«Milliy liboslar» kuni

O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida «Milliy liboslar» kuni tashkil etildi!
Toshkent shahrida milliylikni targ‘ib qilish o‘zbek milliy liboslariga mehr uyg‘otish va ommalashtirish, zamonaviy kiyinishda o‘zbekona sharm-hayo me’yorlarini targ‘ib qilish, o‘zbekona kiyinish madaniyatini yuksaltirish maqsadida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ham “Milliy liboslar” kuni bo‘lib o‘tdi.
Ushbu kun munosabati bilan institut ayol xodimalari hamda talaba-qizlari institutga milliy liboslarda tashrif buyurdi.

Shuningdek, “Milliy liboslar” kuni doirasida institut Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi Rahima Yusupova hamda professor-o‘qituvchilar tomonidan 2-talabalar turar joyidagi talaba-qizlarga milliy liboslar tarixi, u haqdagi rivoyat va afsonalar, milliy urf-odatlarimiz borasida ma’lumotlar berib o‘tildi.




Nodirbek Sayfullayev “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

28-yanvar kuni Qurolli Kuchlar Davlat muzeyida “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo’lib o’tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining tegishli buyrug‘iga asosan Qurolli kuchlar tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shgan bir guruh davlat va jamoat tashkiloti vakillari hamda madaniyat sohasi xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Ular qatorida O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev ham ushbu mukofotga loyiq ko’rildi.

Ko’krak nishonini Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, General-mayor Hamdam Karshiyev egalariga topshirdi.

Institut jamoasi nomidan Nodirbek Sayfullayevni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etamiz!




«Universiada-2024» sport musobaqalarida faxrli o’rinlar qo’lga kiritildi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Kurash bo’yicha «Universiada-2024» sport musobaqalari Toshkent shahar bosqichi bo’lib o’tdi.

Ushbu musobaqada O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari ham faol ishtirok etib, sovrinli o’rinlarni qo’lga kiritdi. Jumladan, “Kutubxona-axborot faoliyati” fakulteti 1-bosqich talabalari – Shohista Ozodova 48 kg vazn toifasida faxrli 2-o’rinni hamda Maftuna Baxtiyorova 63 kg vanz toifasi bo’yicha faxrli 3-o’rinni qo’lga kiritdilar

Jamoa murabbiyi: Sahna harakati va jismoniy madaniyat kafedrasi dotsenti Dilaram Mamirova.

Ushbu talabalarimizni yutuqlar bilan chin dildan tabriklaymiz.




Bibiaysha Kudayberganovaning “Millatlar hamdo‘stligi” nomli sinf konserti o‘tkazildi.

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Folklor va etnografiya” kafedrasi dotsenti Bibiaysha Kudayberganovaning “Millatlar hamdo‘stligi” nomli sinf konserti o‘tkazildi.

Sinf konsertida yangragan “Арба устасы” (qoraqalpoq xalq qo‘shig‘i), Qoraqalpoq qizlari (qoraqalpoq xalq qo‘shig‘i), “Anor-anor” (tojik xalq qo‘shig‘i) Айдынлар (qoraqalpoq xalq qo‘shig‘i), “TashGU” (qoraqalpoq xalq qo‘shig‘i), “Barigal” (ozarbayjon xalq qo‘shig‘i), “Jananim” (qoraqalpoq xalq qo‘shig‘i), “Dog‘u hijron” (Hayratiy g‘azali Muhammad Hofiz musqiasi), “Саржайлауим” (qozoq xalq qo‘shig‘i), “Qiz minayim”, Qong‘irog‘i jaranglab davron endi bizniki” (xorazmcha qo‘shiq), “Qoraqalpoq milliy o‘yini”, “Millatlar do‘stligi” (Kamoli Shukur so‘zi, Sayidjon Jafarov musiqasi) kabi kuy-qo‘shiq va folklor ijrochiligi namunalari barchaga xush kayfiyat ulashdi.




