olish uchun Oliy attestatsiya komissiyasiga yuborilgan hujjatlarda aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar, ilmiy unvon olish uchun Oliy attestatsiya komissiyasiga hujjatlarni yuborish, ilmiy tadqiqot ishlarining samaradorligini takomillashtirish, “San’atshunoslik va madaniyatshunoslik” kafedrasi tomonidan tayyorlangan grand loyihani Innovatsion rivojlantirish agentligiga yuborish kabi institut hayotiga aloqador bir qator masalalar muhokama qilindi.

❗️Kun tartibidagi masalalar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi hamda barcha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Kengash qaroriga asosan institut axborot resurs markazida dissertatsiya fondini tashkil etilishi, dissertatsiyalarni ro‘yxatga olish qayd daftari yuritilishi, tadqiqotchilarga dissertatsiyani ro‘yxatga olinganligi yuzasidan ma’lumotnoma berilishi, professor-о‘qituvchilarning ilmiy unvon uchun tayyorlagan hujjatlari kafedra majlisida tahliliy muhokamadan о‘tkazilishi, kafedra muhokamasidan о‘tgan hujjatlar kafedra mudirining tavsiyanomasi bilan institut Kengashida kо‘rib chiqish uchun taqdim etilishi, hujjatlarning xatosiz hamda sifatli (imlo va texnik xatolarsiz, Nizom talablari asosida) tayyorlanishi uchun kafedra mudirlarining mas’ul ekanligi, kafedra mudirlari, fakultet dekanlari tomonidan imzolanib, tasdiqlangan hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan holatlarda institut Kengashiga tanqidiy muhokama uchun qо‘yilishi, ilmiy unvonlar uchun taqdim etilayotgan maqolalar, adabiyotlar antiplagiat dasturidan о‘tkazilishi hamda ma’lumotnomasi bilan birga topshirilishi, professor-о‘qituvchilar xorijiy tillarda chop etilgan maqolalarni о‘zbek tiliga tarjima qilib, о‘z muallifligi ostida va bir maqolani turli jurnallarda chop ettirmasligi, sun’iy intellekt dasturi asosida maqolalar tayyorlanishiga va antiplagiat foizi kо‘tarilishiga yо‘l qо‘ymasligi kerakligi belgilandi.




“Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” shiori ostida navbatdagi uchrashuv o’tkazildi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Mirzo Ulug’bek tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig’i Sardor Mirzaraimov hamda o’rinbosari Bahodir Yormatov bilan uchrashuv tashkil etildi.

“Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” shiori ostida bo’lib o‘tgan ushbu uchrashuvda asosiy e’tibor bugungi kunda dolzarb bo‘lib turgan giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi hamda kiber jinoyatlarga qarshi kurash mavzulariga qaratildi.

Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi – bu jamiyat uchun jiddiy xavf tug’diruvchi muammo bo’lib, inson salomatligiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Ayniqsa, yosh avlodni bunday salbiy oqibatlardan himoya qilish, bilib bilmay giyohvandlik ko’chasiga kirib qolishiga yo’l qo’ymaslik har bir insondan ogohlikni talab etadi. Shuning uchun, giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish jamiyatning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

Kiberjinoyatlarga qarshi kurash – bu zamonaviy dunyoda tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan masaladir. Internetning keng tarqalishi va texnologiyalarning rivojlanishi bilan kiberjinoyatchilikning turlari ham ko’paymoqda. Kiberjinoyatlarga qarshi kurashda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, kiberxavfsizlikni mustahkamlash, kiberjinoyatchilikni aniqlash va unga qarshi choralar ko’rish, shuningdek, kiberjinoyatlar to’g’risida xabardorlikni oshirish muhim ahamiyatga ega. Davlat organlari va shaxslarning birgalikdagi sa’y-harakatlari kiberjinoyatlarga qarshi kurashda muhim rol o’ynaydi.

Uchrashuvda shu kabi masalar haqida so’z bordi. Shuningdek, ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga IIB xodimlari tomonidan batafsil javob berildi.




“Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish” hamda “Kiber jinoyatlarga qarshi kurash” mavzularida davra suhbati tashkil etildi.

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” shiori ostida “Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish” hamda “Kiber jinoyatlarga qarshi kurash” mavzularida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kafedra boshlig‘i, yuridik fanlari doktori, professor Maqsud Qalandarov, kafedra katta o‘qituvchisi Shohruh Qo’shboqov, magistratura tinglovchilari podpolkovnik Eldor Rahmatov va podpolkovnik Jonibek Samandarov, institut profilaktika katta inspektori Fayzulla Akbarovlar ishtirok etishdi.

Dastlab bugungi kunda eng dolzarb mavzulardan biri – giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi, ularga qaramlikdan saqlanish mavzularida so‘z bordi. Tadbirda ta’kidlanganidek, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni giyohvandlik, psixotrop moddalarga ruju qo‘yishlarini oldini olish har qachongidan ham dolzarb muammoga aylanib bormoqda. Zeroki, so‘nggi yillarda yangi turdagi sintetik giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar paydo bo‘layotganligi, ular inson omilisiz internetning ijtimoiy tarmoqlaridan foydalangan holda aholi, ayniqsa yoshlar orasida oson tarqatilayotganligi holatlari kuzatilmoqda.

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan bugun mamalakatimizda giyohvandlikni oldini olish, ayniqsa, yosh avlodni bu kabi illatlar ta’siridan asrash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 6-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy ta’sirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib o’tildi.

