Yashil makonni birgalikda barpo etamiz

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti jamoasi tomonidan Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan hududda yurtimizda davom etayotgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi bo‘yicha kuzgi daraxt ekish mavsumida 200dan ortiq ko‘chat o‘tqazildi.

Tadbirda institut rahbariyati, taniqli san’at arboblari hamda tuman hokimligi vakillari bevosita ishtirok etdi.

«Xalqimizda ‘Yaxshidan bog‘ qoladi’, degan naql bor. Biz ham tabiatni asrab-avaylash hamda kelajak avlodning sog‘lom hayot kechirishi uchun o‘z hissamizni qo‘shishni maqsad qilganmiz. Barpo etilayotgan mazkur bog‘da xalqimiz suygan taniqli san’atkorlar, professor-o‘qituvchilarimiz ham jonbozlik ko‘rsatayotgani kishini behad quvontiradi. Nihollar parvarishi uchun mas’ullar tayilangan. O‘ylaymanki, mazkur hudud kelgusida ulkan bog‘ga aylanadi va bu bizda faxr tuyg‘usini uyg‘otadi» — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Eslatib o‘tamiz, ushbu xayrli tadbir ishtirokchilari uchun doshqozonda osh damlanib, konsert dasturi tashkil etiladi.




Tabiat — barchamizniki

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida «Yashil makon» umummilliy loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

«Tabiatni asrab-avaylashimiz hamda unga befarq bo‘lmasligimiz lozim. Negaki, tabiat barchamizniki. Biz barpo qiladigan yashil makon kelajak avlodning sog‘lom hayot kechirishi uchun zamin yaratadi» — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Yig‘ilish doirasida loyiha bo‘yicha savobli ishlar amalga oshirayotgan saxovatpesha insonlar uchun konsert dasturi tashkil etish masalasi ilgari surildi.

Shuningdek, kontrakt hamda talabalar turar joyi to‘lovlari holati bo‘yicha mas’ullar hisobotlari tinglandi.




O‘zDSMI rahbariyati kutubxona-axborot faoliyati va xalq ijodiyoti fakultetlari talabalari bilan davra suhbati o‘tkazdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov kutubxona-axborot faoliyati va xalq ijodiyoti fakultetlarining sirtqi ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalari bilan uchrashdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida institutda amalga oshirilayotgan islohotlar, oldinda turgan vazifalar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

«Yangi o‘quv yili bilan barchangizni tabriklayman. Ko‘pchiligingiz hayotdagi maqsadlaringizni belgilab olgan bo‘lsangiz kerak.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar barchaga kuch bag‘ishlashi lozim. Birgina madaniyat va san’at sohasida so‘nggi yillarda 100dan ortiq qaror va farmoyish imzolandi.

Albatta, sohani muammodan holi deb bo‘lmaydi. Misol uchun, ko‘pgina kutubxonalar hamon eskicha usulda faoliyat olib bormoqda. Ko‘pgina xorijiy mamlakat kutubxonalari to‘liq elektron tizimga o‘tgan. Biz ham ulardan ortda qolmaslikka harakat qilishimiz kerak.

Ortda qolayotgan yil davomida oliygohning ko‘pgina o‘qituvchisi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi, professorlar soni sezilarli darajada oshdi.

Kelgusida siz yoshlarning ham shunday yuksak darajaga chiqishingiz ishonaman, faqat bilim olishdan hamda intilishdan to‘xtamang. Buning uchun qanday yordam kerak bo‘lsa, ko‘mak berishga tayyormiz» — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Uchrashuv davomida sirtqi ta’lim yo‘nalishi talabalarini oliygohda muntazam faoliyati yo‘lga qo‘yilgan sport va san’at to‘garaklariga jalb etish, shuningdek, ichki turizm doirasida tarixiy qadamjolar, shuningdek, muzey va teatrlarga sayohat tashkil etish masalalari ilgari surildi.

Shu bilan birga, talabalarda mavjud muammolar o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.




O‘zDSMI professori xalqaro teatr san’ati festivalida hakamlar hay’ati a’zosi sifatida ishtirok etmoqda

Ozarbayjon Respublikasi Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar xalqaro teatr san’ati festivalida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Temur Rashidov faol ishtirok etmoqda.

Kun davomida uchtagacha spektakl namoyish etilib, hakamlar hay’ati tomonidan muhokama qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 30-oktyabrdan 5-noyabrga qadar davom etadigan festivalda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, O‘zbekiston, Turkiya va Turkmaniston teatr jamoalari qatnashmoqda.




O‘zDSMI o‘qituvchisi Turkiyadagi xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etdi

Turkiyadagi O’rdekli madaniyat markazida 30–31-oktyabr kunlari «Qardosh xalqlarning mohir qo’llari» nomli ko’rgazma o’tkazildi.