Noming o’chsin Gerostrat» nomli diplom spektakli namoyishi bo’lib o’tdi.

Bugun O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti O’quv teatrida Teatr san’ati fakulteti Dramatik teatr va kino aytyorligi hamda Dramatik teatr rejissyorligi ta’lim yo’nalishi 4-bosqich (rus guruhlari) talabalarining “Noming o’chsin Gerostrat» nomli diplom spektakli namoyishi bo’lib o’tdi.

Grigoriy Gorinnning ushbu asari qadimgi Yunonistonda sodir bo’lgan mashhur voqeaga asoslanadi. Asarga ko‘ra, Efes shahrida yashovchi Gerostrat ismli 32 yoshli savdogar Artemida ibodatxonasini yoqib yuboradi. So’ngra qo’lga olingan Gerostrat bu ishni amalga oshirishdan maqsad — o’z nomini tarix zarvaraqlarida abadiylashtirish ekanligini ta’kidlaydi.

Quvonarli tomoni, talaba-yoshlar ushbu asarning mazmun –mohiyatini yaxshi anglagan hamda aktyorlik mahorati orqali tomoshabinga ham yetkazib bera olgan.

Spektaklning asosiy ishtirokchilari:

Gerostrat – Begzod Askarov
Tissafern – Feruz Bozorov
Klimintina – Mariya Soy
Krissip – Igor Buxaidze
Kleon – Mirzoxid Zoirov
Erita – Sabrina Adilova

Kurs badiiy rahbari va sahnalashtiruvchi rejissyor, professor – Hamida Maxmudova
Aktyorlik mahorati fani o‘qituvchisi katta o‘qituvchi- Go‘zal Rashidova.




2024/2025-o‘quv yili kuzgi semestridagi fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar davom etmoqda.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida 2024/2025-o‘quv yili kuzgi semestridagi fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar davom etmoqda.

❗️Bugun institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev “Ashula va raqs” hamda “Folklor va etnografiya” ta’lim yo‘nalishilarida o‘tkazilgan yakuniy nazoratlarni kuzatib bordi.

Rektor talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilar bilan muloqot qilar ekan, bugun yurtimizda san’at va madaniyat yuksak darajada rivojlanib borayotgani, o’z navbatida, bu yangilanishlar soha xodimlari oldiga ham yangi vazifalar qo’yayotganini, professor-o‘qituvchilar ham talabalarga ushbu mezonlar asosida tahsil berib, ularning yuksak saviyali ijodkor bo’lib shakllanishi uchun zamin yaratishi lozimligini aytib o‘tdi.

Shu bilan birga, san’atkor birinchi navbatda insoniylik jihatdan boshqalarga o‘rnak bo‘lishi, bugun bo’lajak san’atkorlarga ta’lim berar ekanmiz, ularga odob-axloq hamda sahna madaniyatini ham o’rgatib borishimiz lozimligini, zarur bo’lsa bu borada semenarlar tashkil etish kerakligini aytib o‘tdi. Shuningdek, talabalarni amaliyot bilan uyg’unligini kuchaytirish, dual ta’limni yo’lga qo’yish borasida ham taklif va tavsiyalarini berib o’tdi.

Ta’kidlash joizki, yakuniy nazoratlarda ustozlar tomonidan ayni damda imtihon topshirayotgan talabalarning yutuqlari e’tirof etilishi barobarida, kelgusi ijodi uchun muhim bo’lgan ko’rsatmalar ham berib o’tilmoqda.

Shuningdek, jarayonda Nodirbek Sayfullayev institutda faoliyat yuritayotgan ovoz yozish studiyasidagi ijodiy jarayon bilan ham tanishdi. Studiyada mualliflik qo’shiqlarini yozib olayotgan «Folklor va etnografiya” ta’lim yo’nalishi 3-bosqich talabasi Bunyodjon Xabibullayev bilan ham suhbatlashdi.