Davra suhbatining ikkinchi qismida esa tobora avj olayotgan jinoyatlardan biri Kiber jinoyatlarga qarshi kurash haqida suhbat bo‘lib o‘tdi hamda talabalarga bugungi kunda kiberjinoyatlarning eng ko’p uchrayotgan turlari hamda undan samarali himoyalanish usullari, shu bilan birga, kiberjinoyat qurboniga aylanganda qanday yo’l tutish kabi masalalarda tushuncha berib o’tildi.

Shuningdek, talabalarning mavzular yuzasidan barcha savollariga mutaxassis tomonidan batafsil javoblar berildi.




“Abdurahim Ismoilov: tasvirdagi taqdirlar” hujjatli filmi namoyishi bo‘lib o’tdi.

“Renessans” kino uyida Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, Davlat mukofoti sovrindori, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Abdurahim Ismoilov bilan ijodiy uchrashuv hamda Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan О‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi tomonidan “Vatan timsollari” rukni ostida suratga olingan “Abdurahim Ismoilov: tasvirdagi taqdirlar” hujjatli filmi namoyishi bo‘lib o’tdi.

Kechada film qahramonining yaqinlari, kо‘p sonli kinoijodkorlar, talaba yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan bir qatorda, Abdurahim Ismoilov uzoq yillardan yillardan buyon ustoz sifatida faoliyat yuritib kelayotgan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti vakillari ham ishtirok etdi hamda ustozga samimiy tilaklarini bildirib o’tishdi.

Ma’lumot o’rnida, Ismoilov Abdurahim Isroilovich 1942-yilda Toshkenda tavvallud topgan. U dastlab Butunittifoq davlat kinematografiya institutining (VGIK) kinoopertorlik bo’limini, keyinchalik A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik institutining rejissyorlik bo’limini tamomlagan.

Ijodiy faoliyati davomida Oʻzbekiston ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar studiyasida, 1970-yildan “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida kinooperator sifatida mehnat qilgan.

Yuzdan ortiq badiiy va hujjatli filmlarni O’zbekiston va chet ellik ijodkorlar bilan hamkorlikda suratga olgan. Jumladan, ijdokor “Chegara shu yerda tugaydi” (3 qismli), “Oʻzganing baxti”, “Kelin kuzatish”, “Koʻzlarim yoʻlingda”, “Beshinchi raqamli lager” (5 qismli, Turkiya bilan hamkorlikda), “Ehtiros qurbonlari”, “Kichkina tabib”, “Vatan” “Osmondagi bolalar”, “Qo‘rg‘oshin” va boshqa ko’plab filmlarda operator sifatida faoliyat yuritgan.

Hujjatli filmda ham ijodkorning hayoti ijodi, kino san’atiga qo’shgan hissasi haqida hikoya qilinadi.




«Vatanga xizmat – oliy fazilat» deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Ayni kunlarda yurtimiz boʻylab 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33-yilligi munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida bayram tadbirlari, uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

Jumladan, bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi tarkibidagi Harbiy orkestr ishtirokida «Vatanga xizmat – oliy fazilat» deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Harbiy orkestr ijrosidagi yusak Vatanparvarlik ruhidagi musiqa sadolari, talabalar tomonidan Vatan madhi kuylangan, qo’shiqlar hamda teatr san’ati fakulteti talabalari ijrosidagi jangovor chiqishlar yig‘ilganlarga ko’tarinki kayfiyat ulashdi.




Ijara xonadonlarda hamda Talabalar turar joyida istiqomat qilayotgan talabalar holidan xabar oldi.

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Shohbek Ergashev, Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bo’yicha rektor maslahatchisi Alisher Ishchanov hamda bir qancha mas’ullar ijara xonadonlarda hamda Talabalar turar joyida istiqomat qilayotgan talabalar holidan xabar oldi.

Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumani “Bog‘imaydon” MFY hududida ijara xonadonlarda istiqomat qilayotgan talabalarning ijara xonadonlariga tashrif davomida institut mas’ullariga mahalla Yoshlar yetakchisi hamda Hokim yordamchisi hamrohlik qildi.

⚡️Ma’lumki, ayni paytda barcha OTMlarda talabalar uchun qishki ta’til tugab dars jarayonlari davom ettirilmoqda. Talabalar Yakuniy nazoratlarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

✅Mas’ullar talabalar bilan suhbat qurar ekan ushbu sinovlarda omad tilashdi. Shuningdek,talabalarning yashash sharoiti, mashg’ulotlari, ijara xonadonlari va Talabalar turar joyidagi issiqlik tizimi holatlari yana bir bor kо‘zdan kechirildi.




Ikkinchi jahon urushi mehnat faxriysi 90 yoshli onaxon Zinayida Balchinkova holidan xabar olindi.

14-yanvar Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yurtimizda ko‘plab tadbirlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ham ushbu bayramni ko ‘tarinki o‘tkazish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugun institut Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti «Parvoz volontyorlari» jamoasi tomonidan Mirzo Ulug‘bek tumani Shahriobod mahallasida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi mehnat faxriysi 90 yoshli onaxon Zinayida Balchinkova holidan xabar olindi.

Suhbat davomida Zinayida Balchinkova yoshlik davri Ikkinchi jahon urushi davrlariga to’g’ri kelgani hamda front ortida xizmat qilgani, boshidan o‘tgan qiyinchiliklar haqida hikoya qilar ekan, bugungi tinch va osuda hayotimizni qadriga yetishimiz, uni asrab-avaylash har birimizning burchimiz ekanligini, ayniqsa, yosh avlod ongida Vatanga muhabbat, tinchlik va osoyishtalikni qadriga yetish kabi tuyg’ularni shakllantirish lozimligini ta’kidlab, bugungi e’tibor uchun minnatdorchilik bildirdi hamda barchani bayrambilan muborakbod etdi.