Ko’rgazmada xattotlik, koshin, ebru, vitraj, naqqoshlik va miniatyura, milliy qo’g’irchoq  sanʼati namunalari namoyish etildi.

Tadbirlarda Teatr san’ati fakulteti qo‘g‘irchoq teatr san’ati kafedrasi o‘qituvchisi Behzod Jo‘raboyev ham qatnashdi.

Ishtirokchilar uchun fotografiya va ebru san’ati bo’yicha amaliy mashg’ulotlar tashkil etildi.




O‘zDSMIda fransuz rejissyorlari tomonidan mahorat darslari o‘tkaziladi

Bugun Fransiya elchixonasi audiovizual hamkorlik boʻyicha attashesi Emanuel Fosiyon O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov bilan uchrashuv o‘tkazib, kino sohasida istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Muzokara davomida joriy yil so‘ngida institut talabalari uchun fransuz rejissyorlari tomonidan mahorat darslari o‘tkazish borasida kelishuvga erishildi.

Shu bilan birga, institutning fransuz oliygohlari bilan madaniyat va san’at sohasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish borasidagi taklifi ma’qullandi.




OʻzDSMI rahbariyati va talabalari Koreya madaniyati koʻrgazmasida ishtirok etdi

Koreya Respublikasining Toshkent shahridagi taʼlim markazida mamlakat tarixi, madaniyati, urf-odatlarini aks ettiruvchi koʻrgazma tashkil etildi.

Unda Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kim Xi Sang, shuningdek, Koreya taʼlim markazi direktori hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov ishtirok etdi.

Koʻrgazma ishtirokchilari imperiya davridagi Koreya atmosferasini aks ettiruvchi milliy liboslar va taomlar, tarixiy fotosuratlarga guvoh boʻlishdi.

Tadbir davomida koreys urf-odat va anʼanalariga oid mahorat darslari, shuningdek, konsert namoyishi oʻtkazildi. Jarayonda oliygohimizning isteʼdodli talabalari ham oʻz chiqishlari bilan qatnashdi.

Institutimiz rektori v.b. Eldor Shermanov va Kim Xi Sang oʻrtasida ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda turli loyihalarni amalga oshirish borasida samimiy suhbat boʻlib oʻtdi.

Oʻz navbatida, elchi janoblari oliygohimizda koreys madaniyat markazi tashkil etilganidan xursand boʻlganini hamda kelgusida taʼlim muassasamizga tashrif buyurishini taʼkidladi.

 




O‘zbek tili — milliy madaniyatimiz timsoli

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida O‘zbek tili bayrami munosabati bilan «O‘zbek tili — milliy madaniyatimiz timsoli» nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbir avvalida oliygoh rektori v.b. Eldor Shermanov so‘zga chiqib, barcha yurtdoshlarimizni til bayrami bilan tabrikladi.

«Barchangizga bugungi ulug‘ kun muborak bo‘lsin! Har bir millatning boshqa ramzlari qatorida o‘z tili bor va bu eng katta boyliklaridan biri hisoblanadi.

Har bir inson ona tilimiz rivoji yo‘lida o‘z hissasini qo‘shmog‘i darkor. O‘zbek tili jozibadorligi, ma’nodorligi, lug‘at boyligi bilan boshqa tillardan ajralib turadi.

San’at va madaniyat sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlar tilimizning keng qamrovga ega bo‘lishi hamda adabiy holda saqlanib qolishida juda katta vazifasini bajaradi.

O‘zbek tili abadiy bo‘lsin! Barchani ushbu shodiyona bilan yana bir bora muborakbod etaman!» — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Shuningdek, davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi Madaniyat masalalari bo‘yicha maslahatchisi Alparslan Akinji hamda Turkiya tijorat palatasii rahbari Serdar Keskin ham o‘z tabriklarini yo‘lladi.

«O‘zbekiston — turk xalqlari madaniyatining beshigi. O‘zbekiston va Turkiyaning tili, madaniyati, urf-odatlari juda o‘xshashdir. Turkiyada ham Toshkent tumani, Sayhun va Jayhun o‘lkalari bor. Bugungi shodiyonaga do‘stlarimiz bilan birga bo‘lish maqsadida tashrif buyurdik. Barchaningizni til bayrami bilan tabriklayman», — dedi Alparslan Akinji.

Tadbir konsert dasturi bilan davom etib, bir-biridan diltortar taronalar bilan mehmonlarni xushnud etdi. Tadbirdan so‘ng doshqozonda ehson oshi damlanib, institutning professor-o‘qituvchilari hamda talabalar turar joylarida istiqomat qiladigan yigit-qizlarga tarqatildi.