Aytish o‘rinliki, ushbu talaba “Rektor va yoshlar uchrashuvi”da mualliflik qo’shiqlarini ushbu studiyada yozish uchun ruxsat so’ragan hamda ushbu taklif qo’llab-quvvatlangan edi.




Nodirbek Sayfullayev institutning Nukus filialiga tashrif buyurdi

O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev institutning Nukus filialiga tashrif buyurdi hamda filial professor-o’qituvchilari ishtirokida 2024-yil yakunlari hamda 2025-yilda о‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish bо‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yigʻilish o‘tkazdi.

✔️Yig‘ilish avvalida rektor hamda filial direktori Amanjol Ayapovlar filialda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar – Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha direktor oʻrinbosari Kuanishbay Yusupov, Ta’lim sifatini nazaroti bo‘limi boshlig’i Kuani’shbay Kalekeev, “Vokal” kafedrasi o‘qituvchisi Nurnazar Kallibekov hamda “Madaniyat faoliyati” kafedrasi o‘qituvchisi Gulbaxar Yeshbayevalarga Oliy attestatiya komissiyasining dotsentlik guvohnomasini topshirib, ularga ilmiy izlanishlarida ulkan zafarlar tiladi.

Shuningdek, Nodirbek Sayfullayev qoraqalpoq va o’zbek xalqlari azal azaldan bir tan-u bir jon bo’lib yashab kelayotgani, ikki xalqning madaniyati ham o’zaro uyg’un ekanligini, qoraqalpoq san’ati yurtimiz va jahonda ham o’z o’rniga ega ekanligini alohida qayd etdi.

Institut professor-o‘qituvchilarining filialda tashkil etilgan mahorat darslari kelgusi semestrda ham davom etishi, bundan ko’zlangan asosiy maqsad yurtimizda san’at va madaniyat ta’limini rivojlantirish ekanligini hamda kelgusida bu loyiha davomli bo’lishini, qamrovi va amalga oshiriladigan ish ko’lami kengayishini, kelajakda institutda tashkil etiladigan festivallar va yirik tadbirlarda albatta, filialdan ham vakillar ishtirok etishini aytib, Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, san’at va madaniyat sohasini rivoji uchun xizmat qilish sohada faoliyat olib borayotgan har bir xodimning burchi va vazifasi ekanligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda filial faoliyatini yanada takomillashtirish, o’quv-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy ilmiy-ijodiy jarayonlarni yanada jadallashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

❗️Tashrif davomida ayni paytda filialda davom etayotgan 2024/2025-o‘quv yili kuzgi semestridagi fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlarni ham kuzatib, tegishli taklif va tavsiyalarini berib o‘tdi.




“Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida davra suhbati bo’lib o’tdi.

Bugungi kunda yoshlar turli xil ma’lumotlar oqimiga duch kelmoqda. Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali ularga turli xil g’oyalar, fikrlar va ma’lumotlar taqdim etiladi. Bu oqim ichida ba’zi g’oyalar yot, zararli va jamiyat uchun xavfli bo’lishi mumkin.

❗️Yoshlarni yot g’oyalardan asrash – bu jamiyatning muhim vazifasidir. Ayni shu maqsadda bugun O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Din ishlari bo’yicha qo’mita vakili Shoxruh Jumayev ishtirokida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida davra suhbati bo’lib o’tdi.

✔️ Shoxruh Jumayev bugungi axborot texnologiyalari rivojlangan bir davrda axborotni saralash hamda turli xil yolg’on xabar bilan rost xabarni ajratish kabi masalalarda qanday yo’l tutish lozimligi haqida so’z yurtidi.

Davra suhbatida ta’kidlanganidek, bugun ma’lumotlar, ayniqsa, diniy ma’lumotlarni faqatgina rasmiy sahifalardan olish lozim.

❗️Shuningdek, tadbir yakunida mutaxassis talabalarni qiziqtirgan barcha savollariga ham batafsil javob berib o’tdi.